Davlat moliyaviy nazorati taftish, tekshirish (shu jumladan budjet to`g`risidagi qonun hujjatlarining avvalgi taftishda yoki tekshirishda aniqlangan buzilishi hollarini bartaraf etish yuzasidan nazorat tartibidagi tekshirish) va o`rganish shaklida amalga oshiriladi.
Davlat moliyaviy nazoratining turlari quyidagi:
dastlabki nazorat - moliyaviy operatsiyalar bajarilguniga qadar g`aznachilik bo`linmalari va moliya organlari tomonidan amalga oshiriladigan;
joriy nazorat - moliyaviy operatsiyalar bajarilishi jarayonida g`aznachilik bo`linmalari, moliya organlari va davlat soliq xizmati organlari tomonidan amalga oshiriladigan;
yakuniy nazorat - moliyaviy operatsiyalar bajarilganidan so`ng ushbu Kodeksning 171-moddasida ko`rsatilgan davlat moliyaviy nazorat organlari tomonidan amalga oshiriladigan nazoratlardir.
Davlat moliyaviy nazoratining usullari quyidagilardir:
hujjatlarni tekshirish hajmiga qarab:
yoppasiga nazorat - tekshirilayotgan davr uchun barcha buxgalteriya, moliya, statistika, bank hujjatlari va boshqa hujjatlarni nazorat qilish;
tanlov asosidagi nazorat - muayan davr uchun buxgalteriya, moliya, statistika, bank hujjatlari va boshqa hujjatlarning ayrim qismlarini nazorat qilish;
nazoratning maqsadga yo`naltirilganligi va predmetiga qarab:
kompleks nazorat - moliyaviy nazorat obyektining muayan davr uchun moliyaviy-xo`jalik faoliyatining barcha yo`nalishlarini nazorat qilish;
mavzuli nazorat - moliyaviy nazorat obyektining muayan davr uchun ayrim masalalar bo`yicha faoliyatini nazorat qilish;
muqobil nazorat - operatsiyalar yagonaligi bilan o`zaro bog`liq bo`lgan va turli moliyaviy nazorat obyektlarida turgan hujjatlarni solishtirishni o`z ichiga olgan tekshirish.
O`zbekiston Respublikasi Hisob palatasi quyidagilarni amalga oshiradi: makroiqtisodiy ko`rsatkichlarni, budjet-soliq va pul-kredit parametrlarini shakllantirish jarayonlarini, ularning qonun hujjatlari talablariga muvofiqligiga rioya etilishini tizimli o`rganish;
budjet tizimi budjetlarining daromadlarini shakllantirish va mablag`lari sarflanishini umumiy, moddalar bo`yicha, tarmoqlar hamda hududlar kesimida nazorat qilish va tekshirish;
davlat maqsadli dasturlari amalga oshirilishining to`liqligi va samaradorligini baholash;
O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining va O`zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining bank hisobvaraqlaridagi mablag`larining qonuniy shakllantirilganligini, maqsadli hamda samarali sarflanganligini nazorat qilish va tekshirish;
O`zbekiston Respublikasining respublika budjeti va Qoraqalpog`iston Respublikasi budjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlari o`rtasida maqbul nisbatga erishishga doir takliflarni tahlil qilish hamda baholash;
davlat aktivlari shakllantirilishini, ulardan samarali va maqsadli foydalanilishini tekshirish;
daromad keltiruvchi tarmoqlar korxonalari faoliyatini budjet tizimi budjetlariga qo`shimcha tushumlar zaxiralarini aniqlashga yo`naltirilgan tarzda tahlil va nazorat qilish;
O`zbekiston Respublikasining Tiklanish va taraqqiyot jamg`armasi, O`zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Davlat ehtiyojlari uchun xarid qilinadigan qishloq xo`jaligi mahsulotlari uchun hisob-kitoblar jamg`armasi, Qishloqlarni qishloq xo`jalik texnikasi bilan ta`minlashni davlat tomonidan rag`batlantirish jamg`armasi va belgilangan tartibda tashkil etilgan boshqa jamg`armalarning mablag`lari tushumi va daromadlarining shakllantirilishi, ularning mablag`laridan maqsadli va samarali foydalanilishi yuzasidan tahlil va nazorat qilish;
valyuta, eksport va import operatsiyalari o`tkazishning qonuniyligini, shuningdek budjet tizimi budjetlariga tovarlar (ishlar, xizmatlar) eksporti va importidan majburiy to`lovlar bo`yicha mablag`lar tushumini nazorat qilish;
mamlakat oltin-valyuta zaxiralarining o`rni qayta to`ldirilishi va ular bilan amalga oshiriladigan operatsiyalar ustidan nazorat qilish;
ichki va tashqi aktivlarni boshqarish bo`yicha hisobotlar va balans hisob-kitoblarini tahlil qilish, mablag`lar va oltin-valyuta zaxiralarini chet el banklariga va boshqa banklarga joylashtirish hamda qayta joylashtirishning asosli va samarali ekanligini nazorat qilish;
davlat qarzini boshqarish samaradorligini tahlil qilish, unga o`z vaqtida xizmat ko`rsatilishi ustidan nazorat qilish, O`zbekiston Respublikasi nomidan yoki uning kafolati ostida jalb qilingan chet el kreditlari mablag`laridan samarali foydalanish masalalari bo`yicha predmetli tekshiruvlar tashkil etish;
davlat mulki realizatsiya qilinishi bilan bog`liq masalalarni tahlil qilish va ular bo`yicha nazoratni ta`minlash;
budjet tizimi budjetlari mablag`laridan maqsadli va samarali foydalanilishi ustidan nazorat qilishga doir vazifalar moliya organlari, shu jumladan g`aznachilik bo`linmalari tomonidan bajarilishi samaradorligini tahlil qilish;
davlat mulki ulushi bo`lgan korxonalarning moliya-xo`jalik faoliyatini dividendlar to`g`ri hisoblanishi va to`lanishi yuzasidan tekshirish.
O`zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Qoraqalpog`iston Respublikasi Moliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining moliya boshqarmalari, tumanlar va shaharlar hokimliklarining moliya bo`limlari o`z vakolatlari doirasida: quyi turuvchi moliya organlari tomonidan budjet to`g`risidagi qonun hujjatlari ijrosining ta`minlanishi ustidan;
ijtimoiy nafaqalar va kam ta`minlangan oilalarga moddiy yordam tayinlanishi hamda o`z vaqtida to`lanishi ustidan;
budjet tashkilotlari va budjet mablag`lari oluvchilar tomonidan smeta-shtat intizomiga rioya etilishining ta`minlanishi ustidan;
aksiz solig`i to`g`ri hisoblanishi va o`z vaqtida to`lanishi ustidan;
aksiz to`lanadigan ayrim turdagi tovarlarning aksiz markalari bilan to`liq tamg`alanishi va olingan aksiz markalari sonining ishlab chiqarilayotgan mahsulot hajmiga muvofiqligi ustidan;
budjet tashkilotlari tomonidan budjet hisobini yuritish va moliyaviy hisobotni tuzishning, shuningdek quyi turuvchi hududiy moliya organlari tomonidan budjet hisobotini tuzishning to`g`riligi ustidan davlat moliyaviy nazoratini amalga oshiradi.