Qon bo‘ldi ko‘ngul fioqi birla,
Kuydi jonim ishtiyoqi birla
matla’li g‘azali tahlili misolida ham ko‘rish mumkin. Nihoyatda sodda va o‘ynoqi bu g‘azalda qizning o‘xshashi yo‘q zulfi yuraklarni o‘rtaguvchi ko‘zlari, o‘qday kipriklari o‘z holicha vasf etilmay, tabiatdagi eng nodir va go‘zal narsalar bilan yonma-yon qo‘yib tasvirlanishi orqali katta badiiy ta’sirchanlikka erishiladi:
G‘uncha sevunub to‘nig‘a sig‘mas,
O‘xshatsam, o‘qing bashoqi birla.
Shoir nazarida, yorning kiprigi kamon o‘qining uchiga o‘xshaydi. Chunki kiprik o‘qqa ikki jihati bilan o‘xshaydi: avvalo, kiprik ham o‘qday tik. Ikkinchidan, o‘q yovni yaralasa, yor kiprigi oshiq yuragini nishonga oladi. Shu bois ochilmagan gulg‘uncha o‘zining yor kiprigiga o‘xshash ekanini eshitib, «to‘nig‘a sig‘may» ketdi, ya’ni ochildi. Atoyi «Netti, ne bo‘ldi?» radifl g‘azalida ma’shuqa achchiq-tiziqlaridan, nozlaridan hayratga tushgan oshiq holatini ifoda etadi. U yor g‘azabiga duchor bo‘ldi, lekin aybi ne ekanini bilmaydi. Shu bois uni savollar qiynaydi. Atoyi mumtoz she’riyatimizga alohida olingan inson ruhiyati tasvirini kirita bilgan shoirdir: