4 – mavzu Surxon vohasiga xos chorvachilik bilan bog’liq an’analar va marosimlar Reja :
1 .Anʼanaviy chorvachilik xoʼjaligi va uning turlari
2 .Vohada chorvachilikning voha hududlari boʼyicha joylashishi.
3. Chorva mollarini boqish va parvarish qilish
O‘zbeklar qadim davrlardan chorvachilik bilan shug‘ullanib kelganlar. Ammo o‘troq aholi bilan yarim o‘troq aholi orasida turli xildagi chorva xo‘jaligi mavjud bo‘lgan. Ilgari ko‘chmanchi bo‘lgan qabilalardan Movarounnahr turklari, Dashti qipchoqdan kelib joylashgan ko‘chmanchi o‘zbeklar yarim o‘troq holda yashab chorvachilik bilan shug‘ullanganlar. Ayniqsa qo‘ng‘irot, loqay, qarluq, turk kabi yirik qabilalarning avlodlari chorvador hisoblanganlar. Ular bahorda qo‘ylar bolalaganidan keyin podani tog‘va adirlardagi yaylovlarga yoki dasht o‘tloqlariga haydab chiqqanlar. Odatda yaylovlarda ayollar va o‘smirlar bo‘lgan, erkaklar vodiyda dexqonchilik ishlari bilan band bo‘lib, vaqti - vaqti bilan yaylovga chiqib oziq - -ovqat yetkazib turganlar. Ular asosan yaylov chorvachiligida qo‘y - qo‘zilarni boqqanlar.
Yarim o‘troq o‘zbeklar qo‘ychilikka alohida mehr qo‘ygan va bu uzoq, tarixiy an’anaga ega. Xalq orasida tarqalgan turli afsona va rivoyatlarda qo‘y jannatdan keltirilgan, deb hikoya qilinadi. Hozirgacha cho‘ponlar o‘zining risolasi va piriga ega. Ularning piri Cho‘pon ota hisoblanib, cho‘pon bo‘lish xudoning marhamati, shuning uchun u juda hurmatli kasb deb qaralgan. O‘zbek chorvachiligida qorako‘lchilikka ayniqsa e’tibor katta bo‘lgan, dumbali qo‘ylar ham ko‘p boqilgan. Qorako‘l qo‘ylari asosan tekisliklardagi yaylovlarda boqilgan. Kuzga yaqin hosil yig‘ilganidan keyin podalar yaylovlardan qaytarilib qishloqdagi maxsus ajratilgan qo‘tonlarda saqlangan.
Ular qishloq atrofidagi dalalarda boqilib, kechalari qo‘tonlarda to‘plangan. Keyingi bahorda qo‘y - qo‘zilar yana yaylovlarga chiqarilgan. Undan oldin qo‘ylarning birinchi marta junini qirqishgan, keyin uzoq, yaylovlarga ko‘chilgan. Qo‘ylarning dumbali hisori nasllari ayniqsa Janubiy O‘zbekistonda va Tojikistonda ko‘proq bo‘lgan. Ular ko‘proq tog‘liyaylovlarda kuzning o‘rtalarigacha boqilgan, keyin vodiyga haydab keltirilib, kuzgi junni qirqib va qochirib bo‘lgach qishloq atrofidagi o‘tloqlarda va og‘ilxonalarda boqilgan.
Ekstensiv xo‘jalik sharoitida chorvachilikka e’tibor zo‘r bo‘lgan va uzoq, davr to‘plangan amaliy tajribaga tayangan holda avloddan - avlodga yetib kelgan. Elda mashhur cho‘ponlar avlodi mavjud bo‘lgan. Kambag‘al oilalar odatda 10-15 xo‘jalikka birikib atoqli cho‘ponlardan yollab tayinlangan va ularga yordamchi sifatida ikki - uch o‘g‘il bola ajratilgan. Cho‘pon mehnati uchun shartnoma asosida qo‘y, natura mahsulot yoki pul bilan hisoblashgan.
Qo‘ychilik asosan sotishga mo‘ljallangan. Dasht tumanlarda qorako‘lchilik rivojlangan va bozorlarga chiqarilgan. Qorako‘l terilarini ilgari maxsus savdogarlar o‘z vakillari orqali terib olganlar, barra go‘shti shahar (qishloq) bozorlariga chiqarilgan. Qorako‘l go‘shtlari juda shirin bo‘lganligi uchun ular tirik holda shahardagi qassoblarga keltirib sotilgan. Ularning junini qirqib ba’zan shahardagi o‘zbeklarga og‘ilxonada boqishga yoki maxsus cho‘ponlarni yollab topshirganlar. Podalarni Ko‘hitang va Bobotog‘ tog‘ tizmalaridagi yozgi yaylovlarda boqib avgust oyidan shahar bozoriga chiqara boshlaganlar. Katta boylar ham molfurushlik qilganlar.
Qo‘y juni ham bozorga chiqarilgan. Undan ayrim xo‘jaliklarda kigiz, palas, gilam, qop na xurjun tayyorlangan vaqisman savdo qilingan. Qo‘y terisidan po‘stin va telpak, shuningdek to‘shama, mesh, sanoch va boshqa uy - ro‘zg‘or buyumlari yasalgan. Ko‘pchilik o‘zbeklar echki go‘shtini «sovuqlik» deb iste’mol qilganlar. Uning junidan xo‘jalikda zarur arqon va ip eshilgan, terisidan poyabzal tikilgan, mesh xamda sanoch ishlab chiqilgan. Keyingi yillarda angor echkilarini parvarish qilish avj oldi. Bunday echkilarning juni yuqori sifatli bo‘lib, ulardan ajoyib gilamlar va tivit ro‘mollar to‘qilgan.
Dehqonchilikda yirik shoxli mollardan eng zarur ish kuchi sifatida xo‘kizlarni alohida parvarish qilganlar. Qo‘ychilikdagidek, yirik shoxli mollar ham maxsus o‘troq dexqonlar tomonidan xarid qilgan. Surxon vohasida ko‘prok qo‘y go‘shtini iste’mol qilganlar. Tuy - ma’rakalarda buzoq va g‘unajinlar so‘yilgan.
O‘zbekistonda qadimgi davrlardan yilqichilik ham ancha rivojlangan. Afsonaviy otlar xalq ijodida, doston va rivoyatlarda, shoirlar va baxshilar tilida kuylangan. Otlar minish, aravaga qo‘shish hamda yuk tashish uchun parvarish qilingan. O‘zbeklarda ko‘chmanchi elatlardagidek yilqilar uyuri, ya’ni biyalar to‘dasi bo‘lmagan ammo yuqori sifatli ot navlariga qizikish zo‘r bo‘lgan. Xozirgacha saqlanib kelgan afsonaviy otlar nafaqat rivoyatlarda, toponimik (masalan, Xazorasp) va diniy e’tiqodlarda (totemistik Tasavvurlarda) ham namoyon bo‘lgan. Sharqiy Buxorodagi ayrim qabilalarda (loqay, marqa va x. k ) uyurli otlar saqlangan. Ko‘pincha otlar Samarqand, Buxoro, Qashqadaryo va qo‘shni o‘lkalarda sotilgan. Mahalliy aholi ayniksa qorabayir, loqay kabi navlarni parvarish qilgan.
Dasht va saxro zonasida yashovchi o‘zbeklar tuyachilik bilan shug‘ullanganlar. Tuyalardan asosan yuk tashishda, ba’zan xo‘jalik ishlarida, ko‘proq karvon savdosida foydalanilgan, Tuyalar odatda dashtda cho‘ponsiz boqilgan, uncha parvarish talab qilinmaydigan mol. Undan tuya egasi jun, sut va go‘sht olgan. O‘zbekistonning janubida asosan bir o‘rkachli, shimoliy tumanlarida esa ikki o‘rkachli nor tuyalar parvarish qilingan.
O‘troq ziroatchilik bilan shug‘ullanuvchi o‘zbeklarda chorvachilik uncha rivojlanmagan, chunki sug‘orma yer tanqisligidan xashak yetmagan. Mahalliy dehqonlar oz sonli sigir, echki va qo‘yni sut, qatiq va go‘sht uchun, ot va eshakni minish va yuk tashish uchun parvarish qilganlar. Ot - arava va xo‘kizlar ko‘prok boy - baquvvat oilalarda bo‘lgan. Ishchi hayvonlar ham asosan boylarda bo‘lib kambag‘al dexqonlar ulardan korandaga olib ishlatganlar. O‘troq axoli o‘z mollari va qo‘y - echkilarini jamoa bo‘lib maxsus yollangan cho‘ponlarga boqtirgan yoki og‘ilxonada saqlab boqqanlar. Kambag‘al oilalarda minish, yuk tashish va boshqa xo‘jalik ishlarida eshak yoki xachirdan foydalanilgan.
Parrandachilik o‘zbeklarda keng tarqalmagan. Ammo ko‘p oilalarda ular go‘sht va tuxum uchun saqlangan. Tovuq go‘shtli, saryog‘da pishirilgan palov tansiq taomlardan hisoblangan. Hozirgi davrda an’anaviy chorva xo‘jaliklari jamoa va davlat xo‘jaliklarida biriktirilgan va zamonaviy texnika va yem - xashak bilan ta’minlangan. Yakka xo‘jaliklarda qo‘y - echki, parranda va mol parvarish qilinadi. Shaharda yem - xashak yetmasligidan chorva faqat ayrim xo‘jaliklarda, shaxsiy xovlilarda mavjud. Ayniqsa tog‘etagi va dasht tumanlaridagi yirik jamoa xo‘jaliklarida chorvadorlik muhim soha hisoblanadi va unga e’tibor ham katta. Paxtakor tumanlarda ham chorvachilikka imkoniyati boricha e’tibor berish talab etiladi.
Surxondaryo viloyatida qorako‘lchilik ancha rivojlangan. Bu yerda maxsus jamoa xo‘jaliklari mavjud. Surxondaryo viloyatdagi ba’zi jamoa xo‘jaliklarida chorvachilik an’analari saqlangan. Ular qo‘shni Turkmanistonva Tojikiston yaylovlaridan ham foydalanadilar. Echkichilik butun viloyatda tarqalgan.