1.2. Ot yasalishi haqida ma’lumot
Ot va sifat yasalishi, ushbu so‘z turkumlariga oid yasalishda sintaktik(kompozitsiya) usul bilan yasalgan so‘zlar salmog’i haqida gapirishdan oldin umuman so‘z turkumlarida so’z yasalishi haqida ham bir-ikki og’iz fikr bildirib o‘tish zarur, nazarimizda.
So’z turkumlarida so’z yasalishi deganda, o’zbek tilida aynan ma’lum bir turkum so’zlarining yasalishi tushuniladi. Tilimizda bu hodisa asosan mustaqil so’z turkumlari doirasida kuzatiladi, shunda ham olti mustaqil so’z turkumidan to’rttasida yasalish tizimi mavjud. Aslida esa o’zbek tilidagi barcha so’z turkumlari so’z yasash jarayonida ishtirok etadi. Lekin yangi leksik ma’noli so’zlar faqat ot, sifat, fe’l, ravish turkumida hosil bo’ladi. Yana bir holat shuki, yuqoridagi so’z turkumlari hosil qilinishida o’zbek tilidagi mustaqil va nomustaqil barcha so’z turkumlari ishtirok etadi. Buni quyida ot va sifat yasalishi bo’yicha keltiriladigan misollardan ham ko’rishimiz mumkin.
1. Shaxs oti yasovchi affikslar:
- chi: ot, sifat, son va harakat nomidan ot yasaydigan serunum affiksdir: ov+chi, ish+chi, a’lo+chi, yolg‘on+chi, ikki+chi, ellik sentner+chi, kurash+chi, o‘quv+chi. Bu otlar umumiy ma’nolariga ko‘ra bir necha uyadosh guruhlarni tashkil etadi:1) kasb, mutaxassislik bilan shug‘ullanuvchi shaxs otlari: ishchi, neftchi, sportchi, qo‘shiqchi, bo‘zchi, hisobchi, tunkachi, tilchi; 2) asosdan anglashilgan harakat va hodisada ishtirok etuvchi shaxs otlari: jangchi, isyonchi, hasharchi; 3) asosdan anglashilgan harakat va hodisa bilan shug‘ullanuvchi shaxs oti: respublikachi, himoyachi, xabarchi kabilar shular jumlasidandir.–chi affiksi ba’zi ot yasovchilar bilan ma’nodoshlik hosil qiladi. Shu bois ular qo‘shilgan o‘zakdosh so‘zlar sinonimik munosabatda bo‘ladi: chorva+ chi, chorva+dor, ko‘mak+chi, ko‘mak+dosh, mehnat+chi, mehnat+kash, til+chi, til+shunos. Bu affiks so‘roq, taajjub, kuchaytiruv ma’nolarini anglatuvchi - chi yuklamasi bilan shakldoshdir: terim+chi, terim-chi.
-dosh: otdan birgalik, sheriklik, umumiylik kabi ma’noga ega bo‘lgan ot yasaydi: vatandosh, zamondosh, safdosh, sirdosh. Bu affiks ba’zan tojikcha ham- old yasovchi qo‘shimcha bilan ma’nodoshlikka ega bo‘ladi: kasbdosh-hamkasb, suhbatdosh-hamsuhbat.
-kash: otdan kasb-hunar, xususiyat otlarini yasaydi: aravakash, mehnatkash, qalamkash. Bu affiks otdan sifat yasovchi - kash qo‘shimchasi bilan shakldoshdir. Qiyoslang: pastkash, dilkash, dardkash.
Dostları ilə paylaş: |