1. Miqdor o‘zgarishlarning sifat o‘zgarishlariga o‘zaro o‘tish qonuni Bizni qurshab turgan narsa va hodisalarni o‘rganar ekanmiz, ular bir-birlaridan o‘zlarining turli xususiyatlari bilan farqlanishlarini ko‘ramiz. Bunda ularni bir-biridan farq qildiruvchi narsa - ularning sifatidir.
Sifat deb, narsa va hodisalarga nisbiy barqarorlik bag‘ishlaydigan, ularning ichki muayyanligini ta‘minlaydigan, bir narsa va hodisani ikkinchi narsa va hodisadan farq qildiradigan barcha muhim belgi va xususiyatlarning birligiga aytiladi.
Sifat bir narsa yoki hodisani boshqa narsa yoki hodisadan ajratib turadigan shunday muayyanlikka, uning o‘zgarishi uning o‘rniga boshqa narsa va hodisani vujudga keltiradi.
Tabiat va jamiyat juda ko‘p xilma-xil narsalar, voqea va hodisalarning birligidan tashkil topgan. Ularning bunday xilma-xilligi narsa va hodisalar o‘rtasidagi sifatiy tafovutlarning ifodasidir. Masalan, noorganik tabiat bilan organik tabiat sifat jihatdan bir-biridan farq qiladi. Organik tabiat o‘z atrofidagi muhit bilan uzluksiz modda almashinib turadi. Noorganik tabiatda bunday modda almashinish bo‘lmaydi, o‘z navbatida, organik tabiatning turli qismlari o‘rtasida, masalan, o‘simliklar bilan hayvonlar o‘rtasida ham farq bor. Biroq, inson ularga nisbatan butunlay boshqacha sifatga ega.
Odatda bir narsa yoki hodisaning sifati boshqa narsa yoki hodisa bilan bo‘lgan munosabatida aniqlanadi. Shu bilan birga, sifat bir narsani ikkinchi bir narsadan ajratibgina qolmasdan, balki uning boshqa narsalar bilan bog‘liqligini ham ko‘rsatadi. Shuning uchun muayyan sifatga ega bo‘lgan narsa va hodisalarni bir-biridan ajratib, bir tomonlama o‘rganish bilan chegaralanmay, balki ularni bir-biri bilan bog‘laydigan umumiy xususiyatlari asosida ham o‘rganish zarur. Agar organik tabiatdagi tirik organizmning atrof-muhit bilan modda almashinishi to‘xtab qolsa, bu organizm halok bo‘ladi, o‘zining tiriklik sifatini yo‘qotadi, chunki tirik organizmning tirikligi, undagi hayotning mohiyati modda almashinuvidan iborat.
Narsa va hodisalarning sifati ularning xususiyatlari orqali namoyon bo‘ladi. Har bir narsa yoki hodisa ko‘pgina xususiyatlarga ega bo‘lib, bu xususiyatlardan bir qanchasi birikib, shu narsa yoki hodisaning muayyan sifatini tashkil qiladi. Bunda sifat bilan xususiyat bir narsa emasligi ma‘lum bo‘ladi. sifat narsa va hodisaning umumiy xarakteristikasini berib, uning mohiyatini ifodalaydi. Xususiyatlar esa sifatning ifodasidir, ularning muhim va nomuhim xususiyatlari o‘zgarishi bilan ularning sifati ham o‘zgarishi mumkin. Bundan ma‘lum bo‘ladiki, narsa va hodisalarning muhim xususiyatlari ularning sifati o‘zgarishlarida katta rol o‘ynaydi.
Narsa va hodisalar nomuhim xususiyatlarini yo‘qotishlari yoki yangidan hosil qilishlari natijasida, ular o‘z sifatlarini o‘zgartirmaydilar. Agar bu narsa va hodisalar o‘zlarining muhim xususiyatlarini yo‘qotsa yoki o‘zgartirsalar, ular yangi sifatga o‘tadilar. Masalan, benzin uchun rang muhim xususiyat emas. Benzin rangini yo‘qotgani yoki boshqa rangga kirgani bilan u boshqa suyuqlikka aylanmaydi. Tez yonuvchanlik esa benzinning muhim xususiyatidir. Benzin o‘zining bu xususiyatini biror sabab bilan yo‘qotsa, u dvigatel uchun yonilg‘i bo‘lmay qoladi, natijada, sifat jihatidan boshqa ximiyaviy moddaga aylangan bo‘ladi.
Narsa va hodisalarning sifat va xususiyatlari ham obyektivdir.
Shuni aytish kerakki, borliqdagi narsa va hodisalar bir-biridan faqat sifatlari bilan emas, balki miqdorlari bilan ham farqlanadilar. Ularning sifatlari doimo miqdorlari bilan birga mavjuddir.