Etimologik yoki grafik tamoyil. Imloning etimologik yoki grafik tamoyili o‘zlashma so‘zlarning yozilishini qoidalashtirishda muhim rol o‘ynaydi. Bu tamoyilga ko‘ra o‘zlashma so‘zlar manba tilda qaysi shaklda yozilgan bo‘lsa, qabul qiluvchi tilda ham shunday shaklda yoziladi. Bunda o‘zlashma so‘zning o‘zi mansub bo‘lgan tildagi grafik shakli o‘zbek imlosida ham saqlanadi. Rus tili va u orqali boshqa tillardan o‘zlashtirilgan so‘z va atamalarning aksariyati o‘zbek tilida mana shu etimologik (grafik) tamoyil asosida yoziladi. Masalan, rus tilidagi ocherk, opera, tonna, nota, pochta, rota so‘zlari o‘zbek tilida o‘cherk, o‘pera, to‘nna, no‘ta, po‘chta, ro‘ta shaklida talaffuz qilinsa-da, rus tilidagi grafik shakli bo‘yicha ocherk, opera, tonna, nota, pochta, rota tarzida yoziladi. SHuningdek kombayn, kompot, montaj, motosikl, motor, obzor so‘zlarining urg‘usiz bo‘g‘inidagi o unlisi a unlisi tarzida; rektor, direktor, prorektor, transformator, traktor kabi so‘zlarning oxirgi bo‘g‘inidagi o unlisi i tarzida aytiladi, ammo bu so‘zlarda grafik tomoyilga ko‘ra yozuvda o unlisi saqlanadi.
Rus tilidan o‘zlashgan bir qator so‘zlar oxirida ikki undosh yonma-yon keladi. Bu so‘zlar talaffuz qilinganda ikki undosh orasida qisqa i tovushi orttiriladi. Ammo yozuvda bu tovush hisobga olinmaydi va so‘zlar etimologik tamoyil asosida ruscha shaklida yozila beradi: litr, semestr, keks, boks, bifshteks, gips, orkestr, filtr, punkt, teatr va boshqalar.
Vise-prezident, unter-ofiser, kilovatt-soat, eks-chempion, gramm-molekula, gramm-atom singari ruscha o‘zlashmalar o‘zbek tilida ruscha holatiga ko‘ra chiziqcha bilan yoziladi.
Tilimizdagi ayrim arabcha so‘zlar ham etimologik tamoyil asosida yoziladi. Chunonchi, muammo, maoniy, mutolaa, mudofaa, va’da, a’lo, she’r , ba’zan, ma’ruf, ta’lim, ta’zim, mash’al, qal’a, daf’a, shu’la, mo‘jiza, da’vat, hay’at, ma’rifat, ma’shuq, me’mor, ta’sis, daf’atan, ra’y, ne’mat, iste’fo, mo‘tadil singari so‘zlar etimologik tamoyilga ko‘ra arab tilidagi holaticha yoziladi. Tutuq belgili so‘zlar asli arabcha bo‘lib, arab alifbosi amal qilgan davrda ayn bilan yozilgan va talaffuz qilingan. Hozirda bu so‘zlar amaldagi imlo qoidalariga ko‘ra «’» belgisi bilan yozilmoqda. Yangi alifbo bo‘yicha bunday so‘zlarda tutuq belgisidan foydalaniladigan bo‘lindi.
Etimologik tamoyil imloning morfologik va tarixiy -an‘anaviy tamoyillariga yaqin turadi. Ular o‘rtasida qandaydir o‘xshashlik, umumiylik alomatlari mavjud. Lekin bu tamoyillar o‘zaro farqlarga ega.
Imloning yuqorida qayd etilgan besh tamoyili o‘zaro bog‘liq bo‘lib, ular bir-birini to‘ldirish uchun xizmat qiladi. Imlo tamoyillari yozuvning nazariy asosidir. Shu bois imlo tamoyillarini o‘rganish yozuv amaliyoti uchun muhim ahamiyat kasb etadi.
Xulosa. Xulosa qilib shuni aytish mumkinkiy univeritet hududidagi shior, chaqiriq, e'lon, ko'rgazma va boshqa yozuvlarning imlosini tahlil qilishda nimalardan foydalanish va nimalarga e’tibor berishni o’rgandik. Ularni imloviy tahlil qilishda turli qonunlar asosidan foydalanishni o’rgandik. So‘zlarni adabiy til me’yorlari asosida to‘g‘ri yozish – savodxonlik madaniylikning muhim belgilaridandir. Savodxon bo‘lmoq uchun imlo qoidalarini bilish shartdir. Binobarin, imlo qoidalari – savodxonligimiz asosidir. Imlo adabiy tilning yozma shakli bilan aloqador bo‘lib, u to‘g‘ri yozish qoidalarini o‘rgatuvchi hamda ular haqida batafsil ma’lumot beruvchi tilshunoslikning alohida bir bo‘limidir. Imlo yozuv vositalari orqali so‘z va so‘z shakllarining bir xilda yozilishini tartibga soladi. Imlo tufayli so‘zlar yagona yozuv shakliga ega bo‘ladi.
Imlo muayyan qonun-qoidalarga asoslanadi. Bu qoidalarga unli va undoshlarning yozilishi, asos va qo‘shimchalarning yozilishi, qo‘shma so‘zlarning yozilishi, bosh harflarning qo‘llanishi, ko‘chirish qoidalari kabilar kiradi.
Imlo qoidalari til taraqqiyotining ma’lum bir bosqichini nazarda tutgan holda tuziladi. Tilning rivojlanishi hamda ba’zi hollarda yozuvning o‘zgarishi bilan imlo qoidalari ham shunga mos ravishda takomillashtirilib boriladi.
Imlo orfoepiya hamda alfavit bilan uzviy ravishda bog‘liqdir. Adabiy talaffuz me’yorlarining aniq ishlab chiqilishi o‘z navbatida imlo qoidalarining puxta va pishiq bo‘lishida yordam beradi. Alifbo adabiy tildagi fonemalarni to‘la va to‘g‘ri ifodalash uchun yetarli harfiy belgilarga ega bo‘lsa, imlo ham shunga muvofiq ravishda davr talablariga javob bera oladigan mukammal va qulay qoidalarni o‘zida tarkib toptiradi.