To‘g‘ri tafakkur deb mantiq qonun-qoidalari talablariga mos holda qurilgan, voqelikni haqqoniy aks ettiradigan fikrlar, bilimlarga aytiladi.
Tafakkur to‘g‘ri bo‘lishi uchun uning mazmuni haqqoniy, chin bo‘lishidan tashqari, mantiqiy shakli ham mantiq qonun-qoidalariga mos holda to‘g‘ri tuzilgan, izchil bo‘lishi kerak.
To‘g‘ri tafakkurning asosiy belgilari va talablari quyidagilardir: fikrning aniq, qat'iy ma'noga ega bo‘lishi, izchil va ziddiyatsiz qurilishi, asosliligi. Bu talablar mantiq qonunlarida o‘z ifodasini topadi. SHuning uchun mantiq qonunlari to‘g‘ri tafakkurning asosiy talablari (prinsiplari) bo‘lib hisoblanadi.
Hukm – predmetga ma'lum bir belgining (xossaning, munosabatning) xosligi yoki xos emasligini ifodalovchi tafakkur shaklidir.
Hukmning asosiy vazifasi predmet bilan uning xususiyati, predmetlar o‘rtasidagi munosabatlarni ko‘rsatishdir. Ana shuning uchun ham u doimo tasdiq yoki inkor shakldagi fikrdan iborat bo‘ladi. Fikr yuritish jarayonida biz predmet va hodisalarning, tashqi xususiyatlari bilan birga ularning ichki, zaruriy bog‘lanishlarini, munosabatlarini bilib boramiz. Predmet va hodisalarning xususiyatlarini ketma-ket o‘rganib, ular haqida hukmlar hosil qilamiz. Bilimlarimiz turlicha bo‘lgani uchun ularni ifodalaydigan hukmlar ham har xil bo‘ladi. Ba'zi hukmlarda aniq, tekshirilgan bilimlar ifodalansa, boshqalarida belgining predmetga xosligi taxmin qilinadi, ya'ni noaniq bilimlar ifodalanadi. Hukmlar nisbatan tugal fikrdir. Unda konkret predmet bilan uning konkret belgisi haqida bilim ifoda qilingan bo‘ladi.
Hukmlar voqelikka mos kelish darajasiga ko‘ra chin, xato va noaniq (ehtimol, taxminiy) bo‘ladi. Ob'ektiv voqelikka mos kelgan, uni to‘g‘ri ifodalagan hukmlar chin, mos kelmaganlari xato bo‘ladi. Ayni vaqtda chinligini ham, xatoligini ham aniqlab bo‘lmaydigan hukmlar – noaniq hukmlardir.
Hukm deb buyum va hodisada biror belgi mavjudligini tasdiqlovchi yoki mavjud emasligini inkor etuvchi tafakkur shakliga aytiladi.
Hukm tafakkurning tushunchadan keyingi ikkinchi mantiqiy shaklidir. Har bir hukm tushunchalar orqali hosil bo‘ladi.
Hukmning mantiqiy tarkibini uch qism tashkil etadi:
1. Sub'ekt. 2. Predikat. 3. Bog‘lovchi.
Sub'ekt (lot. subjectum – mantiqiy ega) deb hukmda fikr yuritilayotgan buyum yoki hodisa to‘g‘risidagi fikrga aytiladi. Sub'ekt lotincha subjectum so‘zining bosh harfi S bilan belgilanadi.