7 -mavzu. Falsafaning qonun va kategoriyalari



Yüklə 44,28 Kb.
səhifə7/16
tarix07.10.2023
ölçüsü44,28 Kb.
#153009
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10   ...   16
7 (3)

Falsafa kategoriyalari - moddiy olamdagi narsa va hodisalarning muayyan yo‘nalishdagi eng muhim, zaruriy, nisbatan barqaror, davriy takrorlanib turuvchi bog‘lanish va aloqadorlik munosabatlarini ifodalaydi.
Falsafiy kategoriyalarni shartli ravishda uch turkumga ajratish mumkin:
1. Voqelikning eng umumiy aloqadorligini, aks ettiradigan kategoriyalar. Mazkur turkumga alohidalik, xususiylik va umumiylik, mohiyat va hodisa kategoriyalari kiradi.
2. Voqelikning tuzilishini aks ettiruvchi kategoriyalar. Bular mazmun va shakl, butun va qism, sistema, struktura va elementdan iborat.
3. Voqelikdagi narsa va hodisalar o‘rtasidagi sababiy bog‘liqlik (determinizm)ni aks ettiruvchi kategoriyalar. Sabab va oqibat, zarurat va tasodif, imkoniyat va voqelik.
1.Voqelikning eng umumiy aloqadorligini, aks ettiradigan kate- goriyalar. Falsafada o‘z xususiyatlariga ko‘ra, «juft kategoriyalar» deb ataladigan umumiy bog‘lanish va aloqadorlik munosabatlarini ifodalovchi tushunchalar ham bor. Ular narsa va hodisalarning muayyan yo‘nalishdagi eng muhim, zaruriy, nisbatan barqaror, davriy takrorlanib turuvchi bog‘lanish va aloqadorlik munosabatlarini ifodalaydi. Falsafa kategoriyalari mazmunidagi ichki birlik, bog‘lanish, aloqadorlik va munosabatlarning yaxlitligi bilish jarayonining uzluksizligini ta’minlaydigan umumiy qonuniyat tarzida vujudga kelgan.
1. Alohidalik, xususiylik va umumiylik. Alohidalik, xususiylik va umumiylik borliqdagi narsa va hodisalarning har biriga xos alohida, ma’lum guruhiga xos maxsus va hammasiga xos umumiy tomonlari, xususiyatlari hamda ular o‘rtasidagi bog‘lanish va aloqadorlikni ifodalaydi.
Alohida narsa va hodisagagina xos bo‘lib, bu narsa va hodisani boshqa narsa va hodisadan farq qiluvchi, takrorlanmaydigan, individual belgi va xususiyatlar birligi alohidalik deyiladi. Alohidalik alohida narsa va hodisalarni ham, ulardagi alohida tomon, belgi va xossalarni ham aks ettiradi.
Ko‘pchilik narsa va hodisalarga (yoki ularning turlariga hamda tomonlariga) xos bo‘lgan o‘zaro o‘xshash, bir xil, takrorlanuvchi belgi va xususiyatlar birligini aks ettiruvchi tushuncha umumiylik deb ataladi. Umumiylik borliqdagi ko‘pchilik narsa va hodisalarga (yoki ularning tomonlariga) xos bo‘lgan umumiy belgi va xususiyatlarning fikriy in’ikosidir. Umumiylik bir sinf yoki bir turga kirgan narsa va hodisalarni ham ifodalaydi. Chunki borliqda har bir narsa va hodisa boshqa narsa va hodisalar bilan albatta, biror umumiy tomonga, xossaga, belgi va xususiyatga egadir.
Narsa va hodisalarga xos maxsus tomonlar, xususiyatlar birligi xususiylik kategoriyasida ifodalanadi. Xususiylik kategoriyasi narsa va hodisalardagi alohidalik va umumiylik kabi tomonlar o‘rtasidagi alohidalikka nisbatan umumiy, umumiylikka nisbatan alohida tomonlar, belgilar, xususiyatlar va aloqadorliklarni ifodalaydi.
Bir butun borliqdagi hamma narsa va hodisalarga xos tomonlar, belgi va xususiyatlar eng umumiylikdir. Eng umumiylik hajm jihatdan boshqa kengaytirib bo‘lmaydigan universal tushunchadir. Masalan, Ahmad, odam, tirik mavjudot, materiya, nihoyat borliq. «Borliq» tushunchasi bu erda eng umumiylikdir.
Alohidalik, xususiylik va umumiylik bir-biri bilan o‘zaro dialektik munosabatda bo‘ladi. Binobarin, alohidalik bilan umumiylik xususiylik orqali bog‘langan bo‘lib, ular o‘zaro aloqadorlikdadir. Xususiylik alohidaliklardan tashkil topib, umumiylikni alohidalik bilan bog‘laydi. Umumiylik esa alohidaliklardan ajralgan holda bo‘lmaydi, balki alohidaliklarning umumiy xususiyatlari, belgilari, tomonlari, bog‘lanishlari shaklida har bir alohidalikning o‘zida mavjud bo‘ladi. Demak, har bir konkret narsa va hodisa alohidalik, xususiylik va umumiylikning birligidan iboratdir.
Alohidalik, xususiylik va umumiylik dialektikasi shundan iboratki, ma’lum sharoitda alohidalik xususiylikka, xususiylik umumiylikka va aksincha, ular bir-biriga o‘tishi mumkin. Obyektiv olamda har qanday yangilik dastlab alohidalik sifatida paydo bo‘lib, so‘ngra u o‘sib, rivojlanib xususiylik va umumiylik xarakterini kasb etadi.
Lekin, bundan har qanday alohidalik xususiylikka, xususiylik esa umumiylikka o‘taverar ekan, degan fikrni yuritmaslik kerak. Bunday bo‘lishi uchun ular taraqqiyotning asosiy tendensiyasiga mos kelishi shart. Alohidalik, xususiylik va umumiyliklarning o‘zaro bog‘lanishlarini dialektik nuqtai nazardan tushunish ob’ektiv voqelikni to‘g‘ri bilish uchun juda muhimdir. Chunki, insonning borliqni bilishi ham alohidalikdan xususiylikka va undan umumiylikka borishdan iboratdir. Bu umumiylikni biz narsa va hodisalarni hamda ularda ifodalanuvchi alohidaliklar va xususiyliklarni bilish orqali anglab yetamiz. Dastavval, sezgi a’zolarimiz yordamida alohidalikni, yakka narsa va hodisalarni idrok qilamiz. So‘ngra tafakkurimizda shu hissiy idrokimizda vujudga kelgan mavjud faktlarni analiz va sintez qilib, ularning muhim tomonlarini muhim bo‘lmagan tomonlaridan, umumiy tomonlarini alohida tomonlaridan ajratamiz, ularni o‘zaro bir- biri bilan birlashtiramiz, bir-biriga taqqoslaymiz, shular asosida fikrimizda ularni ifodalovchi tushunchalarni hosil qilamiz. Bu hosil qilgan tushunchalarda narsa va hodisalarning yakka, ham ularning muayyan turkumiga xos xususiy hamda shu narsa va hodisalarning butun bir sinfiga oid umumiy tomonlari ifodalanadi.
Falsafiy adabiyotlarda, bilishning umumiy tendensiyasini alohidalikdan xususiylikka va shu bosqich orqali umumiylikka o‘tish tarzida yoki aksincha, izohlash keng tarqalgan. Vaholanki, falsafiy bilishning asosiy xususiyati va maqsadi har qanday alohidalikning individual xususiyatlarini umumiylikdan farqlashdan iborat. Masalan, bozor iqtisodiyoti munosabatlariga o‘tish jamiyat taraqqiyotining umumiy qonuniyati bo‘lsa ham, bu jarayon turli ijtimoiy-tarixiy makon va zamonda har bir davlat uchun o‘ziga xos bo‘lgan modelni taqozo qiladi. Alohidalikning umumiylikdan farqini aniqlash asosida, maxsus usul va vositalarini qo‘llash bozor strategiyasi va taktikasining milliy xususiyatlarini belgilashga yordam beradi. Alohidalik yoki, ba’zi falsafiy adabiyotlarda ko‘rsatilganidek, alohidalikni muayyan xossa hamda xususiyatga ega narsa va hodisalarning makon va zamondagi chegaralangan konkret holati, boshqacha aytganda, har qanday hodisa va narsaning ichki sifat muayyanligi, individualligi deyish mumkin.
Falsafada milliylik va umuminsoniylik masalasida alohidalikning umumiylikdan farqini mutlaqlashtirish natijasida muayyan qarashlar vujudga kelishi mumkin (bu haqda «Osiyosentrizm» va «Evropatsentrizm» to‘g‘risida eslash kifoya). Vaholanki, umuminsoniyat sivilizatsiyasining tadrijiy rivojlanishida muayyan ichki birlik mavjud bo‘lib, madaniyat tarixida har bir xalq, millat o‘z o‘rni va ahamiyatini namoyon qiladi. Shuning uchun umuminsoniyat sivilizatsiyasi tarkibidagi milliy madaniyatni mutlaqlashtirish, muayyan siyosiy manfaatlarga asoslangan bo‘lib, buyuk davlatchilik, shovinistik qarashlardan boshqa narsa emas.
Alohidalikni, umumiy qonuniyatlar tarkibidagi, elementlarning individual rivojlanish jarayoni sifatida olib qarash kerak. Chunki, har qanday umumiylik, dastlab voqelikning alohidaligi tarzida vujudga keladi. Shunga ko‘ra, har qanday sistema o‘z tarkibidagi nisbatan yangi, alohida hodisalarning individual rivojlanishisiz sodir bo‘la olmaydi. Shunday qilib, alohidalik voqelik rivojlanishining xilma-xil shakllarini vujudga keltiradi.
Narsa va hodisalarda alohidaliklarning konkret xususiyatlari o‘rtasidagi bog‘lanishlar, bir tomondan, umumiylikni namoyon qilish bilan bir qatorda, ularning muayyanligi va mazmunini ham belgilaydi. Ikkinchi tomondan esa, umumiylikning konkretligi alohidaliklar sistemasi tarzida namoyon bo‘ladi. Bu sistemaga strukturali yondashish bilishning nisbatan to‘laqonli bo‘lishini ta’minlaydi. Masalan, muayyan jamiyatdagi kishilarning ijtimoiy munosabatlari o‘ziga xos yo‘nalishlarini vujudga keltirgan. Ya’ni, iqtisodiy, huquqiy, siyosiy, diniy ekologik va boshqa shu kabi ijtimoiy munosabatlar umumiy madaniyat tarkibida «iqtisodiy madaniyat», «huquqiy madaniyat», «siyosiy madaniyat», «ekologik madaniyat» va boshqa nisbatan mustaqil yo‘nalishlarga asos bo‘lgan. Bu madaniyat yo‘nalishlari nisbatan mustaqil bo‘lsa ham, bir-birini taqozo qiladi. Ularning ichki birligi va rivojlanish tendensiyasi umuminsoniyat sivilizatsiyasi manfaatlaridan kelib chiqqan bo‘lib, umumiy taraqqiyot darajasiga mos keladi.

Yüklə 44,28 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10   ...   16




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin