Adabiyotshunoslikka kirish



Yüklə 160,44 Kb.
səhifə3/37
tarix02.12.2023
ölçüsü160,44 Kb.
#171432
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   37
Маъруза матни

Adabiyotshunoslik lugʻatida shunday tanishtirilgan: “Adabiyotshunoslik – badiiy adabiyotning kelib chiqishi, mohiyati, rivojlanish qonuniyatlari, ijtimoiy aloqalarini o‘rganuvchi fan. Adabiyotshunoslikning ob’ekti bo‘lmish badiiy adabiyotga taalluqli ilmiy muammolar ko‘lami – predmeti juda keng. Ularning bir qismi umumestetik (ya’ni badiiy san’at sohalarining barchasiga taalluqli, mas.: badiiy obraz va obrazlilik, badiiy obraz va reallik munosabatlari, dunyoqarash va badiiy ijod, badiiy ijod jarayoni xususiyatlari, badiiy asarni qabul qilish jarayoni xususiyatlari va b.) muammolar sirasiga kirsa, boshqa bir qismi sof Adabiyotshunoslik muammolari sanaladi… Zamonaviy adabiyotshunoslik fani uchta asosiy sohadan tashkil topadi: adabiyot tarixi, adabiyot nazariyasi va adabiy tanqid. Mazkur sohalarning har biri badiiy adabiyot bilan bog‘liq muayyan masalalar majmuini o‘z oldiga qo‘yilgan maqsad va vazifalardan kelib chiqqan holda o‘rganadi. Ayni chog‘da, bu sohalar o‘zaro mustahkam aloqada bo‘lib, bir-birini to‘ldiradi, bir-biriga manba yaratadi, asos bo‘lib xizmat qiladi va shu tarzda yagona bir tizimga birikadi. Bulardan tashqari, Adabiyotshunoslikning matnshunoslik, manbashunoslik, bibliografiya singari yordamchi sohalari ham mavjud”1.
Adabiyotshunoslik asoslari – badiiy adabiyotni o‘rganish, tahlil va talqin etishda dastlabki ma’lumotlar, istilohlar mohiyati, nazariy qonuniyatlarni amalda tahlil jarayoniga tatbiq qilish kabi masalalar bilan shug‘ullanuvchi soha. Badiiy adabiyot tez o‘zgaruvchan san’at turi ekani hisobga olingan holda, o‘zgarayotgan jarayondagi adabiy hodisalarni o‘rganish uchun ham yo‘llanma beriladi.
Adabiyotshunoslik asoslari o‘z tarkibiga badiiy asar haqidagi ma’lumot, adabiyot spetsifikasi, badiiy shakl va mazmun munosabati va ularning komponentlari, poetika asoslari, jumladan, adabiy tur va janrlar, she’rshunoslik, adabiy til, uslub hamda adabiy jarayon masalalarini oladi.
Adabiyotshunoslik va boshqa fanlar deyilganda, uning, birinchi navbatda, o‘z tizimiga va vazifasiga ko‘ra, filologik (folklorshunoslik va tilshunoslik) va falsafiy fanlar (axloqshunoslik, estetika, germenevtika), shuningdek, gumanitar tizimdagi fanlar (tarix, ruhshunoslik, sotsiologiya va boshqa fanlar) bilan yaqin aloqadorligi haqida fikr yuritish mumkin.
Adabiyotshunoslik va tilshunoslik – adabiyotshunoslik va tilshunoslik nafaqat tadqiqot obyekti va materialning umumiyligi, balki vazifadorligi nuqtai nazaridan ham yaqinlashadi. So‘z mohiyati va uning matndagi o‘rnini o‘rganishda, ayrim adabiy hodisalarning struktural jihatlarini tadqiq etishda umumiylik mavjud. Masalan, badiiy tasvir vositalari adabiyotshunoslikda “Poetik leksika” tarkibida o‘rganilsa, ayni shu holatga tilshunoslikning “Leksikologiya” bo‘limida ko‘chim turlari nuqtai nazaridan qaraladi. Yoki ritorikada stilistik figuralarning matn tarkibidagi va badiiy nutq shakllanishidagi o‘rni o‘rganilsa, tilshunoslikning “Sintaksis” va “Stilistika” bo‘limlarida nutq uslublari jihatidan yondashish orqali ularning natijalaridan biri ikkinchisini to‘ldiradi. Til qonuniyatlarini bilish orqali asar mohiyati va obrazlar vositasida anglatilayotgan badiiy niyat kitobxonga yetib boradi. Tilshunoslik badiiy nutqqa fikr almashish vositasi sifatida qarasa, adabiyotshunoslik uni estetik muloqot vositasi sifatida tadqiq etadi. Demak, filologik tizimdagi fan sifatida Adabiyotshunoslik nafaqat tilshunoslik, balki uning alohida sohalari bilan ham mustahkam aloqaga kirishadi. Bir tizimdagi bu ikki fanning o‘zaro yaqinlashuvi natijasida lingvopoetika va ritorika singari oraliq fanlar vujudga kelganki, ularning ishtirokisiz na adabiyotshunoslik, na tilshunoslik rivoj topa oladi. A.dagi struktural poetika bilan struktur tilshunoslik, generativ poetika bilan kognitiv tilshunoslik kabi sohalarning vujudga kelishi adabiyotshunoslik va tilshunoslikdagi akademik maktablarning ham yaqinlashuvidan darak bermoqda.
Adabiyotshunoslik va falsafa – adabiyotshunoslik va falsafa dunyoni bilishda, uning hodisalarini qabul va talqin qilishda yaqinlashadi. Falsafa tabiat va jamiyatning umumiy taraqqiyot qonuniyatlarini, insoniyat tafakkuri va dunyoqarashining o‘ziga xos jihatlarini tadqiq qilsa, adabiyotshunoslik ana shu dunyoning badiiy asardagi aksi, matn modeli bilan ish ko‘rishi natijasida umumiylikdan xususiylikka qarab boradi, inson va uning borliqdagi mohiyati, uning yaratuvchilik qudrati va dunyo tamaddunidagi o‘rnini badiiy timsollar vositasida anglatgan badiiy adabiyotni tahlil qilish orqali umumiylikka erishadi. Turli dunyoqarashga ega, turli ijodiy maneradagi adiblarning ijod mahsulini o‘rganish orqali adabiyotshunoslik faylasuf anglab yetgan dunyoni qayta badiiy kashf qiladi. Bu kabi parallelliklarni ko‘plab keltirish mumkin. Azaldan har ikki fan o‘zaro yaqin aloqadorligining belgisi sifatida adabiyotshunoslikka Yevropa faylasuflari deyarli ikki ming yildan ortiq muddat davomida falsafiy fanlar tizimida qarab kelishgan. Adabiyotshunoslik asosini yaratgan va jahoniy taraqqiyotiga xizmat qilgan Arastu, Gegel kabi daholar, asosan, falsafiy fikr taraqqiyoti bilan shug‘ullanishgan.



Yüklə 160,44 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   37




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin