Tayanch tusunchalar: Badiiy adabiyot, spetsifika, badiiylik belgilari, adabiyot, so‘z san’ati, badiiylik mezonlari. Badiiy adabiyot “go‘zal, nafis” so‘zalaridan olingan sifat bo‘lib, badiiyatga, san`atga aloqador degan ma’noni bildiradi. Badiiylik istilohi ancha keng qamrovli tushuncha bo‘lib, uning zamirida yangilikni anglatish, go‘zallikni his etish, ijodiy muloqot singari ma’nolar umumlashgan. Adabiyotda badiiylik deganda, adabiy asarning o‘ziga xos xususiyati badiiy timsollarining mahorat bilan ishlanishi nazarda tutiladi. Badiiylik alohida asarga nisbatan qo ‘llanilganda undagi badiiy niyat va ifoda uyg‘unligi, janr talabalari ijodkor iste’dodi, tabiati va umuman olganda, shakl va mazmun munosabati nazarda tutiladi.
Abdurauf Fitrat san’atni ikkiga bo‘ladi:
1. Tasviriy tur – rassomlik, haykaltaroshlik, me’morchilik
2. Ifodaviy tur – raqs, musiqa, badiiy adabiyot.
San’at boshqa hodisalar qatorida dunyoni o‘rganish vositasidir. Agar unga sho‘rolar davrida shakllangan ijtimoiy ong shakllari sifatida qarasak, san’at, fan, din, axloq, siyosiy qarashlar kabi dunyoni o‘rganish vositasi hisoblanishi mumkin, biroq, u boshqalardan farqli ravishda dunyoni obraz (timsol) vositasida o‘rganadi va ifoda qiladi. San’atning asosiy vazifasi borliqni obrazlar vositasida ifoda qilmoqlikdir. Mana shu ifodalanish jarayoni san’atning har bir turida o‘ziga xos tarzda namoyon bo‘ladi. Uning turlari, ifoda qurollari, vositalari, materialiga ko‘ra o‘zaro farqlanadi. Raqs harkatlar, musiqa tovushlar, rassomlik bo‘yoq va ranglar, haykaltaroshlik va me’morlik o‘z materiallari bilan obrazlar yaratishga xizmat qilsa, badiiy adabiyotning ifoda vositasi ham, materiali ham so‘z hisoblanadi. Adabiyotshunoslikka kirish kursida, badiiy adabiyotning uni o‘rganishning umumiy tamoyillari, adabiyotni san’atning turi sifatidagi holati, adabiyotshunoslikka oid faol istilohlarning mohiyati o‘rganiladi.
Cho‘lponning “Adabiyot nadur” maqolasida tuyg‘ularga ta‘sir etib tuyg‘u uyg‘otish badiiy asarning vazifasidir. Badiiylik orqali tuyg‘ular tarbiyalanadi.
Badiiy adabiyotdagi go‘zallik, san’atdagi go‘zallikka nisbatan turg‘unroqdir.
Yunonlarda nima foyda keltirsa o‘sha go‘zal.
G‘. G‘ulomning “ Go‘zallik nima?” she’rida “go‘zallik qora qosh, shirin so‘zlarda emas, peshonadan oqqan ter, mehnat qilib topilgan rizqlarda”, - deydi.
O‘zining badiiy xususiyati bilan ijodiy faoliyat, boshqa ilmiy va ruhoniy turlardan farq qiladi, ko‘pincha badiiylik tushunchasi san’at asarini baholovchi o‘lchov sifatida qaraladi. Badiiy ijod faoliyatining yuqoridagi turlardan farqi shundaki, u shaxsning ruhiy ehtiyojini qondiradi, insonlararo estetik munosabatni tuyg‘ular asosida shakllanishiga xizmat qiladi. Badiiylik hamon mezon o‘lchovi ekan, uning butunligini ta’minlovchi qonunlar, qoidalar nimalarda ko‘rinadi? Badiiylik talablari quyidagilarda aks etadi:
Badiiy butunlik va uni ta‘minlovchi jihatlar (shakl va mazmun birligi)
Individuvallashtirishni ilm qabul qilolmaydi, u badiiylikka xos. Badiiylikda o‘zgaruvchanlik bor, lekin u o‘ziga xos. Masalan, Sh. Xolmirzayev obrazlarning tasvirini keltirmaydi, uning kimligini gap so‘zlari ko‘rsatadi. O‘.Hoshimov esa obrazlarni obdon tashqi ko‘rinishini keltiradi.
Adabiy asarning yaxlitligini undagi shakl va mazmunning o‘zaro mutanosibligida ko‘rinadi. Har qanday hodisaning ikkinchi muhim tomoni ya’ni shakl va mazmun uyg‘unligi, munosibligi zarur shartlardan hisoblanadi. Biror hodisaning mohiyati, asosi uning mazmunida aks etsa, badiiy shakl ifoda vositasi hisoblanadi. Shakl va mazmunni bir-biridan ajratib bo‘lmaganidek, ulardan birini yuqoriroq baholab ikkinchisini nomuhim deb belgilab bo‘lmaydi. Lekin adabiy istiloh sifatida ular bir-birdan farqlanadi. Badiiy (ijodiy) niyat, mavzu, g‘oya, muommo, tendensiya, badiiy mazmunning jihatlari hisoblansa, obraz, syujet, kompozitsiya, badiiy nutq, konflikt, detal va boshqalar badiiylik unsurlari hisoblanadi. Ularning o‘zaro aloqadorligi va jonli harakati asosida badiiy asar vujudga keladi.
Adabiyot (arabcha: ادب –axloq) – san’at ommaviy turlaridan biri, so‘z san’ati (rus t.da slovesnoe iskusstvo). Amaliyotda qo‘llanishiga ko‘ra badiiy adabiyot, nafis adabiyot deb ham yuritiladi. San’atning boshqa turlaridan borliqni va ruhiyatni idrok etish usuli va ifoda etish quroliga ko‘ra farqlanadi. San’atning barcha turlarida obrazli tafakkur mavjud bo‘lsa ham, ular bir-biridan yuqorida-gicha ifoda quroliga ko‘ra farqlanadi. Badiiy adabiyotda obraz (timsol) yaratuvchi asosiy va yagona vosita so‘zdir. Adabiyot muloqot vositasi bo‘lgan oddiy so‘z (leksema)dan farq qilgan holda kishilar o‘y-kechinmalari, his-tuyg‘u, holat va harakatni o‘quvchi qalbiga etadigan, unga ta’sir etib, fikr va tuyg‘u uyg‘otuvchi so‘z orqali ifodalaydi. Adabiyot ham san’atning boshqa turlari kabi mafkuraviy hodisadir. Adabiyotning mezoni uning g‘oyaviy-badiiy jihatdan mukammal bo‘lishini talab etadi. Adabiyotda insonning ijtimoiy mohiyati umumlashtirilgan holda ifoda etiladi. Adabiyot dunyoni ijodiy o‘zlashtirar ekan, o‘z mahsuli bo‘lgan badiiy asarni muallifning sub’ektiv qarashlari asosiga quradi, borliqni ifodalovchi va aks ettiruvchigina emas, balki qayta yaratuvchidir. Bu jarayonda adabiyot tabiat va jamiyatga taqlid (mimesis) qilsa ham, unga aynan o‘xshashlik yo‘lini tanlamaydi, balki ijodkor ongi va shuurida pishib etilgan mukammal timsol va personajlar orqali borliq mohiyatini anglashga o‘rgatadi. Adabiyotning vazifasi obraz (timsol) yaratish ekan, bu ijodiy jarayonda go‘zallik qonuniyatlari asosiga quriladigan, inson tuyg‘ulari va botiniy dunyosini boyitadigan, uni ezgulik sari etaklaydigan poetik vositalar b-n ish ko‘radi. Adabiyot hayotni o‘z shaklida emas, balki badiiy vositalar orqali uning mohiyatini o‘rgatishga qaratilgandir. Adabiyot davomiy-lik xarakterida bo‘lib, tarixiy jarayonning muayyan davr va ko‘rinishidagi holatini emas, balki jamiyat taraqqiyotidagi harakatini ko‘rsatadi. Obraz va poetik vositalar ana o‘sha ko‘rsatish, anglatishga qaratilgan bo‘lishi kerak. SHu ma’noda adabiyot aql o‘rgatmaydi, ayrim axloqsizliklarni man qilmaydi, balki shunday tuyg‘u va tasavvur uyg‘otadiki, nima qilish, qanday yashash kerakligini o‘quvchining o‘zi uqib, xulosalay olishi lozim.
Adabiyotning borliqqa chiqish shakli bu badiiy asardir. Asar matniy ko‘rinishda bo‘ladimi, og‘zaki tarzda tarqaladimi yoki audiovizual yo‘llar b-n kishilar ongi va tuyg‘ulariga ta’sir ko‘rsatadimi u, avvalo, estetik hodisa sifatida go‘zallik tashuvchidir. Go‘zal timsol va ezgu niyat qorishig‘ida yaratilmagan asar har qancha “aqlli" va ta’sirchan bo‘lsin u ezgulikka xizmat qila olmaydi. SHuningdek, badiiy asarning yaratilishi ruhiy-amaliy jarayon bo‘lib, u o‘zgarishdagi dunyo va insonni anglashga yordam beradi. Ijod jaryoni qonuniyatlarini umumlashtirgan holda A. ning bir necha vazifasi yuzaga chiqadi.