Adabiyotshunoslikka kirish



Yüklə 160,44 Kb.
səhifə8/37
tarix02.12.2023
ölçüsü160,44 Kb.
#171432
1   ...   4   5   6   7   8   9   10   11   ...   37
Маъруза матни

Matnshunoslik ‒ filologiya fanining tarmog‘i, adabiyotshunoslik sohasi. Matnshunoslik sohasidagi ilmiy izlanishlar natijasi adabiyot tarixi va nazariyasi uchun manbaviy (matniy) asos bo‘lib xizmat qiladi, shu sababli unga adabiyotshunoslikning yordamchi sohalaridan biri sifatida qarab kelinadi. SHunga qaramay, matnshunoslikni filologiyaning alohida tarmog‘i, mustaqil bir sohasi sifatida tushunishga asos beruvchi jihatlar ham bor. Birinchidan, matnshunoslik faoliyati adabiyotshunoslik, tilshunoslik va tarix fanlari kesishgan nuqtada kechadi; ikkinchidan, matnshunoslikning o‘zi qator yordamchi sohalar (paleografiya, uslubshunoslik, arxeografiya va x.)ga ega. Matnshunoslikning vazifasi – adabiy matnlarni o‘rganish va nashrga tayyorlashdir. Matnshunoslikning vazifasi qisqa ifodalangan bo‘lsa-da, uning amalga oshirilishi juda katta mexnatni, chuqur bilim va tajribani talab qiladi. Adabiy matnni o‘rganayotgan matnshunos oldida turli-tuman ilmiy muammolar ko‘ndalang bo‘ladi. Deylik, matnshunos muallifi noma’lum asar (matn)ga duch keldi. Bu holda u asar muallifini, matnning yoshi (yozilgan, ko‘chirilgan vaqti)ni aniqlashi zarur. Buning uchun esa u adabiyot tarixi, til tarixi, manbashunoslik, uslubshunoslik kabi sohalardan yaxshi xabardor bo‘lishi va ularga tayangan holda matnni tadqiq etishi lozim bo‘ladi. YOki matnshunoslikning boshqa bir vazifasi – asarning ilmiy-tanqidiy nashrini tayyorlash ham juda mashakkatli ish. Mas., Alisher Navoiy asarlarining turli davrlarda, turli kotiblar tomonidan ko‘chirilgan qo‘lyozmalari mavjud. Matnshunos qarshisida ularni qiyosiy o‘rganish, birining kamchiliklarini boshqalari bilan to‘ldirish va shu asosda eng mukammal – ilmiy-tanqidiy matnni tayyorlash vazifasi turadi. Tayyor bo‘lgan ilmiy-tanqidiy matnni nashr ettirish uchun matnshunos uni izohlar, sharhlar, lug‘atlar bilan ta’minlashi keraq. “Mukammal asarlar” ortidagi har bir izoh, har bir sharh yoki lug‘at birligi juda katta mexnat orqasida dunyoga keladi. Zero, matnda uchragan so‘z ma’nosini topish, undagi biror shaxs, joy nomi va sh.k.larga izoh berish uchun matnshunos juda ko‘p izlanishi, ko‘plab manbalarni ko‘rib, o‘rganib chiqishi zarur bo‘ladi. SHu bilan birga, matnshunoslik adabiyotshunoslikning ayrim muammolarini xal qilishda muhim yordamchi soha, tadqiqot usuli bo‘lib ham xizmat qiladi. Mas., uning tadqiq usullari, tajribalaridan yozuvchi ijodiy laboratoriyasini, muayyan asarning ijodiy tarixini o‘rganish yo‘lidagi izlanishlarda keng foydalaniladi.
Manbashunoslik, adabiy manbashunoslik – adabiyotshunoslikning yordamchi sohalaridan biri. Manbashunoslik adabiyotga taalluqli manbalar (asar qo‘lyozmalari, koralamalari, ijodkorlarning kundaliklari, yozishmalari, ularning hayoti va faoliyati bilan bog‘liq xujjatlar va b.)ni izlab topish, tavsiflash, tasniflash va muayyan tartibga solish, ilmiy muomalaga kiritish hamda tadqiq etish bilan shug‘ullanadi, bu ishlarni amalga oshirishning nazariy tamoyillarini ishlab chikadi va amalda qo‘llaydi. Manbashunoslik faoliyati adabiyot tarixi va matnshunoslik sohasidagi tadqiqotlar uchun muhim ahamiyatga ega. “SHarq manbashunosligi lug‘ati”da shunday deyilgan: “Bu atamani ko‘proq adabiy manbashunoslik, tarixiy manbashunoslik, ilmiy manbashunoslik va hujjatshunoslik shaklida ishlatish odat tusiga kirgan. Darhaqiqat, hamma fanlarning o‘z manbashunosligi bor... Biz adabiy manbashunoslik deganda, adabiyot tarixining hamma davrlarida yaratilgan yozma manbalarini, alohida shoirlarning yoxud muallifi noma’lum bo‘lgan asarlarning yaratilgan davridan boshlab to hozirgacha ko‘chirilgan qo‘lyozmalarni, bosma holda amalga oshirilgan nusxalarini tanqidiy jihatdan o‘rganib chiqish sohasidagi hamma jarayonlarni tushunamiz”.3
Adabiyotshunoslik va boshqa fanlar deyilganda, uning, birinchi navbatda, o‘z tizimiga va vazifasiga ko‘ra, filologik (folklorshunoslik va tilshunoslik) va falsafiy fanlar (axloqshunoslik, estetika, germenevtika), shuningdek, gumanitar tizimdagi fanlar (tarix, ruhshunoslik, sotsiologiya va boshqa fanlar) bilan yaqin aloqadorligi haqida fikr yuritish mumkin.
Adabiyotshunoslik va tilshunoslik – adabiyotshunoslik va tilshunoslik nafaqat tadqiqot obyekti va materialning umumiyligi, balki vazifadorligi nuqtai nazaridan ham yaqinlashadi. So‘z mohiyati va uning matndagi o‘rnini o‘rganishda, ayrim adabiy hodisalarning struktural jihatlarini tadqiq etishda umumiylik mavjud. Masalan, badiiy tasvir vositalari adabiyotshunoslikda “Poetik leksika” tarkibida o‘rganilsa, ayni shu holatga tilshunoslikning “Leksikologiya” bo‘limida ko‘chim turlari nuqtai nazaridan qaraladi. Yoki ritorikada stilistik figuralarning matn tarkibidagi va badiiy nutq shakllanishidagi o‘rni o‘rganilsa, tilshunoslikning “Sintaksis” va “Stilistika” bo‘limlarida nutq uslublari jihatidan yondashish orqali ularning natijalaridan biri ikkinchisini to‘ldiradi. Til qonuniyatlarini bilish orqali asar mohiyati va obrazlar vositasida anglatilayotgan badiiy niyat kitobxonga yetib boradi. Tilshunoslik badiiy nutqqa fikr almashish vositasi sifatida qarasa, adabiyotshunoslik uni estetik muloqot vositasi sifatida tadqiq etadi. Demak, filologik tizimdagi fan sifatida Adabiyotshunoslik nafaqat tilshunoslik, balki uning alohida sohalari bilan ham mustahkam aloqaga kirishadi. Bir tizimdagi bu ikki fanning o‘zaro yaqinlashuvi natijasida lingvopoetika va ritorika singari oraliq fanlar vujudga kelganki, ularning ishtirokisiz na adabiyotshunoslik, na tilshunoslik rivoj topa oladi. A.dagi struktural poetika bilan struktur tilshunoslik, generativ poetika bilan kognitiv tilshunoslik kabi sohalarning vujudga kelishi adabiyotshunoslik va tilshunoslikdagi akademik maktablarning ham yaqinlashuvidan darak bermoqda.
Adabiyotshunoslik va falsafa – adabiyotshunoslik va falsafa dunyoni bilishda, uning hodisalarini qabul va talqin qilishda yaqinlashadi. Falsafa tabiat va jamiyatning umumiy taraqqiyot qonuniyatlarini, insoniyat tafakkuri va dunyoqarashining o‘ziga xos jihatlari tadqiq qilsa, adabiyotshunoslik ana shu dunyoning badiiy asardagi aksi, matn modeli bilan ish ko‘rishi natijasida umumiylikdan xususiylikka qarab boradi, inson va uning borliqdagi mohiyati, uning yaratuvchilik qudrati va dunyo tamaddunidagi o‘rnini badiiy timsollar vositasida anglatgan badiiy adabiyotni tahlil qilish orqali umumiylikka erishadi. Turli dunyoqarashga ega, turli ijodiy maneradagi adiblarning ijod mahsulini o‘rganish orqali adabiyotshunoslik faylasuf anglab yetgan dunyoni qayta badiiy kashf qiladi. Bu kabi parallelliklarni ko‘plab keltirish mumkin. Azaldan har ikki fan o‘zaro yaqin aloqadorligining belgisi sifatida adabiyotshunoslikka Yevropa faylasuflari deyarli ikki ming yildan ortiq muddat davomida falsafiy fanlar tizimida qarab kelishgan. Adabiyotshunoslik asosini yaratgan va jahoniy taraqqiyotiga xizmat qilgan Arastu, Gegel kabi daholar, asosan, falsafiy fikr taraqqiyoti bilan shug‘ullanishgan.



Yüklə 160,44 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   4   5   6   7   8   9   10   11   ...   37




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin