Magnoliyasimonlar sinfi (Magnoliopsida) Bu sinfning o’ziga xos belgilari ularning kurtagi ikki urug‘pallali bo’lishi; asosiy ildizining yaxshi rivojlanganligi; poya kambiy qatlamining bo’lishi; nay bog‘lamlarining ochiqligi, gullari 5 doirali tipda bo’lishi va gulqo’rg‘onlarining ko’pincha qo’sh qo’rg‘onli bo’lishidir, sinf bir necha sinfchalarga, sinfchalar esa qabilalarga, qabilalar esa oilalarga bo’linadi
Magnoliyakabilar sinfchasi Magnoliyadoshlar (Magnoliaseae) oilasi Bu oila vakillari asosan daraxt, buta o’simliklari bo’lib, bargi katta, navbat bilan joylashgan. Bu oilaning ba’zi vakillari ikkilamchi yog‘ochli naychalarga ega emas. Suvo’tkazuvchi elementlari traxeidlardan tashkil topgan. O’simlik po’stloqlarida, bargida efir moyli bezlar bo’ladi. Guli ikki jinsli, gulqo’rgoni yirik, ular odatda oq yoki pushti rangli.
Bu oilaning ko’p tarqalgan magnoliya turkumi vakili hisoblangan magnoliya daraxti (Magnolia grandiflora) doimo yashil, ba’zilari barglarini to’kadi. Asosan Shimoliy Amerika va Janubiy - sharqiy Osiyoda tarqalgan.
Magnoliyadoshlar oilasining boshka vakillari sifatida lola daraxtini (Liriodendron tulipifera)ni ko’rsatish mumkin. Bu o’simlik turi Shimoliy Amerikaning g‘arbi-janubiy qismida va boshqa turi Xitoyda o’sadi. Bu daraxtning gullari sirtdan lolaga birmuncha o’xshaydi-ku, lyokin rangi loladek ochiq bo’lmaydi. Xarakterli shakldagi barglarining uchida o’tkir uchli to’rt pallasi bor, barg uchi katta kertikli bo’ladi. Lola daraxtining yog‘ochi asboblar tayyorlash uchun juda bop. Bu tur Qora dengiz bo’yida dekorativ daraxt o’rnida o’stiriladi. Osiyoda, jumladan, Amur-Ussuriya o’lkasi o’rmonlarida limonnik (Schizandra dunensis)uchraydi, bu o’simlikning mevalari kuchli qo’zg‘atadigan va quvvatga kirgizadigan bo’ladi. Xitoyda o’sadigan Illicium verum ning mevalari “yulduz simon arpabodiyon” degan dorivor o’simlik o’rnida ishlatiladi. I. anisatum degan boshqa turning mevalari-zaxarlidir. Magnoliyadoshlarning ko’pchiligi dekorativ o’simliklar o’rnida o’stiriladi.
Magnoliyalar oilasi eng qadimgi o’simliklardan biridir, bo’r davriga taalluqli bo’lgan qazilma qoldiqlar shundan guvohlik beradi. Oddiy novdaga xos ko’pgina belgilarni saqlab qolgan oddiy tuzilishli gullar, shuningdek, boshqa morfologik belgilar bu oilaning qadimgi o’simliklar vakili ekanligidan dalolat beradi. Bundan tashqari, magnoliyadoshlarning ba’zi vakillari (Drimys)ning yog‘och qismida suv naylari yo’q, shunga ko’ra suvo’tkazuvchi elementlar hoshiyador teshikchali traxeidlardangina iborat bo’ladi, shu belgisi bilan yog‘ochlik qismi ninabargliklarning yog‘och qismiga juda o’xshab ketadi.