bu yerda: σ-1 – detal materialining chidamlilik chegarasi.
Bikrlik - yuklama taʼsirida deformatsiyaga qarshilik koʻrsatish qobiliyati. Bikrlikning quyidagi hollarini uchratish mumkin: statik bikrlik va titrashdagi bikrlik, yaʼni yuklanish sikllarining oʻzgargani holda hosil boʻlgan deformatsiyaga qarshilik koʻrsatish qobiliyati.
Ishlash jarayonida detalning elastik deformatsiyasi joiz qiymatdan ortib ketmasligi uchun uning bikrligi yetarli darajada boʻlishi kerak. Masalan, maʼlum kuch va moment taʼsirida aylanayotgan val mustahkam boʻlishiga qaramay, joiz qiymatdan ortiq egilishi mumkin. Valning joiz qiymatdan ortiq egilishi unga oʻrnatilgan detallarning muddatdan oldinroq ishdan chiqishiga sabab boʻladi. Shuning uchun bunday detallarni mustahkamligidan tashqari, bikrligi ham taʼminlanishi lozim. Baʼzi detallarning haddan tashqari bikr boʻlishi esa ularning chidamliligiga salbiy taʼsir koʻrsatadi. Masalan, poʻlatdan tayyorlangan tishli gʻildirak tishlarining ortiq darajada bikr boʻlishi ishlash vaqtida dinamik kuchlarning paydo boʻlishiga va shovqinning kuchayishiga olib keladi. Demak, zarur boʻlgan hollarda detallarning maʼlum darajada moslashuvchan boʻlishi talab etiladi. Ish jarayonida detallarning bikrligini taʼminlash uchun chiziqli va burchak siljishlarning qiymatlari joiz qiymatdan oshmasligi kerak, yaʼni quyidagi shart φmax < [f] bajarilishi kerak.
Yeyilishga chidamlilik - yeyilishga qarshilik koʻrsatish qobiliyati. Yeyilish - detallarning oʻzaro ishqalanish tufayli sodir boʻladigan jarayon boʻlib, buning natijasida detallar oʻz oʻlchamlarini asta-sekin oʻzgartiradi.
Detalning tez yoki yaxshi yeyilishi uning ishlash sharoitiga, moylanish darajasiga kontakt kuchlanishning qiymatiga va boshqa omillarga bogʻliq. Shu sababli yeyilishga chidamlilikni taʼminlovchi aniq bir xisoblash usulini tavsiya etish qiyin. Eng koʻp qoʻllaniladigan usul, bu solishtirma bosim va shartli koeffitsent Rv ni aniqlab, ularni ruxsat etilgan qiymatlar bilan solishtirishdir.
P ≤ [P] va PV ≤ [PV], bu yerda V - ishqalanish tezligi.