3. Bolalar nutqini o‘stirish va savodga tayyorgarlik. Nutq o‘stirish va savodga tayyorlash mini muhitiga M. Montessori va boshqalarning nutq o‘stirish bo‘yicha mashg‘ulotlar o‘tkazishning turli uslublarini qo‘yish mumkin. Hozir maktabgacha yoshdagi bolalarni o‘qishga o‘rgatish to‘g‘risida munozaralar o‘tkazishayapti. Amaliyot shuni ko‘rsatadiki, tarbiyachi metodik jihatdan ishni to‘g‘ri tashkil etishi lozim. To‘g‘ri tashkil etilgan o‘yin faoliyati orqali bolalar harflar bilan o‘ynashadi, o‘qishga o‘rganishadi, so‘zlar yozilgan turli tuman kartochkalardan, yirik bosma shriftlar, chiroyli rasmlardan foydalanishadi. M.Montessorining shiori – «Menga o‘zim bajarishim uchun yordam ber, men o‘zim bajaraman». Tarbiyachi doim mehribon, sabr-toqatli, bolani to‘g‘ri yo‘lga yo‘naltirishi, o‘zining shaxsiy namunasi bilan nima qilish va qanday qilish lozimligini ko‘rsatishi lozim. U bu yerda ustoz emas, balki voqealarning qatnashchisi sifatida ishtirok etadi: faqat bolalarni qiziqtira olishi lozim. O‘zaro bir-birini tushunish, anglash va muhabbat tuyg‘usi asosida muloqot olib boriladi. Tabassum, imo-ishora bilan kichkintoyni qo‘llabquvvatlab turadi, ko‘proq uni maqtaydi. Tarbiyachining ichki dunyosi bilan kichkintoyning ichki tuyg‘usi o‘rtasida mustahkam o‘zaro bog‘liqlik mavjud, tarbiyachining madaniyat darajasi qanchalik yuqori bo‘lsa, bolaning madaniyat darajasi shunchalik yuqori bo‘ladi. Bunday jarayon davrida tarbiyachi ham, bola ham shakllanadi, bu esa hamma uchun hissiy qulaylik yaratadi, shuningdek, ota-onalarni ham ijod qilishga yo‘naltiradi. Ijodiy rivojlantiruvchi muhitning samarasi kichkintoyning umumiy taraqqiyotiga, ijodiy tafakkuriga, mustaqilligiga ta’sir ko‘rsatuvchi shart-sharoitgagina bog‘liq emas, balki tarbiyachining bola bilan bo‘ladigan muloqotiga, vaziyatga, beriladigan topshiriqlarga, ularni berish usullariga ham bog‘liq. Bolalarga ta’lim-tarbiya berish bir tartibda o‘tmaydi. Tarbiyachi bolalarning taraqqiy etish dinamikasini kuzatib borishi, lozim bo‘lsa, yordam ko‘rsatishi lozim. Ammo bunda bolaning psixikasiga nisbatan yutuqlari darajasi dastur talablari bilan solishtirilmaydi. Tajribalar shuni ko‘rsatadiki, yuqorida ko‘rsatilgan shart-sharoitlarda psixikasi sog‘lom bola sezilarli darajada an’anaviy davlat ta’lim standartlaridan o‘zib ketadi, rivojlanishida nuqsoni bo‘lgan bolalar esa o‘z yoshlariga mos yetarlicha bilim va malakalar oladilar. Yuqori darajada olinadigan bilimlar darajasi har bir bolaning individual imkoniyatlariga bog‘liq. Ijodiy–rivojlantiruvchi muhitni to‘g‘ri tashkil etish bola shaxsining har tomonlama yetukligi: mustaqil, maqsadga intiluvchan, ishni to‘g‘ri rejalashtira olish qobiliyatlarini takomillashtiradi. Bunday vaziyat bolani to‘g‘ri anglab harakat qilishga o‘rgatadi. Tarbiyachilar bolalarning o‘xshamaydigan xislatlarini qadrlashlari, o‘ziga xos individual bo‘lishlarini hurmat qilishlari lozim. Tarbiyachilar! Bolani majburlamang, bolaning erkin faoliyat yuritishi uchun imkoniyat yaratib bering. Eng asosiysi, hamma narsa bola uchun qiziqarli bo‘lishi lozim.
1. Eshitish va tushunish malakasini shakllantirish.
1. Impressiv muloqotchanlik.
2. Nutq malakasi. Ekspressiv muloqotchanlik.
2. O‘qish va savodga tayyorgarlik ko‘rish.
1. Kitobning qadr-qimmatini tushunish.
2. O‘qish va savod malakalarini egallash.
Bu yo‘nalishda bolalarning nutqi va ularda shakllanayotgan o‘qish va yozish malakalari orqali muloqot qilishning belgilari rivojlanadi. Kattalar bilan muloqotda bola:
* Kattalar bilan muloqotga kirisha oladi.
* Kattalarning savollariga javob bera ola oladi.
* O‘z fikrini kattalarga bayon qila oladi.
* Dialogik nutqdan foydalanib suhbatlasha oladi.
* Istagini so‘z bilan ifodalay oladi.
* Kattalardan so‘z orqali yordam so‘raydi.
* Oilasi va tanishlari to‘g‘risida hikoya qilib bera oladi.
* Kattalar bilan boshqa mavzularda ham so‘zlasha oladi.
* Odob bilan muloqotga kirisha oladi.
* Muomalada nutq va imo-ishoralarni qo‘llay oladi.
* Kattalar bilan muloqot qilishda tanish qonun-qoidalarga rioya qiladi.
* Kattalarga murojaat qilishning turli usullaridan foydalanadi.
* Notanish kattalar bilan muloqotga kirisha oladi.
Tengdoshlari bilan muloqotda:
* Tengdoshlari bilan yonma-yon o‘ynay oladi.
* Tengdoshlari bilan muloqotga kirisha oladi.
* Tengdoshlari bilan salomlasha oladi.
* Tengdoshlarini ismi bilan chaqiradi.
* Olgan taassurotlarini boshqa bolalar bilan o‘rtoqlasha oladi.
* Tengdoshlari bilan o‘yin qoidalarini birgalikda kelishib oladi.
* Tengdoshlari bilan muloqotda o‘z fikrini ayta oladi.
* Tengdoshlari bilan yuzaga kelgan nizolarni bartaraf eta oladi.
* Tengdoshini so‘z orqali baholay oladi.
* Tengdoshiga oddiy takliflar, iltimoslar bilan murojaat qiladi.
* O‘yin davomida tengdoshiga sherik sifatida qaraydi.
* Tengdoshlari bilan muloqotda dialogik nutqdan foydalanadi
Mavzu yuzasidan savol va topshiriqlar 1. Bolalarda o‘qish, yozish va ularda mavzusga qiziqish uyg‘otish
jarayoni qanday amalga oshiriladi?
2. Bolalarni turli faoliyat yo‘nalishlarida savodga o‘rgatishga
tayyorlash jarayoni haqida nimaarni bilasiz?
3. Bola nutqini rivojlanganligini aniqlashning asosiy davrida
(oktabr-may) qanday ishlar olib boriladi?
4. Bolalar nutqini o‘stirish va savodga tayyorgarlik uchun qanday ishlar amalgam oshiriladi?
5. Bolalar nutqini o‘stirish va savodga tayyorgarlik davrida qanday ishlar olib boriladi?