Beixtiyor esda qoldirishda qiziqish katta rol o`ynaydi. Bizning oldingi tajribamiz bilan bog`liq narsa va hodisalar beixtiyor oson esda qoladi. Biz ba`zi bir faktlarni bilsak, ular haqida tushunchaga ega bo`lsa, shu faktlarga tegishli bo`lgan hamma narsalar oson esda qoladi.
Ixtiyorsiz esda qoldirish inson hayotida katta ahamiyatga ega bo`lib, undan ortiqcha harakat talab qilmagan holda hayotiy tajribalarni kengaytiradi va boyitadi. Biroq ixtiyorsiz esda qoldirish tez bo`lsa ham ko`pincha noaniq bo`ladi, bunday esda olib qolingan narsa va hodisalar keyinchalik yanglish esga tushiriladi.
Psixologiya fanida esda olib qolishning quyidagi turlari mavjud:
Ma`lumot, xabar, taassurot, axborot va materiallarni eshitish orqali idrok qilish hamda esda olib qolish.
Egallash yoki o`zlashtirish zarur bo`lgan materiallarni ko`rib idrok qilish yordamida esda olib qolish.
Materiallarni harakat yordamida va eshitish orqali idrok qilish hamda esda olib qolish.
Aralash holatda esda olib qolish, eshitish, ko`rish, harakat kabilar orqali idrok qilish va esda olib qolish yoki bir nechta ta`sir etuvchilar yordamida aks ettirish.
Mana shu yo`llar orqali eshitish, ko`rish, eshitish harakat, kombinotorlashtirilgan (aralash) turlari yordamida xotiraning qaysi turi ustunroq yoki qaysi biri bo`sh ekanligini aniqlash mumkin.
Esda olib qolishda assosiasiyalarning ahamiyati muhimdir. Buning uchun esda olib qolish jarayonining bog`lanishlari paydo bo`lish sur`atini aniqlash maqsadida ular xususiyatlariga binoan quyidagi:
Sabab oqibat bog`lanish.
Bo`lak va yaxlit munosabati.
Qarama-qarshilik munosabati.
Inkor etish holati.
Adekvat yoki aniqlik turlarga ajratiladi.
Esda olib qolish inson faoliyatining xususiyatiga bevosita bog`liqdir. A.A.Smirnov, P.I.Zinchenko tajribalari shuni ko`rsatadiki, esda olib qolish u yoki bu faoliyatdagina samarali bo`lishi mumkin. A.A.Smirnovning tajribalarida tekshirishlarga qaraganda ikki xil faoliyat taklif qilinsa, birinchi holda ular ma`noli matnni esda olib qolish nazarda tutiladi. Sinaluvchilar matnni yodlar ekanlar, materiallar ustida hech qanday faol ish olib bormaganlar. Ikkinchi holda esa esda olib qolish vazifasi qo`yilmaydi-yu, lekin matn ustida muayyan ish olib borish unda uchraydigan ma`noviy xatolarni aniqlash taklif etiladi. Ikkinchi holda esda olib qolish ancha samarali bo`lganligi aniqlangan.
Esda olib qolish jarayonida o`zlashtirilayotgan materialning ma`noga ega bo`lishi yoki bo`lmasligi muhimdir. Assosiativ psixologiya maktabining vakili, taniqli psixolog G.Ebbingauz jahon psixologiyasida birinchi bo`lib 1885 yilda oliy ruhiy jarayon bo`lgan xotirani, 1888 yilda intellektni ilmiy tajriba metodi negizida tekshirdi va keng ko`lamda turmushga tatbiq etdi. U xotira jarayonini tajriba orqali tekshirishning asosiy yo`nalishini ishlab chiqdi. Xotirani "sof" ko`rinishda o`rganishga harakat qilib ma`no kasb etmaydigan bo`g`inlardan foydalandi. Uning bu tadqiqoti kishining mantiqiy xotirasi emas, balki mexanik xotirasiga nisbatan qo`llanishiga xos to`g`ri yo`nalishdir.
Rus psixologlari tadqiqotlarining natijalari ma`noga ega bo`lgan materialni o`zlashtirishda esda olib qolish uchun turli xil yo`nalish, ko`rsatma berish muhim ahamiyat kasb etadi, degan fikrni tasdiqlaydi. A.N.Leontev, S.L.Rubinshteyn, P.A.Ribnikov va boshqalar bolalarning xotira faoliyatini o`rganganlar. Shuningdek, ular o`qish faoliyatiga asoslangan holda maktab o`quvchilarida tekshirish ishlarini olib borganlar.