7-ma’ruza. METALL KARKASLI BIR QAVATLI SANOAT BINOLARINING MONTAJI Reja
Metall karkasli bir qavatli sanoat binolarning montaji. Umumiy qoidalar.
Turli turdagi binolar montajini o‘ziga xos xususiyati. Konveyerda yig‘ish va yirik blokli montaj
Tomyopma bloklari konstruksiyalari va ularni yig‘ish usullari. Konveyerda yig‘ish. Konveyer qoshidagi material va konstruksiyalarning omborlari.
Blokli montaj usullari. Usulning afzalligi va qullanilishi.
1.Metall karkasli bir qavatli sanoat binolarning montaji. Umumiy qoidalar. Sanoat binolarining 70% dan ko‘proq qismi bir qavatli qilib loyihalanadi va quriladi. Ko‘pincha katta oraliqlarni yopishda, ayniqsa yirik maydonli binolarni yopishda metall konstruksiyalar keng qo‘llaniladi.
Bunday binolarni tomyopmalarini tayyorlash va montaj qilishning mexnat sarfi, umumiy binoni barpo etish mehnat sarfining 50-75% ni tashkil etadi, shuning uchun, butun qurilishni tugatish muddati tomyopmalarni montaj qilish davomiyligiga bog‘liq bo‘ladi.
Binolarning tomyopmalar konstruksiyasini yechimlari boshqa konstruksiyalardan elementlarning ko‘p sonli tutashuv uzellaridan (tugun) tashkil topishi bilan farq qiladi va shuning uchun ularni to‘g‘rilash, tomyopmaning ayrim elementlarni mos keltirish, ayniqsa biriktirish va mustahkamlashga ko‘p mexnat talab etiladi. Bundan tashqari tomyopmalarni elementlab montaj qilish yuqori baland joyda bajariluvchi va eng xavfli kategoriyaga kirganligi uchun, ishlar odatda sekin-asta olib boriladi.
Strukturali va yirik blokli tomyopmalarni keng qo‘llanilishi elementlab montaj qilishni istisno qiladi, chunki tomyopma konstruksiyasi to‘liq yer satxida yig‘ilib, loyihaviy sathga to‘liq bitgan blok xolida ko‘tarib qo‘yiladi.
Blokli montaj po‘lat sinkli profilli to‘shama va samarali issiqsovuqni o‘tkazmaydigan materiallarni qo‘llash boshlangandan keyin reallikka aylandi, bu esa tomyopma bloklarini yanada yuqori tayyorgarlik holatida yasalishiga va massasini ayrim qurilish kranlarining yuk ko‘taruvchanligiga mos kelishi imkonini berdi.
Metall bloklardan tayyorlangan tomyopmalarni qo‘llanishi tufayli, og‘ir temir beton ferma va tomyopma plitalarni qo‘llanishiga xojat qolmaydi. Solishtirish uchun 12×24 o‘lchamdagi metall blok 40 t bo‘lsa xuddi shu o‘lchamdagi yig‘ma temir beton konstruksiyaning og‘irligi 80 t dan 120t gacha bo‘lib, 2-3 barobar og‘ir bo‘ladi.