4.2. Psixologiya metodlari.
Har bir fan taraqqiyotining asosiy sharoitlaridan biri uning ma’lum darajada mumkin qadar ob’ektiv, aniq ishonchli uslublarga ega ekanligidir. Metod − uslubning ma’nosi biror narsaga borish yo‘li demakdir. Umuman psixologiyada inson psixikasini tadqiq qilishda metodlarning turli tasnifi mavjuddir. Tadqiqot metodlarini ilmiy jihatdan tahlil qilgan rus psixologi B.G. Ananev mazkur metodlarni xususiyatlariga qarab klassifikasiya qilgan.
B.G. Ananev psixikani o‘rganish metodlarini turli guruhga ajratib, o‘rgangan:
A) tashkiliy guruhga − qiyoslash, longityud, kompleks metodlari kiradi;
B) empirik guruhga − kuzatish, eksperiment, suhbat, so‘rovnoma, test, faoliyat mahsulini o‘rganish metodi, biografiya, sotsiometriya;
V) natijalarni qayta ishlash yoki statistik metodlar;
G) sharhlash guruhiga genetik va donalash metodlari kiradi.
B.G. Ananev tomonidan ajratilgan klassifikatsiyaga ko‘ra, tadqiqot ishlarida foydalaniladigan asosiy metodlar empirik guruh metodlari hisoblanadi. Shunday bo‘lsada boshqa guruh metodlariga ham qisqacha to‘xtalib o‘tamiz.
Tadqiqot metodlarining birinchi tashkiliy guruhi o‘z ichiga qiyoslash, longityud (uzluksiz), kompleks (ko‘pyoqlama) deb ataladigan turlarni qamrab oladi.
Qiyoslash metodidan umumiy psixologiya, ijtimoiy psixologiyada katta yoki kichik guruhlarni hamda ularning har xil toifalarini o‘zaro taqqoslash uchun, tibbiyot psixologiyasida – sog‘lom va bemor kishilarning psixik xususiyatlarini qiyoslash maqsadida, sport psixologiyasida sportchilarning holati, o‘quvliligini va ishchanligini o‘zaro taqqoslash maqsadida foydalaniladi.
Qiyoslash metodi turli yoshdagi odamlarning bilish jarayonlari shaxs xususiyatlari, bilimlarni o‘zlashtirish, aqliy qobiliyati, salohiyati, rivojlanish dinamikasi, jinslarning tafovutlari va o‘ziga xosligini o‘rganishda qo‘llaniladi. Psixolog olimlardan L.S. Vigotskiy, P.P. Blonskiy, A.A. Smirnov, B.G. Ananev, D.B. Yelkonin, P. Galperin va ularning shogirdlari olib borgan tadqiqotlar (chaqaloqlik, go‘daklik, ilk bolalik, kichik maktab yoshi, o‘smirlik, o‘spirinlik yosh davrlarini o‘zaro solishtirish) shu metoddan foydalanib amalga oshirilgan.
Longityud metodining boshqa metodlardan farqi bir yoki bir nechta sinaluvchilar uzoq muddat, hatto o‘n yillab tekshiriladilar. Longityud metodidan nemis psixologi V. Shtern, fransuz psixologi R. Zazzo, rus psixologlari N.A. Menchinskaya, A.N. Gvozdev, N.S. Leytes, V.S. Muxina va boshqalar ko‘p yillardan beri foydalanmoqdalar.
Mazkur metod orqali bir xil jinsli (Hasan-Husan, Fotima-Zuhra yoki aralash jinsli Hasan-Zuhra, Fotima-Husan) egizaklar kuzatilgan. Longityud metodi yordamida sub’ektiv omillarning o‘ziga xosligini ob’ektiv shart-sharoitlari va ijtimoiy muhitning sinaluvchiga ta’siri o‘rganiladi. Chunonchi, egizaklarning o‘xshashligi va tafovuti, ta’sirlanishi, his-tuyg‘uni o‘zgarishi kishilar o‘rtasidagi individual farqlar (ishchanligi, temperamenti, oliy nerv faoliyati tizimi va hokazo) bo‘yicha ma’lumotlar olish longityud metodi orqali amalga oshiriladi.
Kompleks metodi yordamida o‘rganilgan ob’ektdagi o‘zgarishlar turli nuqtai-nazardan tahlil qilinadi yoki ularga har xil yondashiladi. Masalan, bolada oddiy bilimlarni o‘zlashtirish xususiyati psixologik jihatdan tekshirilayotgan bo‘lsa, kompleks yondashish ta’sirida ana shu o‘zlashtirishning falsafiy, mantiqiy, fiziologik, ijtimoiy, biologik xususiyatlari yoritiladi. Aytaylik, keksayishning biologik omillarini o‘rganish, uning psixologik, fiziologik, mantiqiy jihatlarini yoritishga xizmat qiladi.
Ilmiy tadqiqot metodlarining uchinchi guruhi natijalarni qayta ishlash bo‘lib, ular statistik (miqdor) va psixologik (sifat) tahlil turlariga bo‘linadi.
Ilmiy tadqiqot metodlarini sharhlash guruhi genetik va donalash metodlaridan iboratdir.
Genetik metod bilan tadqiqot davomida tugallangan ma’lumotlar yaxlit holda, maqsadga muvofiq tarzda sharhlanadi. Bu metoddan foydalanishning asosiy maqsadi sinaluvchida vujudga kelayotgan ichki, jamiki obrazlarning rivojlanishi, faoliyat va bilish jarayonlarining o‘zgarishiga tajriba natijasiga suyanib ta’rif va tavsif berishdir. Shuningdek, bunda mazkur fazilat va xususiyatlarning namoyon bo‘lish davri, bosqichi hamda ba’zi mashaqqatli daqiqalarga, holatlarga qo‘shimcha sharhlar berish imkoniyati tug‘iladi.
Genetik metodga asoslanib psixik o‘zgarishlar bilan rivojlanish bosqichlarining bevosita bog‘liqligi ildizi aniqlanadi.
Donalash metodi tadqiqot ob’ektiga kirgan shaxs psixikasidagi barcha o‘zgarishlardagi o‘ziga xoslik, o‘zaro aloqa, o‘zaro ta’sir va uyg‘unlikning o‘zaro bog‘lanishlari o‘rganiladi. Jumladan, inson xulqini idrok qilish uchun sezgi, idrok, xotira, tafakkur jarayonlarining bir paytda, birgalikda tadqiq qilinishi bunga yorqin misoldir. Bunda har bir bilish jarayonining usuli ifodalanadi yoki uning ahamiyati alohida ta’kidlanadi, ularning o‘zaro bog‘liqligi asoslab beriladi.
Empirik metodlar guruhi o‘z navbatida ikkiga, ya’ni asosiy va yordamchi metodlarga bo‘linadi. Asosiy metodlarga kuzatish va eksperiment metodlari kirsa, yordamchi metodlarga suhbat, so‘rovnoma, test, sotsiometriya va faoliyat mahsulini tahlil qilish kabi metodlarni kiritish mumkin.
Dostları ilə paylaş: |