Darvinizm nazariyasi Tadrijiylik doirasidagi Darvin ta’limotiga ko‘ra insonning kelib chiqishi va mavjudligi tirik dunyodagi tabiiy tanlanish, irsiyat va o‘zgaruvchanlik omillari bilan belgilanadi. Charlz Robert Darvin «Tabiiy tanlanish yo‘li bilan turlarning kelib chiqishi yoki yashash uchun kurashda maqbul zotlarning saqlanishi» (1859), «Madaniy o‘simliklarning va uy hayvonlarining o‘zgarishi» (1859), «Madaniy o‘simliklar va uy hayvonlarining o‘zgarishi» (2 jildlik, 1871), «Inson va hayvonlarda emotsiyaning ifodalanishi» (1878) va boshqa asarlarida tirik tabiatning tadrijiy qiyofasini ishlab chiqdi. Biologiyaviy tushuntirish me’yorlari va ideallarini qayta qurdi. Darvinizm ta’limoti maydonga kelganda genetika fani to‘la shakllanib bo‘lmagan edi. Shuning uchun ham unda insonning biologiyaviy, ruhiy va ijtimoiy jihatlari o‘z aksini topmagan.
Vernadskiy va Teyar de Sharden nazariyasi Bu nazariyaga ko‘ra moddiy obyektlar harakati maqsadga yo‘naltirilgan tarzda kechadiki, inson bu jarayonga nafaqat tortilgan, balki o‘zida uni ifodalaydi. Bu nazariyaga ko‘ra, olamdagi butun mavjudot ruh uchqunlaridan tashkil topgan. Olam hodisalari oddiydan murakkabga tomon, pastdan yuqoriga qarab doimo o‘zgarishdadir. Bunda ular o‘zaro bog‘liqlikda bo‘lib, miqdoriy yoki sifatiy tomonlari bir-biriga o‘tib turadi. «Barcha sohalarda, – ta’kidlaydi olim, – qandaydir miqdor yetarli darajada kuchaysa, ularning ko‘rinishi, holati yoki tabiati keskin o‘zgaradi: qiyshiqlik harakat yo‘nalishini o‘zgartiradi, tekislik nuqtaga aylanadi, barqarorlik yo‘qoladi, suyuqlik qaynaydi, butun bo‘laklarga ajraladi. Bu nazariyadagi, diniy asosda bo‘lsa-da, amal qiladigan qat’iy determinizm tadrijiylikda hech qanday tasodifga o‘rin qoldirmaydi
Mehnat nazariyasi Mehnat nazariyasi tarafdorlari insonga tirik mavjudotlar ichida alohida maqom berib, uning kelib chiqishini sakrashlar, inqilobiy jarayonlar tarzida talqin etadi. Mehnat nazariyasiga ko‘ra insonning maymundan qanday kelib chiqqanligini asoslash muammoligicha qolmoqda. Bunda, ayniqsa, insonning maymundan uchta asosiy farqi – tik yurishi, qo‘llarining rivojlanganligi hamda katta hajm va vaznga ega bo‘lgan miyaga egaligi o‘z izohini talab qilmoqda.
Olimlar, jumladan, fransuz atropologi Buje da Pert qo‘yilgan
masalaning javobini inson ilk ajdodlarining mehnat qurollarini yasash
faoliyatidan topishga harakat qildi. Tik yurishni izohlashda esa yashash
muhitining o‘zgarishi, masalan, inson ajdodlarining o‘rmondan keng
tekislikka chiqishi yoki qoyali joyda hayot kechirishiga o‘tish va h. k.
bilan bog‘liq omillarni asos qilib oladi. Miyaning hajmi va og‘irligi hamda qo‘llarning rivojlanishi to‘g‘risida ham ko‘pdan ko‘p o‘zaro yaqin bo‘lgan qarashlar ilgari surildi.