Skeptitsizm ta’limot sifatida, hech shubhasiz, zararlidir, chunki u insonning bilish borasidagi
deyarli barcha imkoniyatlarini kamsitadi.
Bilimga chanqoq bo’lgan, bilishga harakat qilayotgan odam optimist: «Men buning
nimaligini bilmayman, biroq bilishga umid qilaman», deydi. Agnostik esa, «Men buning
nimaligini bilmayman va hech qachon bila olmayman», deb ta’kidlaydi. YUzaki skeptitsizm,
ko’r-ko’rona fanatizm kabi, dunyoqarashi tor odamlarda ko’p uchraydi. F.Laroshfuko ta’biri
bilan aytganda, kaltabin odamlar odatda o’z dunyoqarashi doirasidan chetga chiqadigan hamma
narsani qoralaydi. Biroq oqilona darajadagi skeptitsizm foydali va hatto zarur. Bilish usuli
sifatida skeptitsizm shubha shaklida amal qiladi, bu esa haqiqatning tagiga yetish sari tashlangan
qadamdir. SHubha eskirgan, qotib qolgan aqidalarning tagiga suv quyadi, ularga putur yetkazadi.
U – rivojlanayotgan fanning muhim unsuri. Bilimsizlik qayd etadi va inkor qiladi, bilim –
shubhalanadi.
Biroq bu uch yo’nalishni farqlash, bizningcha, masalani soddalashtirishdan boshqa narsa
emas. To’g’ri, agnostiklar dunyoni bilish mumkinligini inkor etadilar, ammo bu ko’r-ko’rona,
hech narsaga asoslanmagan inkor etish emas. Ular ko’rsatayotgan ko’pgina savollarga chindan
ham hali javob topilmagan. Agnostitsizmga olib keluvchi asosiy muammo shundan iboratki,
narsa yoki hodisani bilish jarayonida bu narsa yoki hodisa albatta bizning tafakkur va sezgi
a’zolarimizda aks etadi. Bu narsa yoki hodisa bizning tafakkur va sezgi a’zolarimizda aks etish
natijasida qanday ko’rinish kasb etgan bo’lsa, biz ular haqida shunday ma’lumotga ega bo’lamiz.
Narsalar va hodisalar aslida qanday ekanligini biz bilmaymiz va bilishimiz mumkin ham emas.
Qarshimizda bosh-adog’i yo’q dunyo yastanib yotadi, biz esa unga o’z formulalarimiz
modellarimiz va tushunchalarimiz bilan yaqinlashib, cheksizlikni o’z tasavvurlarimiz bilan ilg’ab
olishga harakat qilamiz. Tushunchalar, kategoriyalar va nazariyalar «tugunlari»ni qay darajada
qattiq qilib tugmaylik, dunyoni tushunib yetishga shu yo’sinda da’vogar bo’lishimiz to’g’rimi?
Bundan chiqdi, biz o’z bilish usullarimiz bilan chegaralangan dunyoda yashaymiz va olam
haqida haqqoniy bir gap aytishga qodir emasmiz.
Biroq bilish fanining rivojlanishi agnostitsizmning bu amaliy xulosasini har qadamda rad
etadi. Masalan, pozitivizm asoschisi O.Kont insoniyat Quyoshning kimyoviy tarkibini
aniqlashga qodir emas, deb ta’kidlagan edi. Biroq keyinchalik spektral analiz yordamida Quyosh
tarkibi aniqlandi. XIX asr fanining ba’zi bir namoyandalari atomlar amalda mavjud emas, ular
faqat tafakkur mahsuli, deb hisoblar edi. Biroq E.Rezerford atomlar amalda mavjud ekanligini
isbotlab berdi, oradan yarim asr o’tgach, genlarning keng kimyoviy tarkibi aniqlandi.
SHunga qaramay, bugungi kunda ham agnostik xulosalarni neopozitivizm, fenomenologiya,
ekzistensializm, pragmatizm va hokazolarda kuzatish mumkin. Ularning agnostitsizmi nafaqat
gnoseologik xususiyatga ega bo’lgan sabablar, ichki mantiq bilan, balki ma’lum darajada
D.YUm va O.Kont falsafasi boshlab bergan an’ana bilan ham belgilanadi. Agnostsizm haqida
so’z borar ekan biz beixtiyor I. Kantga murojaat qilamiz
Kant agnostitsizmining qisqacha mazmuni quyidagicha: biz biladigan narsa (fenomen) va
o’z holicha mavjud bo’lgan narsa (noumen) mutlaqo har xildir. Biz hodisalar mohiyatini qay
darajada teran anglamaylik, bizning bilimimiz baribir o’zicha mavjud bo’lgan narsalardan farq
qiladi. SHunday qilib, I. Kant fikricha, bizning ongimiz, hissiyotimiz, tafakkurimizga bog’liq
bo’lmagan narsalar olami mavjud. Uni faylasuf «narsa o’zida» sifatida ta’riflaydi. I.Kantning
fikricha, bilish jarayoni «narsa o’zida»ning sezgi a’zolarimizga bevosita ta’siri ostida his-
tuyg’uning uyg’onishidan boshlanadi. Vaholanki, his-tuyg’ular, tushuncha va hukmlar o’z
holicha «narsa o’zida» haqida muayyan nazariy bilim berishga qodir emas. Lekin bundan
ishonchli bilim yo’q ekan, degan xulosaga kelmaslik kerak. Matematika va tabiatshunoslik aynan
shunday ishonchli bilim manbaidir. Ammo ular qay darajada ishonchli bo’lmasin, «narsa o’zida»
haqidagi haqiqiy bilim bo’la olmaydi. Kant bizning tafakkurimizda shakllangan tushunchalar
«narsa o’zida»ni qay darajada to’g’ri yoki noto’g’ri aks ettira oladi, degan savolga aniq javob
mavjud emas, deb ta’kidlaydi.
Dostları ilə paylaş: