Milliy avtomobilsozlik sanoatiga asos solinishi va agrar islohotlar. 1992-yil avgustda Toshkentda Janubiy Koreyaning «DAEWOOMotors» korporatsiyasi va O‘zbekistonning «Avtoqishxo‘jmash» davlat konserni o‘rtasida Andijon viloyatining Asaka shahrida avtomobil ishlab chiqaradigan «O‘zDAEWOO avto» qo‘shma korxonasini qurish to‘g‘risida shartnoma imzolandi. Uning ta’sischilari etib «DAEWOOMotors» korporatsiyasi va «O‘zavtosanoat» uyushmasi, har ikki tarafning qo‘shma korxonadagi ulushi teng miqdorda 50% dan iborat qilib belgilandi. Korxona qurilishiga ilg‘or texnologiyalar, tajribali muhandislar, o‘zbekistonlik yoshlar jalb qilindi. 1000 dan ortiq o‘zbekistonlik yoshlar Janubiy Koreyaga borib «DAEWOO» kompaniyasida ishlab, avtomobil ishlab chiqarish tajribalarini o‘rganib qaytdilar. 1996-yil iyulda «O‘zDAEWOOavto» qo‘shma korxonasi ochildi.
Bugungi kunda «O‘zavtosanoat» AK tizimiga kiruvchi «GM Uzbekistan»AJ (2007-yil), «SamAuto» (Samarqand avtomobil zavodi 1999-yil), «MAN Auto Uzbekistan» (2009), «GM Powertrain Uzbekistan» QK asosiy ishlab chiqarish kompaniyalari faoliyat yuritmoqda. Shu bilan birga, O‘zbekiston avtomobil sanoatida mahalliylashtirish dasturini amalga oshirish samarali yo‘lga qo‘yilishi natijasida «O‘zavtosanoat» AK tarkibida 75 dan ortiq korxonalar ishlab turibdi.
Prezident Sh. Mirziyoyevning 2017-iyundagi «Xorijiy investisiyalar ishtirokidagi «Uzbekistan Peugeot Citroen Automotive» korxonasini tashkil etish to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq, «Jizzax» erkin iqtisodiy zonasida «O‘zavtosanoat» aktsiyadorlik kompaniyasi Fransiyaning «Pejo Sitroen» guruhi bilan hamkorlikda «Peugeot» va «Citroyon» brendlari ostida yo’lovchi va yuk tashishga mo’ljallangan yengil tijorat avtomobillarini ishlab chiqarishga ixtisoslashtiriladi. U yerda 2019-yildan boshlab har yili ichki va tashqi bozor uchun yengil tijorat avtomobillarini ishlab chiqaruvchi korxona quriladi.
Milliy istiqlol yillarida mamlakat hukumati tomonidan qabul qilingan me’yoriy-huquqiy hujjatlar asosida mamlakat qishloq xo‘jaligida agrar islohotlar amalga oshirildi. Qishloqda amalga oshirilgan agrar islohotlar natijasida mamlakatda ko‘p ukladli xo‘jaliklar shakllantirildi. 1990-yilda aholi iste’moli uchun zarur bo‘lgan g‘allaning 82%, kartoshka, go‘sht va go‘sht mahsulotlarining 50%, sut va sut mahsulotlarining 60% chetdan keltirilar edi. 1991–2000-yillarda qishloqda amalga oshirilgan tub agrar islohotlar O‘zbekiston qishloq hayotini yangi shakl va tizimga o‘zgartirib yubordi. Mamlakatda suv tanqisligi hisobga olinib, 1998-yildan boshlab paxtachilikda Isroil texnologiyalari asosida tomchilatib sug‘orish usuli, Andijonlik paxtakorlar tashabbusi bilan chigitni plyonka ostiga ekish texnologiyasi joriy etildi. Shuningdek, O‘zbekiston kanop, tamaki yetishtirish sohasida ham dunyoda yetakchi o‘rinlarda turadi. Chorvachilik sohasini rivojlantirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1995-yildagi «Chorvachilikda xususiylashtirishni davom ettirish va xususiy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida» qarori qabul qilindi. Natijada respublikada ishlab chiqarilayotgan go‘sht va sutning 75% ini xususiy sektor bera boshladi.
O‘zbekistonda bozor munosabatlariga o‘tish sharoitida fermer xo‘jaliklarining tashkil topishi agrar islohotlarning asosiy mazmunini tashkil etdi. 1992-yil O‘zbekiston Respublikasi «Dehqon (fermer) xo‘jaligi to‘g‘risida» qonunning qabul qilinishi uning dastlabki bosqichini belgilab berdi. 1998-yilda O‘zbekiston Respublikasi «Fermer xo‘jaliklari to‘g‘risida»gi qonunining qabul qilinishi mazkur sohaning to‘laqonli rivojlanishi uchun huquqiy asos bo‘ldi.
Mustaqillikning dastlabki yillaridan rahbariyat oziq-ovqat muammosini o‘z imkoniyatlarimiz hisobidan hal qilish, ayniqsa, don mustaqilligini ta’minlash masalasini kun tartibiga qat’iy vazifa qilib qo‘ydi. Mamlakatda paxta yakkahokimligiga barham berildi. Natijada oziq-ovqat xavfsizligi, g‘alla mustaqilligi ta’minlandi.
O‘zbekiston qishloq xo‘jaligida yerlarning suv ta’minoti va meliorativ holatini yaxshilash bo‘yicha 2003–2009-yillarda 801,5 ming AQSH dollari qiymatidagi 21 ta loyiha amalga oshrildi. Amalga oshirilgan bunday tadbirlar natijasida qishloq xo‘jaligi ekinlarining hosildorligi birmuncha oshdi, fermer xo‘jaliklarining daromadini ko‘paytirish imkoniyati kengaydi.
Qishloq xo‘jaligida amalga oshirilayotgan ishlarning ko‘lamini yanada kengaytirish maqsadida bu sohada zamonaviy sug‘orish tizimlari va energiyani tejaydigan texnologiyalardan foydalanishga, tuproq unumdorligini oshirishga qaratilgan davlat dasturlari ishlab chiqildi. 2008–2012-yillarda mamlakatimizda sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash Davlat dasturi doirasida umumiy uzunligi 10 ming 500 kilometrdan ziyod xo‘jaliklararo va xo‘jalik ichidagi kollektor-drenaj tarmoqlarida jami 60 milliard so‘mga yaqin ta’mirlash-tiklash ishlari amalga oshirildi. 2008-yildan boshlab mamlakatimizda qariyb 1 million 500 ming gektar sug‘oriladigan yerning meliorativ holati yaxshilandi, yerosti suvlari yuqori bo‘lgan maydonlar 415 ming gektarga yoki salkam 10 foizga qisqardi, kuchli va o‘rtacha sho‘rlangan maydonlar 113 ming gektarga kamaydi.
Qishloq xo‘jaligida ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik jihatdan yangilash mazkur soha tarmoqlarining samaradorligini oshirishga yordam bermoqda. 2010-yili respublika rahbarining tashabbusi bilan Ukraina va Polsha davlatlaridan olib kelingan, intensiv texnologiyalar asosida parvarishlanadigan pakana va yarim pakana olma, nok, olxo‘ri, gilos, shaftoli ko‘chatlari, asosan Toshkent va Samarqand viloyatlarining fermer xo‘jaliklari maydonlariga ekildi. Bunday bog‘larni yildan yilga kengaytirish, ularni dehqon fermer xo‘jaliklarida barpo etish maqsadida chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqildi.