Molxonalarda ventiliyasiya, isitish, yoritish tizimi - chorvachilik binolarini qurishda harorat va namlik rejimini saqlash va ta’minlash hayvonlarning sog‘lig‘i va ularning mahsuldorligini oshirish garovidir. Bino qismlarini (devor, shift, pol, tom usti) issiqlik saqlash xususiyati hayvonlarni mu’tadil haroratdagi havo bilan ta’minlaydi va organizmning issiqlik holatini belgilaydi. Bino qismlari va ichki havoning haroratini sezilarli farq qilishi (+30°C dan yuqori) hayvonlar organizmining issiqlik holatini buzilishiga hamda ichki jihozlar ustida kondensatni hosil bo‘lishiga sabab bo‘ladi.
Binolar ventilyasiyasi - ventilyasiyaning sanitariya-gigiena tomondan ahamiyati Shundaki, molxonalar ichidagi havo tashqi havo bilan tez almashib turmasa hayvonlarga zararli ta’sir etadi. Bino havosida ko‘p miqdorda issiqlik va namlik yig‘iladi, havo tarkibida chang va mikroorganizmlar, karbonat angidrid gazi, ammiak, vodorod sulfid, metan va boshqalar ko‘payadi. Ventilyasiyasi yo‘q molxonalar 200 bosh sigir saqlansa bir soat davomida 153 ming kkal umumiy issiqlik, 73,4 kg namlik va 22,8 m3 karbonat angidrid gazi yig‘iladi. Bunday havo hayvonlarning issiqlik almashishiga yomon ta’sir etib, ularda ishtaha yo‘qoladi, modda almashish pasayadi. Natijada hayvonlarning mahsuldorligi kamayadi.
Ventilyasiyasi yomon ishlaydigan molxonalardagi sigirlarning suti 18 % ga, bo‘rdoqi cho‘chqalarning o‘sishi 50 % ga va tovuqlarning tuxum qilishi 10 – 15 % ga pasayadi. P. I. Pritulin va D. V. Lobunsovalarning ma’lumotiga ko‘ra, havo yomon almashadigan cho‘chqaxonalarda cho‘chqa bolalarining o‘limi 30 % ga ortadi.
Ventilyasiya bo‘lmagan yoki yomon ishlaydigan molxonalarda bino qismlarining ichki yuzasida kondensat paydo bo‘lib, ularning tez emirilishiga sabab bo‘ladi. Natijada binolarni remont qilish va qurilish materiallarini ortiqcha sarf qilishga, harajatning ko‘payishiga olib keladi.
Ventilyasiyani nazorat qilib borishda binoning issiqlik, namlik, gazlar miqdori, shuningdek mollarni saqlash usuli, go‘ng va go‘ng suyuqliklarini chiqarish yo‘llarini hisobga olish zarur. Ventilyasiya binoning havo almashishini ta’minlashi va kerak bo‘lgan me’yorda mikroiqlimni barpo etishi kerak.
Chorvachilik binolarida har xil turdagi va qurilishdagi ventilyasiyalar ishlatiladi, bular tabiiy, sun’iy va aralash ventilyasiyalar bo‘lishi mumkin.
Tabiiy ventilyasiya - binolardagi havoning chiqishi va tashqaridan kirishi, ichki va tashqi haroratning farqi, tashqi va ichki havoning hajmini bir xil zichligiga hamda havo harakatining kuchi va yo‘nalishiga bog‘liq. Tabiiy ventilyasiyalarning havo so‘rishi quvurli yoki quvursiz bo‘lishi mumkin. Quvursiz tabiiy ventilyasiyalarga eshik va oynalarning tirqishi, bino qismlarining havo o‘tkazishi va boshqalar kiradi. Ammo quvursiz ventilyasiya binolarning havo almashishini ta’minlaydi va uni nazorat qilib bo‘lmaydi.
Bir soat mobaynida almashadigan havo hajmini molxona hajmiga bo‘lgan nisbatini havoning almashish darajasn deyiladi. Agar molxonaning hajmi 4000 m3, havo almashish darajasi kiradigan havo 4 marta va so‘rish quvuri orqali 3 marta ko‘p bo‘lsa bir soatda molxonaga 16000 m3 havo kiradi va undan 12000 m3 havo chiqadi. Havoning bir soatda almashinishi hayvonlarni zarur bo‘lgan miqdorda toza havo bilan ta’minlaydi.
Mexanik ventilyasiya - yirik chorvachilik binolarida va parrandachilik fabrikalarida o‘rnatiladi. Buning uchun markazdan qochuvchi va o‘qli elektroventilyatorlar o‘rnatilib, havo o‘tkazadigan yo‘llar orqali havo kiradi va chiqariladi. Bunday ventilyasiyalar havoni isitadigan va ba’zan isitmaydigan bo‘ladi. Kiradigan havo suvli yoki elektr issiqlik generatori va kaloriferlar yordamida isitiladi. Binolarga kiradigai havo bir xil maromda bo‘lishi, ya’ni kuch bilan tizillatib kirishi maqsadga muvofiq emas. Bunday vaqtda hayvonlarning mahsuldorligi pasayadi, shamollash kasalligiga chalinadi. Kiradigan havoning molxona ichida bir xil tarqalishi uchun har 15 m da bitta yoki 15 - 24 m da 2 ta havo kirish yo‘li bo‘lgani ma’qul.
Mexanik ventilyasiya tizimlarining quvvati havoning almashish va ventilyatorning unumdorligiga qarab aniqlanadi. Agar molxonaning havo almashish hisobi 36000 m3/soatga teng bo‘lsa, xo‘jalikda quvvati 4500 va 3600 m3/soatga teng ventilyatorlar bo‘lsa, u holda binoga 4500 m3/soatdan 5 ta va 3600 m3/soatdan 3 ta ventilyator zarur bo‘ladi.
Dostları ilə paylaş: |