Konstitutsiyaviy huquq va erkinliklar doirasi kengaymoqda. Har kimga buzilgan huquq va erkinliklarini tiklash uchun uning ishi qonunda belgilangan muddatlarda vakolatli, mustaqil hamda xolis sud tomonidan koʻrib chiqilishi huquqi kafolatlanyapti.
Xulosa Shu bilan birga, birinchi marotaba har kim Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligiga va xalqaro shartnomalariga muvofiq, agar davlatning huquqiy himoyaga doir barcha ichki vositalaridan foydalanib boʻlingan boʻlsa, insonning huquq va erkinliklarini himoya qiluvchi xalqaro organlarga murojaat etishga haqli ekani belgilanib, inson huquqlarini himoya qilish borasida mutlaqo yangicha yondashuv – xalqaro huquqiy institutlarga murojaat qilish imkoniyati yaratilmoqda. Bu fuqarolarning huquq va erkinliklari himoyasi nafaqat milliy qonunchilikda belgilangan normalar, balki xalqaro huquq asosida ham himoyalanishini taʼminlaydi.
Konstitutsiyada har kim oʻz shaxsiga doir maʼlumotlarning himoya qilinishi huquqiga, shuningdek, notoʻgʻri maʼlumotlar tuzatilishini, oʻzi toʻgʻrisida qonunga xilof yoʻl bilan toʻplangan yoki huquqiy asoslarga ega boʻlmay qolgan maʼlumotlar yoʻq qilinishini talab qilish huquqiga ega ekani mustahkamlanmoqda.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada aholimiz kutayotgan yangiliklardan yana biri – xususiy mulk daxlsizligi, mulkdorlar huquq va qonuniy manfaatlar himoyasi kuchaytirilayotgani. Mamlakatimizda barcha mulk shakllarining teng huquqliligi va huquqiy jihatdan himoya qilinishi qatʼiy belgilanib, davlat qulay investitsiyaviy va ishbilarmonlik muhitini taʼminlashi boʻyicha qoida mustahkamlanmoqda. Mazkur norma iqtisodiyotga toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiya jalb etishni ragʻbatlantirish, investorlar ishonchini oshirish, tadbirkorlar huquqlari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishni taʼminlaydi.
Konstitutsiyada ilk marotaba yer xususiy mulk boʻlishi mumkinliginazarda tutilmoqda. Ushbu norma haqiqiy inqilobiy yangiliklardan biri sifatida mulkchilik munosabatlaridagi boʻshliqni toʻldirdi. Shu bilan birga, hech kim sudning qarorisiz va qonunga zid tarzda uy-joyidan mahrum etilishi mumkin emasligi, uy-joyidan mahrum etilgan mulkdorga uy-joyning hamda u koʻrgan zararning oʻrni qonunda nazarda tutilgan hollarda va tartibda oldindan hamda teng qiymatda qoplanishi taʼminlanishi belgilanyapti.