3. Yangilangan konstitutsiyaning hayotga tatbiq etilishi. Yangi tahrirdagi Konstitutsiya “Inson – jamiyat – davlat” paradigmasiga asoslangani, unda barcha aholi toifalarining, hatto jinoyat sodir etgan shaxslar huquq va manfaatlari aks etgani bilan oʻta muhim ahamiyatga ega. Muhim yangiliklardan biri Oʻzbekiston – huquqiy davlat sifatida belgilanayotganidir. Jumladan, inson huquq va erkinliklarini taʼminlash davlatning oliy maqsadi, deya eʼlon qilinar ekan, unda inson huquqlariga oid normalar 3 barobardan ortiqqa oshmoqda.
Inson huquq va erkinliklari qonunlarimiz, har bir vazirlik va idora faoliyati mazmuniga aylanishi qatʼiy talab sifatida belgilanyaptiki, bu hol davlat organlari hamda mansabdor shaxslarning faqat va faqat fuqarolar manfaatlarini koʻzlab faoliyat koʻrsatishiga asos boʻladi.
Qonunlardagi ziddiyatlar va noaniqliklar inson foydasiga hal boʻlishi shart va zarur. Bunga koʻra, qonunchilikdagi inson va davlat oʻrtasida munosabatlarni tartibga soluvchi noaniqliklar, turli tushunmovchiliklar bartaraf etiladi, fuqarolarning ortiqcha ovoragarchiliklari oldi olinadi.
Konstitutsiyada davlat organlari tomonidan insonga nisbatan qoʻllaniladigan huquqiy taʼsir choralari mutanosiblik prinsipiga asoslanishi va qonunlarda nazarda tutilgan maqsadlarga erishish uchun yetarli boʻlishi kerakligi mustahkamlanmoqda. Qonunchilikda belgilanmagan majburiyat hech kimning zimmasiga oʻz roziligisiz yuklatilishi mumkin emasligi qayd etilyaptiki, ushbu norma odamlar hayotini yanada yengillashtiradi.
Hujjat loyihasida Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi Oʻzbekistondan tashqariga majburiy chiqarib yuborilishi yoki boshqa davlatga berib yuborilishi mumkin emasligi belgilanmoqda. Bu norma fuqarolarimizning doimiy ravishda davlat himoyasida ekaniga ishonchini mustahkamlashga, oʻz yurtidan chiqarib yuborilishi yoki boshqa davlatga berilishi kabi holatlarning oldini olishga xizmat qiladi.
Inson huquq va erkinliklari kafolatlari sezilarli darajada kuchaytirilmoqda. Xususan, oʻlim jazosi taqiqlanmoqda. Oʻlim jazosi taqiqlanishi konstitutsiyaviy darajada belgilanishi insonni hayotdan hatto davlat ham mahrum etishga haqli emasligini kafolatlaydi.
Yashash huquqi har bir insonning ajralmas va tabiiy huquqidir. Oʻzbekistonda 2008-yildan barcha jinoyatlar uchun oʻlim jazosi bekor qilingan. Bu Konstitutsiyada emas, jinoyat qonunchiligida oʻz aksini topgan edi. Oʻlim jazosi taqiqlanishi konstitutsiyaviy darajada belgilanishi bilan davlatimiz bu oʻta jiddiy masalada hech qachon ortga qaytmasligini, insonparvarlik gʻoyalariga sodiqligini butun dunyoga namoyon qiladi.
Bugungi kunda 106 davlatda oʻlim jazosi barcha jinoyatlar uchun bekor qilingan. Ayrim davlatlar oʻz tajribasida oʻlim jazosini qonunlar bilan bekor qilsa-da, Konstitutsiyasida boʻlmagani bois, uni jazo sifatida qayta tiklash holatlari ham kuzatilgan.
Oʻzbekistonning Konstitutsiyaga kiritilayotgan qatʼiy pozitsiyasi mamlakatimizda inson hayoti va qadri yuqori darajada himoya qilinishini yana bir bor tasdiqlaydi. Bundan tashqari, hech kim qonunga asoslanmagan holda hibsga yoki qamoqqa olinishi, ushlab turilishi, qamoqda saqlanishi yoki uning ozodligi boshqacha tarzda cheklanishi mumkin emasligi, hibsga yoki qamoqqa olishga va qamoqda saqlashga faqat sudning qaroriga koʻra yoʻl qoʻyilishi belgilanyapti. Yaʼni shaxs erkinligini cheklash bilan bogʻliq har qanday harakat faqatgina sud qarori asosida amalga oshirilishi shart. Ushbu qoida tergov organlari tomonidan insonlarni noqonuniy hibsga olish, asossiz qamoqqa olish va saqlashga yoʻl qoʻymaslikka qaratilgandir. Bu orqali xalqaro eʼtirof etilgan “Xabeas korpus” institutining qoʻllanish koʻlami yanada kengayadi.
Yangi norma sud-tergov jarayonlarida huquqni muhofaza qiluvchi organlarni noqonuniy harakatlardan tiyib turishga, shaxs asossiz hibsga olinishi holatlarini bartaraf etishga, tergov davomida inson ozodligini cheklash bilan bogʻliq xatolarga yoʻl qoʻyilmasligiga xizmat qiladi. Pirovardida jinoyat ishi yurituvida inson qadr-qimmati, shaxsiy hayoti daxlsizligi, qonunga va sudga ishonchi, emin-erkin harakat qilish huquqi mustahkam kafolatlanadi.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada: “Shaxs sudning qarorisiz qirq sakkiz soatdan ortiq muddat ushlab turilishi mumkin emas. Shaxs ushlab turilgan paytdan eʼtiboran qirq sakkiz soat oʻtguniga qadar sudga ushlab turishning qonuniyligi va asosliligi toʻgʻrisidagi masala hal qilish uchun olib borilishi kerak. Agar ushlab turishning qonuniyligi va asosliligi sudda isbotlanmasa, shaxs darhol ozod qilinishi kerak”, degan norma belgilanmoqda. Bu qoida, birinchi navbatda, shaxsni asossiz va muddatsiz hibsga olishga yoʻl qoʻymaslik talabini taʼminlaydi.
Qamoq ehtiyot chorasining sudlar tomonidan qoʻllanilishi amaliyotiga kelsak, 2022-yilda tergov organlaridan sudlarga kelib tushgan jami 24 ming 118 iltimosnomadan 23 ming 503 tasi qanoatlantirilgan, 485 tasi rad etilgan, yaʼni 485 shaxsga nisbatan asossiz ravishda qamoq ehtiyot chorasi qoʻllanilishining oldi olingan.
Mazkur normaning Konstitutsiyada mustahkamlanishi shaxsning erkin harakatlanishga boʻlgan huquqining qatʼiy kafolati boʻladi va shaxs ushlab turilgan paytdan eʼtiboran qirq sakkiz soat oʻtguniga qadar sudga ushlab turishning qonuniyligi va asosliligi toʻgʻrisidagi masalani hal qilish uchun olib borish kerakligini qatʼiy belgilaydi, agar sud tomonidan shaxsni hibsga olish yoki unga nisbatan boshqacha turdagi ozodlikni cheklashga oid qaror qabul qilinmasa, shaxs darhol ozod qilinishi zarurligini anglatadi. Eng muhimi, ushbu norma insonning fundamental huquqlari sud orqali himoya qilinishi va shaxs erkinligi hamda daxlsizlik huquqining konstitutsiyaviy kafolati sifatida xizmat qiladi.
Bundan tashqari, yangi tahrirdagi Konstitutsiya sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatini fuqarolarni jazolovchi yondashuvdan inson huquqlarini hurmat qiluvchi va himoyalovchi, poymol qilingan huquqlarni tiklovchi, ragʻbatlantiruvchi yondashuvga oʻzgartirmoqda.
Shaxsni birinchi marta ushlash chogʻida unga tushunarli tilda huquqlari va ushlab turilishi asoslari tushuntirilishi shartligi, ayblanuvchi va sudlanuvchilarga oʻziga qarshi koʻrsatma bermaslik (xalqaro eʼtirof etilgan “Miranda qoidasi”), sukut saqlash huquqi berilmoqda.
Aynan protsessual ushlash vaqtida inson ogʻir ruhiy holatga tushadi va huquqiy yordamga muhtoj boʻladi. Chunki u bunday ogʻir vaziyatda jinoyatda aybdor yoki aybsizligini isbotlash majburiyati oʻziga emas, aksincha, toʻliq tergov organlariga yuklatilganini anglay olmaydi. Tergov organlari tomonidan kimdir qoʻlga olinganida, u nima uchun ushlangani aytilmasligidan shikoyatlar koʻp. Natijada fuqarolar huquqlari qoʻlga olingan vaqtning oʻzidayoq xavf ostida qoladi. Afsuski, fuqarolar oʻz huquqlarini yaxshi bilmagani va hech kim ularga buni aniq va batafsil tushuntirmagani uchun tergov jarayonida qonunga zid holatlar kuzatiladi. Bu salbiy holatlarning oldini olish maqsadida rivojlangan davlatlar Konstitutsiya va qonunlarida aks etgan “Miranda qoidasi” Oʻzbekiston Konstitutsiyasiga ham kiritilmoqda.
“Miranda qoidasi”ga binoan, ushlangan shaxs sukut saqlash, soʻroq jarayonida advokati ishtirokini talab qilish va boshqa huquqlarga egaligi sodda tilda shaxsga ilk soniyalardayoq tushuntiriladi. Yaʼni yangi tahrirdagi Konstitutsiyada jinoiy taʼqibga olingan shaxslarni davlat organlari hamda mansabdor shaxslar oʻzboshimchaligidan himoyalashning deyarli barcha usullari aks etmoqda.
Har kimning yozishmalari, telefon orqali soʻzlashuvlari, pochta, elektron va boshqa xabarlari sir saqlanish huquqiga egaligi belgilanmoqda. Bunday huquqlarning cheklanishiga yoki uy-joyda tintuv oʻtkazishga faqat qonunga muvofiq va sudning qaroriga asosan yoʻl qoʻyilishi mustahkamlanmoqda.
Har kim oʻz huquq va erkinliklarini qonunda taqiqlanmagan barcha usullar bilan himoya qilishga haqliligi belgilanyapti. Ushbu qoidaning mazmun-mohiyati shundaki, fuqarolar oʻz buzilgan huquq va erkinliklarini, oʻzgalar huquqlarini buzmagan holda, mustaqil himoya qilish huquqiga ega. Yagona shart – fuqarolar tomonidan oʻzini himoya qilishda qoʻllaniladigan usullar yoki choralarning qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boʻlishi.