Tayanch tushunchalar: Adabiyotshunoslik, badiiy adabiyot, san’atning turlari, adabiyotshunoslik nazariyasi
1. Fanning maqsadi va vazifalari. Adabiyotshunoslik nazariyasi – adabiyot ilmiga oid eng umumiy qoidalar, adabiy jarayonning nazariy masalalari, badiiy ijod falsafasi va psixologiyasi va boshqa nazariy muammolarni oʻrganuvchi fandir.
Adabiyotshunoslik nima, degan savolga hozirga qadar qisqa tarzda “badiiy adabiyot haqidagi fan” deb javob berib kelingan. Bu, ixcham va ta’rif bo‘lishi bilan birga yetarli emas. Chunki bugungi kunda adabiyotshunoslik ilmining ko‘lami shu qadar kengayganki, uning tarkibida biz an’anaviy tartibda sanaydigan “asosiy” va “yordamchi” fanlar doirasida cheklash mumkin emas.
Adabiyotshunoslik – badiiy adabiyotning vujudga kelishi, tarixiy taraqqiyoti, mohiyati va aloqalarini ko‘p tarmoqlar orqali har tomonlama o‘rganuvchi qadimgi filologik fanlardan biridir. Adabiyotshunoslik o‘ziga xos fan sifatida amaliyotda o‘z obyekti – so‘z san’atidan uzoqlashmagan holda uning qonuniyatlari asosida badiiy matnni tadqiq qiladi. Adabiyotshunoslik ko‘lami keng bo‘lib, badiiy tafakkur spetsifikasi haqidagi bilimlar, adabiy ijod genezisi, tarkibi va vazifalari; adabiy jarayonning umumiy qoidalari va boshqalarni ham o‘rganadi. Tor ma’noda esa badiiy adabiyot va ijodiy jarayonning tamoyillarini o‘rganuvchi fandir.
Adabiyotshunoslik nazariyasi fanining maqsadi ushbu fanga oid istiloh (atama) qamrovi va ma’nosini bilish ularni adabiy tahlil jarayonida qo‘llay olish va mohiyatini anglab yetish, umuman olganda, adabiyotshunoslik fanining barcha jabhalari uchun boshlang‘ich ma’lumotlarga ega bo‘lishlikdan iborat. Fanning asosiy maqsadidan kelib chiqib quyidagi vazifalar belgilanadi:
Adabiyotshunoslikda faol iste’molda bo‘lgan tushuncha va atamalar mohiyatini anglash;
Badiiy asar tahliliga kirishish va unda zarur adabiy tur va janrlar haqida ma’lumotga ega bo‘lish;
Badiiy adabiyotni san’atning bir turi sifatida tushunish, qabul qilish;
Adabiy jarayon masalalarini yozuvchi va kitobxon munosabatidan kelib chiqib anglash;
Ilmiy tizimda ishtirok etayotgan har bir fanning mohiyati va ilmiy tizimdagi o‘rnini belgilashdan iborat.
Adabiyotshunoslikning obyekti sifatida badiiy asar, kengroq ma’noda esa badiiy adabiyot tushuniladi. Badiiy adabiyot haqidagi har qanday ilmiy qarashlar ma’lum ma’noda adabiyotshunoslikni ilmiy tizim sifatida o‘rganishga yordam beradi. Bu o‘rinda adabiyot “odobi kulliyot”, “adabiyotshunoslik badiiy adabiyot haqidagi fan” degan qarashlar istiloh qilinib, ular ilmiy jihatdan to‘ldiriladi. Fanning predmeti uchun esa adabiy nazariy qarashlar asos qilib olinadi.
Adabiyotshunoslik yoki biz o‘rganayotgan fanning obyekti, badiiy adabiyot san’atning bir turi sifatida ma’lumot berish, xabar tarqatish, fikr aytish bilan birga o‘quvchilarga hissiy tarbiya berish, ularning tuyg‘ular olamini boyitish, ruhiy tushunchalarini kengaytirishga ham xizmat qiladi. Lev Tolstoy: “Agar kishilar til orqali o‘zaro fikr almashsalar, san’at esa tuyg’ulararo muloqotdan iboratdir”. San’atning asosiy turlari: raqs, musiqa, rang-tasvir, haykaltaroshlik, me’morchilik va badiiy adabiyotdan iborat. Mana bu ilk san’at turlari asosida keyinchalik, san’atning boshqa hosila turlari vujudga kelgan va asrlar davomida ular taraqqiy etib kelgan.
Adabiyotshunoslik professional istilohga ko‘ra, XIX asr boshlarida vujudga kelgan bo‘lsa ham, uning ildizi ilk mifik tafakkur namunalariga borib taqaladi. Mifologik talqin yaratilishining o‘zi adabiyotshunoslikning qadimdan mavjudligini isbotlaydi. Adabiyotshunoslik. dastlabki bosqichda (Gomer asarlariga bo‘lgan munosabatda va Gomergacha bo‘lgan davrda) baholovchi xarakterda yashagan bo‘lsa, ellinizm davrida filologiyaning bir qismi sifatida, falsafiy taraqqiyot davomida (Aflotundan Gegelga qadar) falsafaning tarkibida qaralib kelindi. Nihoyat, Gerder ta’limoti orqali adabiyotshunoslik. tarixiy tizimga ega bo‘lgan mustaqil fan sifatida nomlanib (poetika, ritorika, estetika deb emas), o‘z nomi bilan ataladigan bo‘ldi.
Adabiyotshunoslik fan sifatida ilmiy faoliyat sohiblari b-n ijodkorlar olamini o‘zaro bog‘lab, ijodiy yutuqlardan ilm taraqqiyoti uchun foydalanar ekan, u ish ko‘rayotgan tushuncha va istilohlarda har xillik kuzatilishi mumkin. Adabiyotshunoslikdagi terminologik chalkashliklarning oldini olish, tushuncha va istiloh-larni identifikatsiya qilish, adabiy tahlil va jarayondagi eng zarur va ijtimoiy ahamiyatli hodisalarga tayanib ish ko‘rish bugungi adabiyot ilmining vazifalaridan.
Adabiyotshunoslikni bugungi kunda mafkuraviy tazyiq, sotsrealizm kabi metodologik siquv va yuqoridan boshqarilish jihatlaridan xoli bo‘lgan, estetika, lingvistika, falsafa, tarix, ruhshunoslikdan tashqari kibernetika, semiotika, sinergetika v.b. fanlar bilan erkin aloqaga kirishadi. Lekin mifopoetikani ustuvor qo‘yish, postmodernizm sharoitida “adabiy o‘yin nazariyasi”ga aylanish, postfreydizmdagi “panseksualizm”, ommaviy adabiyot kabi salbiy holatlarni adabiyotshunoslik nazariy jihatdan oqlashni o‘z zimmasiga olmagan.