Instinktlar - hayvoning tabiiy ehtiyojlarini qondirish uchun qiladigan murakkab tug’ma harakatlaridir. Qushlar juda ustalik bilan in yasar ekanlar, material tanlash va inni pishiq qilib qurish yo’lida xilma-xil harakatlarni bajaradilar. Masalan, qaldirg’ochlarning in qurishi, Kalyushka deb ataluvchi baliqning erkagi suv tagida yerdan chuqurcha kovlab, uni mayda suv o’simliklari bilan to’sadi, inning yon devorini quradi va ustini berkitadi buni u yirik’roq o’simliklardan o’z tanasidan elimsimon modda chiqarib yasaydi. Shundan keyin erkak baliq urg’ochi balqni urug’ qo’yish uchun haydab kirgizadi va to urug’dan baliqchalar ochib chiqqunga qadar in atrofini qo’riqlab turadi. Rus zoopsixologi V.A.Vanger (1849-1934) urg’ochi o’rgimchakning nomaqul bo’lib qolgan instinktlari sharotida uning xatti-harakatlarini kuzatgan va tasvirlab bergan edi.
Chunonchi, ko’pincha o’rgimchak pillasining ichidagini zararkunandalar yeb ketgan bo’ladi. Lekin urg’ochi o’rgimchak bo’shab qolgan pillani qo’riqlashda va u yoqdan-bu yoqqa ko’chirishda davom etadi. Shunday hollar ham bo’ladi-ki, urg’ochi o’rgimchak pillani yasab va odatda tuxum qo’yish chog’ida bajariladigan harakatlarni bir necha marta takrorlab, amalda tuxum qo’ymasligi ham mumkin. Shunday bo’lsa-da, u kelgusi bosqichga, ya'ni bo’sh pillani qo’riqlashga va uni u yoqdan - bu yoqga ko’chirishga o’tadi. Asalarilar reaksiyasining maqsadga muvofiqligi ham nisbiydir. Agar mumkatakning orqa tomoni teshib qo’yilsa, asalari yaroqsiz uyaga ma'lum miqdordagi shirani to’kib bo’lgach, garchi uning ikkinchi tomonidan shira oqib ketadigan bo’lsa ham mum bilan berkitib ketadi. Fransuz tadqiqotchisi K.Fabri yer arisining bir qolipdagi maqsadga muvofiq bo’lmagan xatti-harakatini kuzatgan edi. Yer arisi uyasining oldiga chalajon chigirtkani keltirib, barcha arilar singari uyasini tekshirish uchun kirib ketganida tadqiqotchi uning o’ljasini yiroqqa surib qo’yadi. Ari uyasidan chiqib, uni izlab, shoshib yana uyasining oldiga qo’yadi va tekshirish uchun yana uyasiga kirib ketadi. Fabri arining uyasi oldidan chigirtkani qirq marta chetga surib qo’yadi va ari qirq martasida ham o’ljasini topib, uni olib kirish uchun uyasini tekshirgan. Bu misollar instinktning cheklanganligini ko’rsatadi. Instinktiv harakatlar muayyan shart-sharoitlarga qat'iy bog’liq bo’ladi. Instinktning amal qilish mexanizmi shundan iborat-ki, tashqi shart-sharoitlar reflektor munosabatni bildirishga undaydi, eng oxirida esa navbatdagi munosabat bildirish uchun qo’zg’aydi va hokazo. Shu tarzda reflekslarning butun bir zanjirini harakatga keltiradi va nasliy yo’l bilan mustahkamlangan dasturni amalga oshiradi. Instinktiv harakatlar standart shart-sharoitlar o’zgarishi bilanoq o’zining maqsadga muvofiqligini yo’qotadi. Shunday qilib, xatti-harakatlarning instinktiv shakllari faqat doimiy sharoitlardagina maqsadga muvofiqdir.
Hayvonlarning instinktlari turli xil ko’rinishda namoyon bo’ladi. Ovqatlanish instinkti - hayvonlarning o’zi va bolasi uchun ovqat qidirib topish, ovqat g’amlash harakatlaridir.