5. Mazmun va shakl. Falsafada mazmun va shakl kategoriyasi narsa, hodisalarning mavjudligi va rivojlanish jarayonini bilish usuli sifatida muhim ahamiyatga ega. Mazmun - narsa va hodisalarning rivojlanish jarayonidagi sistemani tashkil qilgan elementlarning strukturaviy bog‘lanishi bo‘lib, uni boshqa sistemalardan farqini belgilaydigan aloqadorliklar va munosabatlarini ifodalaydi. Shakl esa - sistemani tashkil qilgan elementlarning strukturaviy bog‘lanishlari, aloqadorliklari, munosabatlarining ifodalanishidir. Hozirgacha falsafiy adabiyotlarda mazmun va shakl o‘rtasidagi bog‘lanishlarni bir-biridan ajratib tahlil qilish an’anaviy xarakterga ega. Ya’ni, mazmunning o‘zgarishi shaklning o‘zgarishiga olib keladi, degan xulosa ustuvor bo‘lgan. Vaholanki, sistemaning elementlari strukturaviy bog‘lanishlarsiz, aloqadorliklarsiz mavjud bo‘lish mumkin bo‘lmaganidek, mazmun va shakl ham bir-birisiz mavjud bo‘la olmaydi. Biz faqat nisbatan mustaqil mazmun va shaklni bilish xususiyatiga qarab, shunday mantiqiy xulosaga kelishimiz mumkin. Boshqacha qilib aytganda, mazmun va shakldagi har qanday juz’iy o‘zgarish ham bir-biridagi o‘zgarishlarni taqozo qiladi, faqat biz ularni bilib olgan yoki bilmagan bo‘lishimiz mumkin. Masalan, suvning agregat holati, shakli o‘zgarishi bilan uning mazmuni ham o‘zgaradi. Ya’ni, suv bug‘ holatida chanqoqni qondirmaydi, o‘simliklarni sug‘orish uchun yaramaydi.
Bundan tashqari, elementlarning strukturaviy bog‘lanishlari sistemaning xarakterini belgilashidan kelib chiqib aytadigan bo‘lsak, strukturaviy bog‘lanishlar shakl sifatida sistemaning mazmunini ham belgilab turadi. Shunga ko‘ra, shaklni mazmunga nisbatan «ikkilamchi» deyish noo‘rindir. Bunga ijtimoiy hayotdan misol keltiradigan bo‘lsak, demokratiya boshqarishning shakli sifatida jamiyatning mazmunini belgilab turadi.
Falsafada mazmun va shakl kategoriyasini boshqa kategoriyalar tizimidan ajratib olib, nisbatan mustaqil tahlil qilganda, unga insonlarning muayyan manfaatlar va ehtiyojlar asosida yondashishlarini alohida e’tiborga olish kerak. Bu umuman mazmun va shaklning ob’ektiv xarakteriga putur yetkaza olmasa ham, ularni baholashdagi subyektiv, muqobil qarashlarda o‘z ifodasini topadi.
Umuman, falsafaning «sistema», «struktura», «element» kategoriyalari narsa va hodisalarning mazmunini, shaklini ochib berishda metodologik asos bo‘ladi.
Voqelikdagi narsa va hodisalar o‘rtasidagi sababiy bog‘liqlik (determinizm)ni aks ettiruvchi kategoriyalardir. Falsafa fanidagi an’anaviy tarzda yozilgan darsliklar, o‘quv qo‘llanmalaridan farqli o‘laroq, bu kategoriyalarni qiyosiy tahlil qilishimizdan maqsad, boshqa juft kategoriyalarning mazmunini ochib berish imkoniyatini yaratishdir. Chunki, «mazmun va shakl», «sabab» va oqibat», «zarurat va tasodif», «imkoniyat va voqelik» kategoriyalarining mazmuni, yuqorida ko‘rsatilgan «alohidalik», «xususiylik» «umumiylik», «butun», «qism», «struktura», «element», kategoriyalari mazmuni bilan uzviy bog‘liqdir. Shuning uchun biz falsafa kategoriyalarini bir-birini taqozo qiluvchi, nisbatan mustaqil bilish usullarining yaxlit sistemasi tarzida olib qarashni lozim topdik. Lekin, buning uchun har bir kategoriyaning mazmunini alohida tahlil qilish zarur.