Adabiyot 6 (I qism) 2017. p65



Yüklə 1,83 Mb.
Pdf görüntüsü
səhifə24/74
tarix02.01.2022
ölçüsü1,83 Mb.
#42372
1   ...   20   21   22   23   24   25   26   27   ...   74
S. ahmedov, R. Qo‘chqorov, sh. Rizayev a d a b I y o t umumiy o‘ (1)

BAXTIM KULIB BOQQAN EDI
Qayoqqa borishni, nima qilishni bilmas edim. Boshim qot-
gan, o‘ylab o‘yimga yetolmayman. Ammo bir jihatdan ko‘nglim
shod – ovqat tekin, poyezd-u avtobuslar tekin, qadrdon
qalpoqcham boshimda. Zeriksam, u bilan suhbat quraman.
– Qalpoqcham, qayerlarga kelib qoldik? – deb so‘rayman.
– O‘zim ham bilmayman, Hoshimjon, – deydi qalpoqcham.
– Rostini ayt, mendan agronom chiqarmikin-a?
– Chiqadi. Albatta, chiqadi.
– Axir mening diplomim yo‘q-ku? – deyman ko‘nglim
o‘ksib.
– O‘kinma, – deydi qalpoqcham, – qo‘lingni cho‘ntagingga
sol – diplom tayyor.
Qo‘limni cho‘ntagimga solgan edim, chindan ham ko‘k jildli,
ichkarisiga har xil yozuvlar yozilib dumaloq muhr bosilgan dip-
lom chiqib qoldi.
– Qalpoqcham, axir mening bo‘yim juda past-ku, – deyman
yana ikkilanib, – hech kim meni katta odam deb o‘ylamaydi-
ku?
– Xafa bo‘lma, kerak bo‘lganda bo‘y ham qo‘shib beraman.
Yo‘l yurdim, yo‘l yursam ham mo‘l yurdim, bir mahal mun-
doq qarasam, sahro-yu biyobonga kelib qolibman. Bir tomoni
poyoni yo‘q cho‘l. Qarasang, ko‘zing jimirlab ketadi. Yantog‘-u
sho‘radan boshqa hech narsa ko‘rinmaydi. Ahyon-ahyonda
menga o‘xshab qayoqqa borishini bilmay garang bo‘lib uchib
yurgan qushlar to‘dasigami, dumi uzun yumronqoziq yoki
ko‘zini lo‘q qilib turgan kaltakesakkami duch kelib qolasan.
Ikki marta ilonlar galasiga ham uchrab qoldim. Yegani ovqat
topolmay bir-birining dumini so‘rib yotgan ekan, meni ko‘rishi
bilan sevinib, shunaqangi quvlashga tushib ketishdiki, agar
boshimga qalpoqchamni kiyib olmaganimda, kim biladi, holim
ne kechar edi...


6 7
Biroz yurgach, bog‘-rog‘lar yashnab yotgan joyga kelib
qolibman. Tavakkal qilib daraxtzorlar orasidan yurib bora-
verdim. Goh olmazor, goh shaftolizor, goh tokzorlar orasidan
o‘tib borardim. Bir tomonda g‘o‘zalar ham yashnab yotibdi.
Dadamga o‘xshagan odamlar tepasiga brezentdan soyabon
o‘rnatilgan universallarga minib olib ishlov berishmoqda. Katta
sement ariqdan shundoqqina o‘tishim bilan g‘alati bir manza-
raga ko‘zim tushib, rostini aytsam, hang-u mang bo‘lib qoldim.
Yuz gektarcha keladigan katta maydon mayda-mayda bo‘lak-
larga bo‘lib tashlangan, har bir bo‘lakchada uchtadan-to‘rttadan
bo‘lib o‘zim tengi, o‘zimdan sal kattaroq bolalar, Oyshaxon
singlimga o‘xshash qo‘ng‘ir sochli qizchalar terlab-pishib ish-
lashib yotibdi.
– Hoy bola, horma! – dedim g‘o‘zaning ichidan o‘t yulib
yurgan bir bolaning yoniga borib.
– Ishingni qil, – dedi u boshini ko‘tarmay.
– Horma, deyapman.
– Ishingni qil deyapman, – shunday deb notanish bola sekin
boshini ko‘tardi. Ko‘tardi-yu, uyalganidan bo‘lsa kerak shol-
g‘omdek qizarib ketdi.
– Kechirasiz, – dedi peshanasidagi terini artib,– men sizni
o‘zimizning Shavkat deb o‘ylabman.
– Kechirasiz, – dedim men ham hurmatini joyiga qo‘yib, –
bu qaysi mamlakat?
– Nima?
– Qaysi mamlakat deyapman?
– Mamlakat emas, Mirzacho‘l.
– E, anavi gazetadagi Mirzacho‘l shu yerlarmi?
Gazetadagi emas, Mirzacho‘ldagi Mirzacho‘l, – tushuntirdi
notanish bola.
– Bu yerda nima qilyapsizlar?
– O‘t yulyapmiz.
– Bu g‘o‘zalar kimniki o‘zi?
– Bizniki.


6 8
– Nega endi sizniki bo‘larkan?
– Ana shu, ko‘rib turganingiz o‘n gektar yerdagi g‘o‘zani
oltovimiz ekkanmiz, o‘zimiz parvarishlayapmiz, hosilini ham
mashinada o‘zimiz yig‘ishtirib olmoqchimiz.
– Sizlarga agronom kerak emasmi?
– Yo‘q, – dedi bola boshini chayqab, – biz o‘zi bo‘lajak
agronomlarmiz...
Gapni cho‘zib o‘tirmasdan narigi kartalarga o‘tib ketdim.
Mendan ko‘ra sal novcharoq bo‘lgan ikkita bola qovun chopiq
qilish bilan ovora.
– Nima qilyapsizlar? – so‘radim jo‘rttaga nima qilayot-
ganlarini ko‘rib turgan bo‘lsam ham.
– Ikkinchi chopiq qilyapmiz, – degan mujmalroq javob
oldim. Bolalar juda shoshib ishlashardi. Yo bir-birlari bilan kim
ko‘p ishlashga musobaqa o‘ynashgan yoki o‘zlari shunaqangi
chaqqon ishlashga o‘rganib qolishgan bo‘lsa kerak deb o‘yla-
dim. Rostini aytsam, shu paytda mening ham ana shu bolalar
bilan egatlarga yonma-yon tushib olib, musobaqalashib ketmon
chopgim kelib ketdi. Lekin o‘zimni bosib, jiddiy bir ohangda:
– Sizlarga agronom kerak emasmi? – deb so‘radim.
– Yo‘q, kerak emas.
– Nega endi kerak bo‘lmas ekan? Ehtimol, kerakdir?
– Bizning o‘zimiz agronommiz.
Shundan keyin kun botguncha ishlayotganlarni gapga solib,
suhbatlashib, mayda kartalarni aylanib, tomosha qilib
yuraverdim. O‘ziyam tomosha qilsang arzigulik joylar ekan,
cho‘lni yashnatib yuborishibdi. Bir kartada hali aytganimdek
paxta, boshqasida hali aytganimdek qovun-tarvuz, nariroqda
piyoz, beriroqda karam! Ayniqsa, bu atrofdagi mevalarni ayt-
maysizmi. Luchchak shaftolilarga maza kiray deb qolibdi, olma
daraxtlari hosilni ko‘p qilganidan biron ayb ish qilib qo‘y-
gandek boshlarini egib turibdi. Uzumning o‘zidan, xoh ishoning,
xoh ishonmang, roppa-rosa yigirma ikki xilini sanasam-a.


6 9
Tovuqlarga don berib yurgan, hadeb tuxum yeyaverganidan
bo‘lsa kerak, oshqovoqdek semirib ketgan sariq sochli bir
qizdan:
– Bu tovuqlar kimniki? – deb so‘radim.
– Bizniki, – dedi qiz hozirgina archilgan kattagina tuxumni
og‘ziga solib.
– Tuxumni kimga berasan?
– O‘quvchilarga.
– Uy vazifalarini bajarmaganlarga ham beriladimi?
– Unaqalar bizda yo‘q.
– Bordi-yu, bitta-yarimta topilib qolsa-chi?
– Bor, ishingni qil, – dedi sariq sochli qiz yana bitta tuxumni
og‘ziga solib, – tovuqlarimni hurkitib yuboryapsan.
– Menga qara, – dedim biroz yumshab, – sizlarga zootexnik
kerak emasmi?
– Zootexnikni nima qilamiz?
– Ish o‘rgatadi-da.
– Unaqasidan o‘zimizda ham to‘lib yotibdi...
Sal nari borgan edim, atrofi yog‘och taxta bilan o‘ralgan kat-
ta qo‘rg‘onga ko‘zim tushib qoldi. Darvoza tepasiga «Krupskaya
nomli maktab-internat fermasi» deb yozib qo‘yishibdi. Ha-ha,
bu maktabning hali fermasi ham bor ekan-da deb o‘yladim-u
sekin ichkari kirib bordim. Rostini aytsam, ferma uncha katta
ham, uncha kichik ham emas ekan: sakkizta sigir, o‘n to‘rtta
cho‘chqa, uchta qo‘tir echki – bor-yo‘g‘i shu.
– Qo‘ylaring ham bormi? – so‘radim mollarning tagini
tozalab yurgan past bo‘yli, peshonasi do‘ng bir boladan.
– Qo‘ylar cho‘lda... – dedi bola menga qarab angrayib.
– Quyonlar-chi?
– Quyon fermamiz katta bog‘ning ichida turadi.
– Echkilaring bor-yo‘g‘i uchtami?
– Muncha ezma ekansan, aytdim-ku, echkilar ham qo‘ylar-
ning yonida deb.


7 0
– Shunaqa demaysanmi, – dedim sal past kelib. – Men
bo‘lsam boshqalari kasal tegib o‘lib ketganmi deb o‘ylabman.
Buzoqlaring ko‘rinmaydi?
Peshonasi do‘ng bola toza jonimga tegding-ku, degandek
qo‘lini siltab, paqir bilan supurgini ko‘targancha, xiyol oqsoq-
lanib cho‘chqaxonaga o‘tib ketdi. O‘sha yerdan turib, negadir
tilini uzun chiqarib meni masxara ham qilib qo‘ydi.
Tort tilingni, hozir borib sug‘urib olaman! – dedim mush-
timni ko‘rsatib.
– Meni-ya!
– Ha, seni.
– Urishgandan ko‘ra kelib ishga qarashsang bo‘lmaydimi! –
dedi bola iljayib, ishga tushsam tushay deb ustimdagi yangi
ko‘ylagimni shartta yechdim-da:
– Qani, ishingni ko‘rsataver, – deb qo‘ydim.
– Menga qara, tag‘in sen mehmon bo‘lmagin? – qiziqib
qoldi u.
– Mehmonman-da.
– Iye, shunday demaysanmi? Qani, tanishib qo‘yaylik:
mening otim Hayitvoy, yettinchi sinfda o‘qiyman.
– Mening otim Hoshimboy, – deb qo‘limni cho‘zdim, – oltin-
chi sinfning a’lochi o‘quvchilaridan bo‘laman. Sizlar o‘zi kim-
sizlar, o‘quvchimi, kolxozchimi, hech tushunolmay qoldim-ku?
– Bizmi, biz hu anavi ikki qavatli bino bor-ku, o‘sha yerda
o‘qiymiz, darsdan bo‘sh vaqtimizda ko‘rib turganingdek
ishlaymiz, kasb o‘rganamiz. Biz-chi, Hoshimboy, o‘zimizni
o‘zimiz boqamiz, o‘zimizni o‘zimiz kiyintiramiz...
– Rostdan-a?! – dedim hech ishongim kelmay.
– Rost, – Hayitvoy ishonchsizlik bildirganim uchun biroz
xafa bo‘ldi, – hali sen ko‘rganing yo‘q, o‘ttiz gektar yerda
mevazor bog‘imiz bor, shig‘il hosilga kirgan. Yarmini yeymiz,
yarmini bozorga chiqarib sotamiz. Go‘sht ham, sut ham o‘zi-
mizda yetarli.
– Sigirlarni kim sog‘ib beradi?


7 1
– Kim sog‘ardi, o‘ninchi sinfning qizlari-da.
– Meva-chevalarni ham o‘shalar sotib beradimi?
– Bo‘lmasam-chi? – dedi Hayitvoy maqtanib,– direktorimiz
Xursanali Sharafiddinovich bu qizlardan ajoyib sotuvchilar yeti-
shib chiqadi deydi. Mayli, rastrata qilsalar ham ishlashaversin,
bora-bora o‘rganib ketishadi deydi. Tunov kuni, bilasanmi, nima
bo‘ldi? Tekshiruvchilar borganda, haligi budkada sut-qatiq sotib
o‘tiradigan Sanobar opam bor-ku?
– Qaysi? – so‘rab qo‘ydim.
– Hali o‘ninchi «b» da o‘qiydigan bor-ku, o‘sha oq xalat
kiymasdan savdo qilayotgan ekan, qo‘lga tushib qolibdi. Tar-
tibni buzgani uchun rosa muhokama qilib vigovor berishdi.
Undan keyin desang, o‘n besh so‘m shtraf qilishdi.
– Shtraf pulini qayerdan oladi?
– Qayerdan olardi, brigadaning fondidan oladi-da, hali ayt-
dim-ku, mahsulotlarimizdan kelgan foydani kassaga qo‘yamiz
deb. Kassadagi pul yig‘ilaveradi, yig‘ilaveradi, keyin o‘ninchini
bitirib butunlay ketayotganimizda har kim o‘ziga tegishli pulni
olib ketadi.
– Rost aytyapsanmi? – dedim yana ishongim kelmay.
– Rost. O‘tgan yil maktabimizni ellik kishi bitiruvdi, bitirish
kechasi Xursanali Sharafiddinovich har biriga ming so‘mdan pul
ulashdi, biz rosa qarsak chaldik... Sizlarning maktablaringizda
ham shunaqami?
Rostini aytsam, nima deyishimni bilmay, jo‘rttaga nariroq-
dagi sigirlarni tomosha qilayotgandek angrayib turaverdim. Biz-
ning maktabimizda, yashirib nima qilaman, bu yerda ko‘rgan-
larimning mingdan biri ham yo‘q. Rost, tirik burchakda ikkita
oriq quyon bor edi, lekin uning ham bittasi ochidan o‘lib qol-
gan. Undan keyin maktabimizning orqasida kattagina mevazor
bog‘ ham bor, lekin bu daraxtlar meva qiladimi-yo‘qmi, hozir
o‘ylay-o‘ylay hech xotirlay olmadim. Shunday bo‘lsa ham mak-
tabimizning sha’nini hecham yerga urgim kelmasdi.
– Nima deding? – dedim maqtanishga chog‘lanib.


7 2
– Sizlarda ham shunaqalar bormi deyapman?
– Sizlarnikidan yuz marta yaxshisi bor.
– Quyon fermalaringiz ham bormi?
– Bor. Hatto bizda sher, arslonlargacha bor...
– O‘h-ho‘, – dedi Hayitvoy qo‘rqqanidan ko‘zlari ola-kula
bo‘lib, – yeb qo‘ymaydimi?
– Biz ularni temir qafaslarga solib, ustidan kattaligi sening
kallangdek keladigan qulflar solib qo‘yganmiz...
– Sizlarda haligi eshik, rom yasaydigan ustaxonalar ham
bormi?
– Oh-ho, bizning ustaxonani bir ko‘rsang, – deb qo‘ydim.
Shunday deyman-u, lekin maktabimizning ustaxonasi qayerda
ekanini o‘zim ham bilmayman.
– Haligi kiyim-bosh tikadigan artel-chi? – deb so‘rashda
davom etdi Hayitvoy.
– Bor. Hammasi bor. Mana shu ustimdagi ko‘ylak ham o‘sha
yerda tikilgan. Oyog‘imdagi tuflini Shokir degan bitta og‘aynim
tikib bergan.
– Bizda ham ustaxonaning har xilidan bor, – dedi Hayitvoy
biroz shashtidan tushib, – hozir olib borib ko‘rsatardim-u, lekin
ishlarim qolib ketadi-da.
Men uning ishlariga ko‘maklashadigan bo‘ldim. Ko‘z yumib-
ochguncha avval molxonani, so‘ngra cho‘chqaxonani yog‘ tom-
sa yalagudek qilib tozalab tashladik. Go‘ng bilan chiqindilarni
men katta chelakka solib turdim. Hayitvoy tashqariga bo‘zchi-
ning mokisidek qatnab turdi. Bir nafasda hamma yoq, hali
aytganimdek, yog‘ tomsa yalagudek bo‘ldi-qoldi.
– Do‘stim Hayitvoy, – dedim ishlar tugagach, – sizlarga mol
doktori kerak emasmi?
– Do‘stim Hoshimboy, – javob qaytardi sherigim, – mana
shu fermadagi sakkiz bola hammamiz mol doktori bo‘lamiz...
Hayitvoy bilan o‘rtoq bo‘lib qoldik. O‘ziyam ko‘ngli ochiq,
xushchaqchaq, menga o‘xshab qiziqchiroq bola ekan. Avvaliga
rosa maqtanchoq bo‘lsa kerak, deb o‘ylagan edim. Yo‘q, uncha-


7 3
lik maqtanchoq ham emas ekan. Aytganidek, maktabning
ustaxonasi ko‘rsang ko‘rgudek, tomosha qilsang tomosha qilgu-
dek joy ekan. Qizlar mening oyimnikiga o‘xshash tepki ma-
shinada chok tikishayotgan xonaga kirib o‘n minut chamasi
angrayib turdim. Qasam ich desangiz, qasam ichib aytamanki,
bunaqangi ustaxona dunyoda hech bir maktabda bo‘lmasa kerak.
Quyonlarning terisidan jajji qizlar uchun popukli qalpoqchalar,
oq batistdan o‘quvchi qizlar kiyadigan fartuk deysizmi, paxta
teriladigan kanop etaklar deysizmi, xullas, dunyodagi yo‘q ki-
yimlar mana shu yerda tikilar ekan. Biram bejirim, biram chi-
royli tikishyaptiki! Hay-hay, nozik qo‘lchalarning chiroyli hara-
katlarini aytmaysizmi, oyoqchalarning bir me’yorda ishlashini
qarang-a! O‘zlari kichkina-kichkina qizlar, oyoqlari tepkiga
zo‘rg‘a yetyapti-yu, katta xotinlardek kerilib o‘tirishadi-ya, obbo
jin sochlar-ey! Zavqim oshganidan yoniga borib bittasining
biqinidan sekin chimdigan edim, qo‘limga bir tushirdi.
– Bular ham sotiladimi? – deb so‘radim Hayitvoydan.
– Sotiladi, hammasi sotiladi, – tushuntirishda davom etdi u.
– Menga qara, ana u qalpoqchalardan esdalik uchun menga
ikkita berolmaysanmi?
– Nima qilasan bularni?
– Ikkita singlim bor, o‘shalarga sovg‘a qilib olib bormoqchi-
man.
– Yo‘q, berolmayman.
– Berasan, keyin qo‘limga pul tushganda kelib to‘lab keta-
man.
– Berolmayman! – dedi Hayitvoy biroz jahli chiqib.
– Berasan, – shunday dedim-da, stol ustida turgan chiroyli
qalpoqchalardan ikkitasini olib qo‘ltiqqa urdim. Hayitvoy
qo‘limga yopishgan edi, bilmasdan qattiqroq itarib yuborgan
ekanman, bechora ikki-uch dumalab ketsa bo‘ladimi. Chok
tikayotgan qizlar bizni kuzatib turishgan ekan, ularni sut-qatiq-
lar bilan ta’minlab, nonushtalariga qaymoqlar yetkazib bera-
yotgan ukajonlarini ranjitganim uchun mendan o‘ch olmoqchi


7 4
bo‘lib 28 qiz baravariga o‘rnidan turdi: birining qo‘lida pichoq,
birining qo‘lida qaychi, birisi qizib turgan dazmolni ushlab ol-
gan, hammalari menga tashlanib qolishdi. Qarasam, ishning keti
xunuk bo‘ladigan. Qochmagan nomard, dedim-da, o‘zimni
eshikka urdim... Yo‘q, Mullahoshimboy kechikkan ekanlar,
eshikni allaqachon berkitishga ulgurishibdi, qalpoqchamni bo-
shimga kiyishga arang ulgurib qoldim. Ko‘zdan yo‘q bo‘lishim
bilan:
– Stolning tagini qaranglar, stolning tagida! – deb qichqirdi
biri.
– Shkafning ichiga kirgandek bo‘ldi!– dedi boshqasi shovqin
solib. O‘zimni sekingina derazadan hovliga otdim. Qizlar:
«O‘g‘ri qochdi, ushlanglar!» – deb orqamdan yugurib chiqishdi.
Butun internatda trevoga ko‘tarildi. Direktor Xursanali Shara-
fiddinovich radiouzel orqali e’lon qilib meni qidirishga 550
o‘quvchining hammasini safarbar qildi.
– Afti angori esingda qolganmi? – so‘radi u Hayitvoydan.
– Bo‘lmasam-chi?..
– Unda mana bu radiouzel orqali hammasini gapirib ber,
tezroq bo‘l!
– Diqqat, diqqat! – hovliqib, xirillab gapira boshladi Ha-
yitvoy, – o‘g‘rini qidirayotganlar diqqatiga. Hozirgina qochgan
bola 12–13 yoshlarda edi. O‘zi qorachadan kelgan, oriq, bo‘yi
mendan ko‘ra novcharoq. Ko‘zlari yirik-yirik, doim chaqnab
turadi. Burni angishvonaga o‘xshaydi. Gapirganda tutilib-tutilib
qoladi. Ustida oq shoyidan sorochkasi bor, shimi yo‘l-yo‘l
sherstdan, dazmollanmagan. Afti boshiga bir haftadan buyon suv
tegmagan bo‘lsa kerak, hamma yog‘i kir...
Hayitvoy radiodan e’lon berayotgan mahalda men direktor-
ning kabinetida xuddi o‘sha direktorning o‘zi bilan yonma-yon
o‘tirib choyxo‘rlik qilmoqda edim. Divanga yonboshlab olib
o‘ylanib ketdim.
– Nimalar qilib qo‘ydim o‘zi? Ularning mehnatiga yordam-
lashish o‘rniga hammasini ishdan qo‘ydim-ku! Mana Xursanali


7 5
Sharafiddinovich bilan yonma-yon o‘tiribmiz, o‘zi yomon odam-
ga o‘xshamaydi, ancha mehribon, gapga tushunadigan ko‘rina-
di... Ehtimol, yaxshilikchasiga iltimos qilganimda meni biron
uchastkaga agronom qilib olgan bo‘larmidi. Ishlarim yurishib
ketganda, kim biladi, rasmim gazetalarda bosilib ham chiqar-
midi. Ana unda mehribon direktorimiz Otajon Azizovich ham,
algebra muallimimiz Qobilov ham kishi o‘qimasdan turib agro-
nom bo‘la olishi, o‘rtoqlariga hisobsiz foydalar keltirishi mum-
kinligini o‘z ko‘zlari bilan ko‘rardilar... ha, baxtim kulib boqay
deb turgan edi. Lekin afsuski, ishni o‘zim buzib qo‘ydim...
Sekin o‘rnimdan turdim-da, Xursanali Sharafiddinovichning
sovib qolgan choyidan och qoringa xo‘rillatib bir xo‘pladim-u,
radiouzel o‘rnatilgan xonaga kirdim. Hayitvoy o‘sha yerda
hamon kekirdagini cho‘zib gapirar edi.
– Ma, qalpog‘ingni ol, bunaqasi bizning maktabda ham to‘lib
yotibdi! – dedim-da, oyog‘ining tagiga tap etib tashladim.
Arzimagan bir narsa uchun yuzim shuvut bo‘lib qoldi, endi
bu yerda qolishim mumkin emas edi. Bolalarning oshxonasiga
kirib qozonning boshiga o‘tirib oldim-da, lazzatli taomlardan
to‘yib-to‘yib yedim. Kompot pishirishgan ekan, undan ham ikki
stakanni pok-pokiza urib oldim. Keyin, o‘zingiz ham sezib
turgan bo‘lsangiz kerak, yana yo‘lga ravona bo‘ldim...
IV BOB

Yüklə 1,83 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   20   21   22   23   24   25   26   27   ...   74




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin