4 –mavzu Falsafiy tafakkur tarakkiyot bosqichlari: G’arb falsafasi


- masala. Yangi davr falsafasining tabiiy-ilmiy asoslari



Yüklə 97,7 Kb.
səhifə4/21
tarix18.11.2022
ölçüsü97,7 Kb.
#69735
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   21
4...- мавзу маруза матни

5- masala. Yangi davr falsafasining tabiiy-ilmiy asoslari. XVIII asrdan boshlab tabiatshunoslik jadal sur’atlarda rivojlanadi. Dengizlarda kemalarning yurish ehtiyojlari astronomiyaning rivojlanishini, shaharsozlik, kemasozlik, harbiy ish – matematika va mexanikaning rivojlanishini belgilaydi. Yangi fan avvalo moddiy ishlab chiqarish amaliyotiga: to’qimachilik sanoatida mashinalar ixtiro qilinishiga, ko’mir va metallurgiya sanoatida ishlab chiqarish qurollarining takomillashuviga tayanadi. E.Torrichelli havo bosimi mavjudligini eksperimental yo’l bilan aniqladi, simobli barometr va havo nasosini ixtiro qildi. I.Nyuton mexanikaning asosiy qonunlarini, shu jumladan butun olam tortishish qonunini ta’rifladi. R.Boyl kimyoda mexanikani qo’lladi, kimyoviy element tushunchasini ishlab chiqdi. Ingliz fizigi U.Gilbert magnit xossalarini va uning amalda qo’llanilishini o’rgandi. V.Garvey qon aylanishini kashf etdi va uning rolini empirik usulda tadqiq etdi. R.Dekart va G.Leybnis matematika, mexanika, fizika va fiziologiyaning rivojlanishiga ulkan hissa qo’shdi. Ijtimoiy fanlarda tabiiy huquq nazariyasi ishlab chiqildi (Angliyada T.Gobbs, Gollandiyada G.Grosiy).
Fanning bunday rivojlanishi o’z davrining falsafasiga ham ta’sir ko’rsatmay qolmadi. Falsafada sxolastika va dindan uzil-kesil ajralish yuz berdi: diniy aqidalarning hukmronligiga, cherkovning ta’siri va tazyiqiga qarshi kurashda aqlning har narsaga qodirligi va ilmiy tadqiqotning cheksiz imkoniyatlari haqidagi ta’limot vujudga keldi.
Yangi davr falsafasiga avvalo tabiatshunoslikdan kelib chiqadigan kuchli materialistik tendensiya xos.
XVII asrda Yevropaning yirik faylasuflari qatoriga F.Bekon, T.Gobbs va J.Lokk (Angliya), R.Dekart (Fransiya), B.Spinoza (Gollandiya), G.Leybnis (Germaniya) kiradi.
Yangi davr G’arb va Sharq falsafasidagi asosiy muammolar (ontologiya va gnoseologiya). Yangi davr, avvalo XVII asr falsafasida ontologiya, ya’ni borliq va substansiya haqidagi ta’limotga katta e’tibor beriladi (ayniqsa harakat, makon va zamon to’g’risida so’z yuritilganda).
Fan va falsafaning vazifasi – insonning tabiat ustidan hukmronligini kuchaytirishga, inson sog’lig’i va go’zalligiga ko’maklashish hodisalarning sabablarini, ularning muhim kuchlarini o’rganish zarurligi anglab yetilishiga olib kelgan. Shu sababli substansiya va uning xossalari muammolari Yangi davrning deyarli barcha faylasuflarini qiziqtirgan.
Bu davr falsafasida «substansiya» tushunchasini tavsiflashga nisbatan ikki xil yondashuv paydo bo’lgan: birinchi yondashuv substansiyani borliqning chegaraviy asosi sifatida ontologik tushunish bilan, ikkinchi yondashuv – «substansiya» tushunchasini, uning ilmiy bilim uchun zarurligini gnoseologik jihatdan anglab yetish bilan bog’liq.
Birinchi yondashuv asoschisi – ingliz faylasufi Frensis Bekon (1561-1626) substansiya shakllarining xususiyatlariga tavsif bergan va substansiyani muayyan narsalar shakli bilan ayniylashtirgan. Uning fikricha, materiya sariqlik, moviylik, qoramtirlik, iliqlik, og’irlik va boshqa shunga o’xshash xossalarga ega. Bular materiyaning eng sodda xususiyatlaridir. Bu xossalarning turli birikmalaridan tabiatning rang-barang narsalari vujudga keladi.
Materiyaning sifat jihatidan har xilligi haqidagi ta’limotni F.Bekon o’zining shakl va harakat haqidagi ta’limoti bilan quvvatlagan. Uning talqinida shakl – bu narsaga xos bo’lgan xususiyatning moddiy mohiyati. U Platon va Aristotelning shakl haqidagi mushohadalari bilan bahsga kirishadi. Bekon fikriga ko’ra, shakl – jismni tashkil etuvchi moddiy zarralar harakatining turi. Ammo bu zarralar atomlar emas. F.Bekon qadimgi faylasuflarning materiyaning atomistik tuzilishi haqidagi ta’limotiga, ayniqsa bo’shliqning mavjudligi haqidagi ta’limotga salbiy yondashadi. U makonni bo’shliq deb hisoblamagan: Bekon uchun makon materiyaning doimiy o’rni bilan bog’liq bo’lgan. Amalda u makonni moddiy obyektlarning ko’lamliligi bilan ayniylashtirgan. Vaqtni Bekon moddiy jismlar tezligining obyektiv o’lchovi sifatida tavsiflagan. Vaqtning mohiyatini tushunishga nisbatan mazkur yondashuv diqqatga sazovordir, zero vaqt materiyaning moddiy jismlarda yuz beruvchi o’zgarishlarning davomliligidan iborat bo’lgan va bu o’zgarishlarning sur’atini tavsiflaydigan ichki xossasi sifatida e’tirof etiladi. Shunday qilib, vaqt harakat bilan uyg’un bog’lanadi.
Bekon fikriga ko’ra, harakat – materiyaning tug’ma xossasi. Materiya qanday abadiy bo’lsa, harakat ham shunday abadiydir. U harakatning tabiatdagi 19 turi yoki shaklini qayd etgan: tebranish, qarshilik, inersiya, intilish, kuchlanish, hayot ruhi, azoblanish va b. Bu shakllar amalda o’sha davrda fanda ayniqsa mukammal o’rganilgan materiya harakati mexanik shakllarining xususiyatlari bo’lgan. Ayni vaqtda F.Bekon moddiy dunyoning ko’p sifatliligini o’rganish va tushuntirishga harakat qilgan.
F.Bekonning materialistik qarashlari boshqa bir ingliz faylasufi Tomas Gobbs (1588-1679) tomonidan tizimga solingan va rivojlantirilgan. Gobbs materiyaga birdan-bir substansiya sifatida yondashgan, barcha hodisalar, narsalar, jarayonlarni bu substansiyaning namoyon bo’lish shakllari deb hisoblagan. Materiya – abadiy, jismlar va hodisalar – o’tkinchi: ular vujudga keladi va yo’q bo’ladi. Fikrlashni materiyadan ajratib bo’lmaydi, zero materiyaning o’zigina fikrlaydi. Jismsiz tana bo’lmaganidek, jismsiz substansiya ham bo’lishi mumkin emas. Aynan materiya barcha o’zgarishlar subyekti hisoblanadi.
Barcha moddiy jismlar ko’lamlilik va shakl bilan tavsiflanadi. Ularni o’lchash mumkin, chunki ular uzunlik, kenglik va balandlikka ega. F.Bekondan farqli o’laroq, Gobbsda materiya sifat ko’rsatkichlariga ega emas: u materiyani matematik va mexanik sifatida miqdor jihatidan o’rganadi. Unda materiya dunyosi rang, hid, ovoz kabi xossalardan mahrum. T.Gobbs talqinida materiya go’yo geometrik tus oladi va sifat jihatidan bir jinsli, rangsiz narsa tarzida, miqdoriy kattaliklarning muayyan tizimi sifatida namoyon bo’ladi. Harakatni u faqat mexanik nuqtai nazardan tushunadi. Makon va zamon muammolarini o’rganishga nisbatan Gobbs materialistik nuqtai nazardan yondashadi.
T.Gobbs o’zining dunyo haqidagi falsafiy qarashlarida deist sifatida ish ko’radi. Ammo uning asarlarida ateistik xususiyatga ega bo’lgan fikrlarga ham duch kelish mumkin. Masalan, u Xudo – inson tasavvurining mahsuli, degan fikrni ilgari suradi. «Tabiiy va siyosiy qonunlarning elementlari» asarida, «Falsafa asoslari» trilogiyasi («Jism haqida», «Inson haqida», «Fuqaro haqida»)da, shuningdek «Leviafan» asarida Gobbs tabiiy aloqalar va qonuniyatlar rolini takror-takror qayd etadi. Ayni vaqtda T.Gobbs Xudoni odamlar hayotidan butunlay chiqarmaydi: uning fikricha, Xudo «hamma narsani ko’rguvchi va hamma narsani boshqaruvchi», «u barcha sabablarning birinchisi»dir. Gobbs Xudo voqyealarning tabiiy oqimiga aralashmasligini qayd etadi.
Substansiyaning bekoncha va gobbscha monistik talqiniga fransuz faylasufi va matematigi Rene Dekart (1596-1650) o’zining dunyoning dualistik talqinini qarshi qo’yadi.
Dekart bir-biriga bog’liq bo’lmagan ikki birinchi asos: nomoddiy yoki «fikrlovchi» substansiya va moddiy yoki «ko’lamli substansiya» mavjudligini taxmin qiladi. Bu ikki substansiya parallel mavjuddir. Ularni o’rganish bilan metafizika va fizika shug’ullanadi. Metafizika avvalo ma’naviy substansiyani, u bilan bog’liq bo’lgan bilish va borliq tamoyillarini o’rganadi. Fizika tabiat falsafasini tadqiq etadi. U dunyoning vujudga kelishi, Yerda hayotning rivojlanishi (tabiat qonunlariga muvofiq) haqidagi ta’limotni o’z ichiga oladi, hayvonlar va inson tanasining tuzilishini mexanika qonunlariga bo’ysinuvchi murakkab mashinalar sifatida o’rganadi (R.Dekart asarlaridan biri «Hayvon – mashina» deb ataladi).
Dekart ilgari surgan kosmogoniya haqidagi ta’limot zamirida quyosh sistemasining tabiiy rivojlanishi g’oyasi yotadi. Uning fikricha, bu rivojlanish materiya va uning turli jinsli zarralari harakati bilan belgilanadi. Dekart materiya mustaqil ijodiy kuchga ega deb hisoblaydi. Harakatni Dekart mexanik jarayon – jismlarning makonda ko’chishi sifatida tushunadi. Shunday qilib, R.Dekart o’z-o’zi bilan ziddiyatga kirishadi: u makonni jismning ko’lamliligi sifatida tan oladi, lekin harakatni jismlarning boshqa jismlarga nisbatan ko’chishi sifatida tushunadiki, bu makonni bo’shliq sifatida tan olishni anglatadi.
R.Dekartning substansiya haqidagi dualistik ta’limotiga zid o’laroq, gollandiyalik faylasuf Benedikt (Barux) Spinoza (1632-1677) dunyo haqidagi monistik ta’limotni yaratdi. Uning monizmi panteizm ko’rinishida namoyon bo’ladi: o’z ontologiyasida Spinoza Xudo va tabiatni ayniylashtiradi, bunda Xudo yaratuvchi tabiat va yaratilgan tabiat sifatida amal qiladi. Ayni vaqtda B.Spinoza birgina moddiy substansiya mavjud bo’lib, uning asosiy atributlari ko’lamlilik va fikrlashdir, degan fikrni ilgari suradi. Shunday qilib, butun tabiat u Xudo bo’lgani uchungina emas, balki unga fikrlash xos bo’lgani uchun ham jonli hisoblanadi. Spinoza butun tabiatni jonlantirib, shu tariqa gilozoist-faylasuf sifatida ham namoyon bo’ladi.
U moddiy substansiya atributlari ham materiya kabi abadiydir: ular hech qachon vujudga kelmaydi va yo’q bo’lmaydi deb hisoblagan. Faylasuf substansiyaning konkret holatlari – moduslarga ko’p e’tibor beradi. U moduslarni ikki guruhga ajratadi: abadiy, cheksiz moduslar va muvaqqat, chekli moduslar. Cheksiz moduslar substansiya atributlari – fikrlash va ko’lamlilik bilan, chekli moduslar esa - qolgan barcha narsalar va hodisalar bilan belgilanadi.
Spinoza harakat hech qanday ilohiy turtki mahsuli emasligini isbotlashga harakat qiladi. Uning fikricha, tabiat «o’z-o’zining sababi» bo’lib, harakat uning mohiyati va manbai hisoblanadi. Ammo harakat Spinozada atribut emas, balki modusdir. Bunda harakat muayyan narsalarda kuzatiladi, substansiya esa harakatlanish va o’zgarish qobiliyatidan mahrum va vaqtga mutlaqo bog’liq emas.
Ayni vaqtda Spinoza – izchil determinist. U hodisalarning yuz berishi, mavjudligi va yo’q bo’lishi zamirida obyektiv sabablar yotadi, deb hisoblagan. Uning fikricha, sababiyat ikki xil: ichki (immanent) va tashqi (mexanik) bo’ladi. Ichki sababiyat substansiyaga, tashqi sababiyat – moduslarga xos. Spinoza sababiy bog’lanishlarnigina emas, balki tasodif, zaruriyat va erkinlik munosabatlarini ham determinizm nuqtai nazaridan o’rganadi. O’zining «Etika» asarida u tasodifni zaruriyat bilan bir qatorda mavjud bo’lgan obyektiv hodisa sifatida e’tirof etadi.
Spinoza ilgari surgan g’oyalar o’sha davrda fanda hukm surgan teleologizm (tabiatda Xudo ato etgan maqsadga muvofiqlik)ga qarshi qaratilgan.
Nemis olimi va faylasufi Gotfrid Vilgelm Leybnis (1646-1716) Spinozaning substansiya tushunchasiga faol kuch yoki «tashabbuskorlik» tamoyilini qo’shimcha qilgan. O’zining «Monadologiya» asarida u moddiy hodisalarni bo’linmas, sodda ma’naviy birliklar – monadalarning namoyon bo’lishi deb e’lon qilgan. Bo’linmas monada ko’lamlilik xususiyatiga ega emas va makonda joylashmaydi, chunki makon cheksiz darajada bo’linuvchandir. Monada – faol kuchning nomoddiy, ma’naviy markazi. Monadalar umrboqiy va yo’q bo’lmasdir, ular tabiiy yo’l bilan vujudga kelishi yoki halok bo’lishi mumkin emas. Ular tashqi ta’sir ostida ham o’zgarmaydi. Har qanday ayrim monada – bu jon va tananing birligi. Monada ma’naviy mohiyatining sirtdagi ifodasi sondir.
Faoliyat, harakat – monadaning xossasi. Tabiatni mexanika qonunlari bilangina tushuntirish mumkin emas, maqsad tushunchasini ham kiritish lozim, deb hisoblaydi Leybnis. Uning fikricha, har bir monada o’zining barcha harakatlari asosi va ayni vaqtda ularning maqsadidir. Jon – jismning maqsadi, ya’ni u erishishga harakat qiluvchi mo’ljal.
Leybnis monadalarni uch toifaga ajratadi: hayot monadalari, jon monadalari va ruh monadalari. Shundan kelib chiqib u barcha murakkab substansiyalarni uch guruhga ajratadi: hayot monadalaridan noorganik tabiat vujudga keladi; jon monadalaridan hayvonlar yaraladi; ruh monadalaridan odamlar bino bo’ladi.
Substansiya tushunchasini tahlil qilishga nisbatan gnoseologik yondashuvga ingliz faylasufi Jon Lokk (1632-1704) asos solgan. U g’oyalar va tushunchalarning manbai tashqi dunyo, moddiy narsalardir, degan tezisni isbotlashga harakat qilgan. Uning fikricha, moddiy jismlarga sof miqdor xususiyatlarigina xos. Materiya sifat jihatidan rang-barang emas: moddiy jismlar bir-biridan kattaligi, shakl-shamoyili, harakati va osoyishtaligi bilangina ajralib turadi. Bular – «birlamchi sifatlar». «Ikkilamchi sifatlar» - bu hid, ovoz, rang, ta’m. Ular narsalar bilan uzviy bo’lib tuyuladi, lekin amalda bunday emas: narsalarda bunday sifatlar yo’q. Ular, Lokk fikriga ko’ra, subyektda «birlamchi sifatlar» ta’sirida vujudga keladi.
«Birlamchi» va «ikkilamchi» sifatlarni ajratish hozirgi zamon bilimi nuqtai nazaridan sodda va noilmiy hisoblanadi. Ammo u subyektiv idealizm namoyandalari tomonidan o’zlashtirilgan va o’zining tadrijiy yakuniga yetkazilgan: «birlamchi sifatlar», «ikkilamchi sifatlar» bilan bir qatorda, subyektga bog’liq bo’lmagan, obyektiv mazmunga ega emas, deb e’lon qilingan.
Masalan, materializm, ateizm va deizmga ochiq-oydin qarshi chiqqan ingliz faylasufi, yepiskop Jorj Berkli (1685-1753) har qanday sifatning obyektiv asosini rad etgan va amalda ularni inson sezgilariga tenglashtirgan. Berkli fikriga ko’ra, amalda avvalo «jonlar», ularni yaratgan Xudo, shuningdek Xudo odamlar joniga joylagan «g’oyalar» yoki sezgilar mavjud. Berkli tashqi dunyodagi obyektivlikni subyektivlik bilan bog’laydi: u barcha narsalarni sezgilarning «uyg’unliklari» bilan bog’laydi. Berkli uchun idrok etish mumkin bo’lgan narsalargina mavjuddir. U barcha narsalar Xudoning aqlida zohir, degan fikrni ilgari suradi.
Ingliz faylasufi Devid Yum (1711-1776) ham, J.Berkli kabi, substansiyaning materialistik talqiniga qarshi chiqib, ontologiya muammolarini yechishga harakat qilgan. U moddiy va ma’naviy substansiyaning amalda mavjudligini inkor etgan, lekin substansiya «g’oyasi» mavjud, deb hisoblagan. Substansiya «g’oyasi» deganda u ilmiy bilimga emas, balki oddiy bilimga xos bo’lgan inson «idroklari majmui»ni tushungan.
Yangi davr falsafasi bilish nazariyasi (gnoseologiya)ning rivojlanishida ulkan qadam tashladi. Falsafa ilmiy metodi, insonning tashqi dunyoni bilish metodologiyasi, tashqi va ichki tajriba aloqalari bosh muammolarga aylandi. Olinayotgan barcha bilimlar tizimining o’zagi hisoblangan haqqoniy bilimni olish vazifasi qo’yildi. Bu vazifani hal qilishning turli yo’llarini tanlash gnoseologiyaning ikki asosiy yo’nalishi – empirizm va rasionalizm paydo bo’lishini belgiladi.
Bilishning empirik metodi asoschisi F.Bekondir. U tajribaga asoslangan fanlar, kuzatish va eksperimentga alohida e’tibor bergan. Bilimlar manbai va ularning haqiqiyligi mezonlarini u tajribada ko’rgan. Bilishga tashqi dunyoning inson ongidagi in’ikosi sifatida yondashar ekan, u bilishda tajriba hal qiluvchi rol o’ynashini qayd etgan. Ammo faylasuf bilishda aqlning rolini ham inkor etmagan.
F.Bekon falsafasining davomchisi T.Gobbs ham gnoseologiyada asosan empirik va sensualist bo’lgan (hissiy bilishni bilishning asosiy shakli deb hisoblagan). Insonga moddiy jism ta’siri natijasida vujudga kelgan sezgini u bilishning birinchi amali deb hisoblagan. Fikrlashni u tushunchalarni qo’shish yoki ayirish deb hisoblagan, unga o’z matematik metodini to’la tatbiq etgan.
J.Lokk inson ongining mazmunini hissiy tajribadan keltirib chiqarishga harakat qilgan. Lokk sensualizmining noizchilligidan Berkli foydalangan va sirtdagi tajriba omilidan butunlay voz kechgan.
XVII asr bilish nazariyasidagi rasionalizm R.Dekart, B.Spinoza va G.Leynis ta’limotlaridan iborat.
R.Dekart o’zining «Metod haqida mulohazalar» asarida bilimlar manbai va ularning haqiqiyligi mezonini tashqi dunyodan emas, balki inson aqlidan qidirish lozim, degan xulosaga keladi. Uning fikricha, intellektual intuisiya yoki sof mushohada – bilishning tayanch nuqtasi. Barcha g’oyalarni Dekart ikki guruhga ajratadi: sezgilar ta’sirida tug’ilgan g’oyalar va tug’ma g’oyalar. Tug’ma g’oyalar mutlaqo ishonchlidir. Ularning qatoriga Dekart Xudo g’oyasi, matematik aksiomalar va shu kabilarni kiritadi. Masalan, barcha mavjud narsalarga shubha bilan qarash kashfiyotga yo’l ochuvchi mutlaqo ishonchli asos, metod yoki vosita hisoblanadi. Ayni shu sababli Dekart hissiy narsalar, matematik haqiqatlar va hatto «hamma narsaga qodir Xudo»ning mavjudligiga shubha bilan qaraydi. Ammo, hamma narsaga shubha qilgan va hamma narsani inkor etgan holda, u shubhalanuvchi fikrning mavjudligiga shubha qilmaslik kerak, degan xulosaga keladi. Shu tariqa u fikrlash birdan-bir ishonchli faktdir, deb xulosa chiqaradi: «Fikrlayapman, demak, yashayapman».
B.Spinoza bilishning uch turini farqlaydi: faqat mujmal va haqiqiy bo’lmagan tasavvurlar beruvchi hissiy bilish; moduslar haqida bilim olish uchun imkoniyat yaratuvchi aql yordamida bilish; bilishning eng oliy shakli – haqiqatga yo’l ochuvchi intuisiya. Intuitiv yo’l bilan aniqlangan haqiqatlar (aksiomalar)dan deduktiv yo’l bilan – matematika metodlari yordamida qolgan barcha xulosalar chiqariladi.
Leybnis falsafasida rasionalizm va empirizmning uyg’unligi oqilona asosda namoyon bo’ladi. «Inson aqli haqida yangi tajribalar» asarida u Lokkning ilgari sezgilarda mavjud bo’lmagan narsa aqlda mavjud emas, aqlning o’zi bundan mustasno, degan tezisini tanqid tig’i ostiga oladi. Barcha haqiqatlarni u zaruriy haqiqatlar (aql haqiqatlari) va tasodifiy haqiqatlar (fakt haqiqatlari)ga ajratadi. Aql haqiqatlari qatoriga Leybnis substansiya, borliq, sabab, harakat, ayniyat tushunchalarini, mantiq tamoyillari, matematika tamoyillari va axloqiy tamoyillarni kiritadi. Uning fikricha, bu haqiqatlar manbai faqat aqldir.

Yüklə 97,7 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   21




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin