To‘rtinchi bosqich – 2016-yildan boshlandi. Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2016-yil 5-oktabrdagi «Tadbirkorlik faoliyatining jadal rivojlanishini ta’minlashga, xususiy mulkni har tomonlama himoya qilishga va ishbilarmonlik muhitini sifat jihatidan yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoniga muvofiq, tadbirkorlikni yanada jadal rivojlantirishga e’tibor kuchaytirildi. 2018-yil tasdiqlangan «Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili – davlat dasturi»da tadbirkorlik sub’yektlarining moliya-xo‘jalik faoliyatini tekshirishga ikki yil muddatga moratoriy (to‘xtab turish) e’lon qilindi.
1996-yilda O‘zbekiston Respublikasining «Erkin iqtisodiy zonalar to‘g‘risida»gi qonuni qabul qilindi. Qonunga binoan erkin iqtisodiy zona deganda muayyan mintaqani jadal ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishuchun mamlakat va chet el kapitalini, istiqbolli texnologiya va boshqaruv tajribasini jalb etish maqsadida tuziladigan, aniq belgilangan ma’muriy chegaralari va alohida huquqiy tartiboti bo‘lgan maxsus ajratilgan hududdir.
Prezidentimizning 2008-yil «Navoiy viloyatida erkin industrial-iqtisodiy zona tashkil qilish to‘g‘risida»gi Farmoni asosida «Navoiy» xalqaro intermodal logistika markazi bunyod etildi. 2013-yildagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Jizzax» maxsus industrial zonasini barpo etish to‘g‘risida»gi va «Angren» maxsus industrial zonasini barpo etish to‘g‘risida»gi farmonlari qabul qilindi. Mazkur farmonlar raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqarishni ta’minlaydigan zamonaviy, yuksak texnologiyali ishlab chiqarishlarni tashkil etish uchun xorijiy va mahalliy investitsiyalarni jalb etish, bu borada qulay shart-sharoitlarni shakllantirishga, ishlab chiqarish va resurs salohiyatidan samarali foydalanish, yangi ish joylarini yaratish va aholi daromadlarini oshirishga xizmat qilishi ko‘zda tutilgan. Iqtisodiy zonalar kiritiladigan investitsiya miqdoridan kelib chiqqan holda 3 yildan 7 yilgacha muddatga bojxona va soliq to‘lovlaridan ozod etiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil oktabrdagi «Urgut», «G‘ijduvon», «Qo‘qon» va «Hazorasp» erkin iqtisodiy zonalarini tashkil etish to‘g‘risida» 2017-yil «Erkin iqtisodiy zonalar faoliyatini faollashtirish va kengaytirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmonlari asosida, bugungi kunda (2018) mamlakatimizda 10 hududda 14 ta erkin iqtisodiy zona faoliyat yuritmoqda. «Navoiy», «Angren», «Jizzax», «Urgut», «G‘ijduvon», «Qo‘qon» va «Hazorasp» erkin iqtisodiy zonalarida 62 loyiha amalga oshirilgan, 4 ming 600 dan ortiq ish o‘rni yaratilgan. Farmatsevtika sohasiga ixtisoslashgan «Nukus-farm», «Zomin-farm», «Kosonsoy-farm», «Sirdaryo-farm», «Boysun-farm», «Bo‘stonliq-farm», «Parkent-farm» singari 7 yangi erkin iqtisodiy zonani rivojlantirish bo‘yicha izchil ishlar olib borilmoqda. Prezidentning 2016-yildagi farmoniga ko‘ra «Navoiy» erkin industrial-iqtisodiy zonasi, «Angren» va «Jizzax» maxsus industrial zonalari nomini birxillashtirish maqsadida ular bundan buyon «Navoiy», «Angren» va «Jizzax» erkin iqtisodiy zonalar deb yuritiladigan bo‘ldi.
1991-yil avgustda O‘zbekistonda eng zamonaviy shaklda, yangi tipdagi soliq tizimi yuzaga keldi. O‘zbekiston soliq organlari 1991-yilda qabul qilingan «Korxonalar, birlashmalar va tashkilotlardan olinadigan soliqlar to‘g‘risida»gi qonun, 2008-yilda yangi tahrirda qabul qilingan «O‘zbekiston Respublikasining soliq kodeksi» asosida ish yuritmoqda. Tibbiyot, ta’lim va sport ob’yektlarini saqlash xarajatlari korxonalarning soliqqa tortiladigan bazasidan chiqariladi, savdoda ilgari to‘lab kelingan uchta to‘lov o‘rniga esa yagona soliq to‘lov joriy etildi. Rivojlangan davlatlar tajribasi asosida fuqarolarning yillik daromadlarini Deklaratsiya qilish tartibi joriy qilindi.
2008-yildan keyingi davrda ham mamlakatimizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sohasi ham barqaror rivojlandi. Xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarning soliq yukini yanada kamaytirish, mikrofirma va kichik korxonalar uchun yagona soliq to‘lovining 10 foizdan 8 foizga, 2009-yilda 7 foizga, keyinchalik ushbu ko‘rsatkichni 5 foizga tushirilishi, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i stavkalarining kamaytirilishi va ayni paytda uni hisoblash tartiblarining takomillashtirilishi tadbirkorlik, kichik va xususiy biznesni izchil rivojlantirish uchun rag‘batlantiruvchi omillar yaratdi.
2017–2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan, soliq solish tizimini izchillik bilan soddalashtirish, soliq solinadigan bazani kengaytirish orqali soliq yukini pasaytirish kabi vazifalar belgilangan. Ushbu vazifalar ijrosi yuzasidan, shuningdek, soliq ma’muriyatchiligining zamonaviy uslublarini joriy etish, soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar yig‘iluvchanligini oshirish maqsadida 2017-yil 18-iyulda Prezidentning «Soliq ma’muriyatchiligini tubdan takomillashtirish, soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarning yig‘iluvchanligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni qabul qilindi. 2018-yil 1-yanvaridan boshlab, soliq organlari va halol soliq to‘lovchilar o‘rtasida ularga joriy soliq solish masalalarini hal etishda har tomonlama ko‘maklashgan holda kengaytirilgan axborot almashinuvini ta’minlaydigan soliq nazoratining zamonaviy shakli – soliq monitoringini joriy etish belgilandi.