Adabiyotning vazifalari – Adabiyot shakli, hajmi va mazmunidan qat’i nazar bir emas, bir necha vazifalarni bajarishga qaratilgan bo‘ladi. SHundan kelib chiqib badiiy ad-tga nisbatan polifunksionallik (vazifadorlik) tushunchasi uning zimmasiga yuklanadi. Adabiyot vazifalaridan asosiylari quyidagilar:
Ijtimoiy vazifasi – Adabiyotning ijtimoiyligi kishilar ongiga g‘oyaviy-estetik ta’sir qilishda, sotsial o‘zgarishlarda qatnashishda, muallifning hayot haqiqatini o‘rganib yangi poetik dunyo yaratishida va fakt, voqea hamda prototiplar asosida ta’sirchan obrazlar yaratishida ko‘proq ko‘zga tashla-nadi. Adabiyot muallif uchun emas, balki jamiyat uchun yashaydi. SHuning uchun ham uning asari birinchi navbatda, ijtimoiy vazifador bo‘lishi, ya’ni jamiyatga qaysi sohada bo‘lmasin naf keltirishi kerak.
Evristik vazifasi. Adabiyot – dunyoni bilish, ijodiy o‘zlashtirish vositasi. Bu vazifa ad-tning evristik yumushidan kelib chiqib, biror voqea, hodisa, holat, jarayon v.b. haqida ilk ma’lumot keltiradi. Evristika yuzaki qaraganda asarning mavzusi, sarlavhasi va mundarijada akslanayotganday tuyulsa ham, ijodiy diskurs jarayonida badiiy asarning barcha uzv (komponent)lari ishtirok etadi. Mas., Balzak romanlari XIX asr fransuz hayotini o‘rganishda tarixiy asarlardan ham muhimroq vazifani bajarganini mutaxassislar e’tirof etishgan. SHu kabi A.Qodiriy romanlari yaqin o‘tmishimizni, xonlik zamonlarini o‘rganishda muhim adabiy manba sanaladi.SHundan badiiy ad-tni “hayot darsligi” deb ataydilar.
Konseptuallik vazifasi. Adabiyot – hayotni badiiy tadqiq etish vositasidir. A. kitobxonni bilishdan idrok etishga, undan anglashga va yanada chuqurroq qaraganda hayot hodisalarini tadqiq etishga qarab yo‘naltiradi. Adabiyot hayotda va badiiy asarlarida insonlarning qadrini ko‘taradi va mana shu ma’noda har bir inson jamiyat uchun qadrli ekanligini anglash orqali jamiyatni taraqqiy ettirish ishiga hissa qo‘shadi. Adib hayotning yangi modelini yaratar ekan, u o‘z asariga muallif konsepsiyasini singdiradi, dunyoni tadqiq etishning o‘z usulini tavsiya etadi. Demak, muallif konsepsiyasi kitobxonni tadqiqiy faoliyatga yo‘naltiradi.
Emotsional, hissiy tarbiya berish. Bu bilan adabiyot inson tuyg‘ularini yangilaydi, uni his qilishga, sevishga, ardoqlashga o‘rgatadi. U kitobxon tuyg‘ulariga ta’sir etib, tuyg‘u uyg‘otuvchi ma’naviy kuchga ega bo‘lishi kerak, aks holda adabiyot tashigan tuyg‘ular chala, yuzaki, engil-elpi va muayyan maqsadga yo‘naltirilmay qoladi. Emotsional tarbiya jarayonida adabiyot san’at turi sifatida kitobxonga lazzat bag‘ishlaydi. Adabiyotning gedonistik (lazzat beruvchi) vazifasi uning boshqa barcha vazifalarini bajarishga zamin yaratadi. Qadimgi kishilar san’at asarlari beradigan ma’naviy lazzat, rohatni jismoniy lazzatga nisbatan afzal deb bilar edilar. Bu vazifa quyidagi sabablardan kelib chiqadi (boshqacha aytsak, lazzat manbalari quyidagilardir): 1) san’atkor hayot go‘zalliklarini nozik his etadi, estetik boyliklarini tez, mohirona va erkin o‘zlashtiradi; shu holat insonlarni hayratlantiradi va zavqlantiradi; 2) san’atkor insoniyat tarixidagi qiziqarli voqea-hodisalarning estetik qimmatini ko‘rsatib beradi; 3) san’at asari g‘oyaviy mazmuni va badiiy shaklining mosligi, uyg‘unligi bilan zavq, lazzat beradi; 4) real voqelikka nisbatan badiiy voqelik go‘zallik va haqiqat qonunlari asosida tartibga solingan va tuzilgan bo‘ladi; 5) san’atkorning ilhom bilan yozilgan (yasalgan) asari retsepient – qabul qiluvchiga ham ilhom va shodlik baxsh etadi; 6) badiiy ijod bir jihatdan (topishmoqli, sirli) o‘yinga o‘xshaydi va san’atning mana shu erkin o‘yinlari kitobxon, tomoshabin, tinglovchini benihoya zavqlantiradi. Sazef Xeyzin: “San’atda o‘yin, o‘zni unutish va ruhlanish – muqaddas yoki bayramona kayfiyat, ma’rifat yoki ermak uchundir. Bu o‘yin (asosan, so‘z o‘yini) san’atkorga quvonch va orom beradi. Poetik shakl yasashning barcha usullari so‘z o‘yiniga kiradi: vazn va ritmik bo‘linishlar (turoqlar, ruknlar), kuy va ohang, qofiya va assonans (ohangdoshlik), yashirin ma’nolar, jumlaning qoyilmaqomligi. Badiiy ijod odamlarga go‘zallikni anglatishi va badiiy haqiqati bilan quvonch keltira-di. San’atning gedonistik funksiyasi har bir shaxs o‘z-o‘zicha qadrli degan g‘oyaga asoslanadi.