Ko‘zung ne balo qaro bo‘lubtur
Kim, jong‘a qaro balo bo‘lubtur.
Misralari bilan boshlanadigan g‘azali boshdan oyoq mana shu san’atning qo‘llangani bilan ajralib turadi. «Balo» va «qaro» so‘zlari dastlabki oddiy tartibida ko‘zning qoraligini ta’kidlash uchun bo‘ysundirilgan. U «shunchalik», «nihoyatda» kabi so‘zlarning o‘rnida kelgan deyish mumkin. Ammo ularning o‘rni almashganidan keyin, ikkinchi misrada mutlaqo boshqa ma’no va mazmun yuzaga keladi. «Qaro balo»
baloning rangini emas, balki uning darajasini, dahshatini ifodalaydi.
NIDO. Nido boshqa she’riy san’atlardan bevosita inson qalbidagi his va hayajonlarni ochiq va kuchli tasvirlab bera olish imkoniyati bilan ajralib turadi. Insonning ichki tuyg‘ulari po‘rtana misoli junbushga kelganida lirik qahramon olamdagi har qanday narsa-hodisalarga, tabiatdagi istalgan narsaga, o‘zining qalbiga, suhbatdoshiga murojaat etishi mumkin. Masalan, «Rustamxon» dostonida Sultonxon Rustamga «qo‘zim» deb murojaat etadi:
Necha kun, necha tun orada o‘tdi,
Rustamga Sultonxon u so‘zni aytdi:
– Quloq solgin xon otangning tiliga,
Qo‘zim, ketayik-da Oqtosh eliga, Boshqa bir g‘azalida esa lirik qahramon yorga: «Ey Yusuf husn», – deya murojaat etadi.
Atoyining «Hajringda, begim, oh degumdur dag‘i o‘lgum» deb boshlanadigan g‘azali oshiqona bo‘lib, unda suyuklisiga muhabbatni olamdagi hamma narsadan ortiq ko‘radigan oshiq holati ifoda etilgan. Shoir o‘z dil izhorlarini, hurmat va ehtiromini «begim» so‘zida mujassamlashtira olgan.
Sensiz u jahon ayshi alamdur manga, ey do‘st,
Shodlig‘i ham mehnat-u g‘amdur manga, ey do‘st. (Atoyi)
Alisher Navoiy lirik qahramonining ichiga sig‘may ketgan ruhiy holatini aks ettirish uchun tabiatga, aniqrog‘i tabiat hodisalaridan bo‘lgan saboga murojaat etadi:
Ey sabo, holim borib sarvi xiromonimg‘a ayt,
Yig‘larimning shiddatin gulbargi xandonimg‘a ayt.