Koloniya hosil qiluvchi poliplar. Dengizlarda koloniya hosil qiluvchi poliplar keng tarqalgan. Har qaysi koloniya gidraga o`xshash tuzilgan juda ko`p sonli poliplardan iborat. Koloniyadagi hamma poliplarning ichki bo`shliqlari o`zaro tutashgan bo`ladi. Shuning uchun har bir polipning to`tgan ozig`i hamma koloniya a`zolari o`rtasida teng taqsimlanadi. Koloniya hosil qiluvchi poliplar ko`pchiligining devorida ohak skelet hosil bo`ladi. Qattiq skeletli koloniya bo`lib yashovchi bo`shliqichlilar korall poliplar deb ataladi.
Koloniya bo`lib yashovchi poliplar jinsiy ko`payganda tuxumdan chiqqan lichinkasi aktiniyalar lichinkasi singari suv tubiga yopishib, kichkina polip hosil bo`ladi. Polip davrida esa gidra singari jinssiz ko`rtaklanish orqali ko`payadi. Lekin ko`rtakdan hosil bo`lgan yosh poliplar ona tanasidan ajralib ketmaydi va bir necha vaqtdan keyin ular ham ko`rtaklana boshlaydi. Shu tariqa koloniya hosil bo`ladi.
Korall riflari. Tropik dengizlar sohili yaqinida, okeanning uncha chuqur bo`lmagan joylarida korall poliplar zich joylashgan juda yirik koloniyalar hosil qiladi. Polip koloniyasi doimo yuqoriga, ya`ni suv yuzasiga harab o`saveradi. Dengiz tubida esa koloniyaning halok bo`lgan ostki ohak skeletli qismi ko`plab to`planib qoladi. Shu tarzda vaqt o`tishi bilan korall poliplar koloniyasi korall riflari deb ataluvchi orollarni hosil qiladi. Shamol, suv va qushlar orqali har xil o`simliklarning urug`i kelib qolishi natijasida riflarda hayot boshlanadi. Bunday riflar Tinch okeanning tropik qismida, ayniqsa Avstraliya qirg`oqlari yaqinida ko`p uchraydi.
Korall riflaridan qimmatli qurilish materiali (ohaktosh) sifatida foydalaniladi. Ayrim riflardan (qizil korall polip)zeb-ziynat buyumlari tayyorlanadi. Korall riflari turli baliqlar va boshqa dengiz hayvonlari uchun maqon bo`lib hisoblanadi. Shuning uchun korall riflari tarqalgan joylarda juda ko`p qo`riqxonalar tashkil etilgan.
Meduzalarning to`zilishi va hayot kechirishi gidra va korall poliplardan farq qiladi. Ularning tanasi birmuncha tiniq shishasimon dildiroq moddadan iborat. Shakli soyabonga o`xshab ketadi. Og`iz teshigi soyabon ostki tomonining markazida joylashgan. Og`iz teshigi atrofida va soyabon chetida juda ko`p paypaslagichlari bo`ladi. Tana devori hamma bo`shliqichlilar singari ikki qavat, lekin oraliq moddasi juda ko`p bo`ladi.
Meduzalarning soyaboni vaqt-vaqti bilan kuchli qisqarganda uning ostidagi suv kuch bilan otilib chiqishi tufayli reaktiv harakat paydo bo`ladi. Meduza qavariq tomoni bilan olg`a suzib ketadi.
Meduzalar yirtqich hayvon bo`lib, ular qisqichbaqasimonlar chuvalchanglar, baliq chavoqlari va boshqa mayda suv hayvonlari bilan oziqlanadi. O`ljasini otiluvchi ipchalari yordamida falajlaydi og`iz atrofidagi yirik paypaslagichlari yordamida og`ziga yo`naltiradi. Ayrim meduzalarning otiluvchi ipchalari kuydirish xususiyatiga ega. Shimoliy dengizlarda uchraydigan qo`tb meduzasi va Qora dengizning ildizog`iz meduzasi cho`miluvchilar uchun xavfli hisoblanadi. Hamma dengizlarda keng tarqalgan aureliya meduzasi, ya`ni dengiz likopchasi odam uchun zararsizdir. Meduzalar baliqlarning chavoqlarini yeb, baliqchilikka birmuncha ziyon yetkazadi.
Bo`shliqichlilar tanasidagi hujayralarning yaxshi ixtisoslashganligi va kuchli regeneratsiya qilish xususiyati ularni eng qadimgi hayvonlar ekanligini ko`rsatadi. Olimlarning fikricha, qadimgi koloniya bo`lib yashovchi xivchinlilardan dastlab gidrasimonlar, ulardan esa korall poliplar va meduzalar kelib chiqqan. Bo`shliqichlilar tanasida oziqni qamrab olib hazm qilish xususiyatiga ega bo`lgan xivchinli hujayralarning bo`lishi ana shundan dalolat beradi.