Mikroelementlarning yetishmasligi o’simliklarning qator kasalliklarini keltirib chiqaradi. Tegishli mikroo’g’itlardan foydalanish kasallikning oldini olibgina qolmay, balki ancha yuqori va sifatli hosil olishga olib keladi. Mikroelementlarning ijobiy ta’sir etishining asosiy sababi, ularning oksidlovchi-qaytaruvchi jarayonlarda, azot almashinuvida qatnashishi o’simliklarning kasalliklarga va tashqi muhitning noqulay sharoitlariga nisbatan chidamliligini oshirish bilan bog’liq bo’ladi. Mikroelementlar ta’siri natijasida barglarda xlorofillning miqdori oshadi, fotosintez kuchayadi, butun o’simlikning assimilyatsion faolligi oshadi.
Mikroelementlar, hatto ularning juda ozgina miqdori bo’lmagan taqdirda odam ham, hayvon ham, o’simlik ham yashay olmaydi. Qora mollar oziqasida kobaltning yetishmasligi hayvonlarda og’ir kasalliklarning kelib chiqishiga sabab bo’ladi. Hammaga ma’lum bo’lgan bo’qoq kasali odam va hayvon organizmida yod yetishmaganida, ya’ni tuproq va suvda uning miqdori 0,00001 foizdan kam bo’lganida yuz beradi. Rux miqdori yetarli bo’lmagan tuproqda o’sgan o’simlik barglari ola-bula rangga kirib qoladi. Tuproqlarda mis, temir magniy, bor, marganes va boshqa kimyoviy elementlarbirikmalarining yetishmasligi ham o’simliklarning kasallanishiga sabab bo’ladi. Biroq mis, rux va nikel konlari mavjud bo’lgan hududlarda (Janubiy Ural) ham o’simliklar kasallanadi. Atrof-muhitda ba’zi bir kimyoviy elementlar miqdorining oshib ketishi natijasida ham, o’simlik va hayvonlar har xil kasalliklarga chalinishi mumkin ekan. Masalan, ichiladigan suvda ftor miqdori 0,00005% dan ortib ketsa, odam va hayvon tishining emal qavati olabula dog’lar bilan qoplanadi, suyakda fiyuoroz kasali paydo bo’ladi.
1872-yilning 29-yanvarida rus olimi K.A. Timiryazov Peterburg tabiatshunoslari majlisida “ O’simlik hayotida ruxning ehtimoliy ahamiyati” degan mavzuda so’zga chiqadi. Olim tarkibida temir tuzlari bo’lmagan eritmada o’stirilgan bir nechta tup makkajo’xori o’simligi ustida olib borilgan o’z tajribasini ta’riflaydi. Bunday muhitda o’simlik bargi so’lib, sarg’ayib qolgan. Shundan keyin Timiryazov bir o’simlik bargini temir tuzi eritmasi bilan, ikkinchi o’simlik bargini rux tuzi eritmasi bilan ho’llagan. Natijada eritmalarga tushirilgan har ikki yaproq ham yashil rangga bo’yalgan. Tajriba natijalari o’simlik hayotida rux va temirning rolinigina ko’rsatibgina qolmadi. Natijalar o’simlikka turli kimyoviy elementlarning zarurligini va bularning ozginagina miqdori o’simliklarning holatiga kuchli ta’sir etishini ko’rsatdi.
Mikroelementlar to’g’risidagi fan asta-sekin rivojlanib bordi. K.K. Gedroys mikroelementlarning ba’zi o’simliklarning hosilini oshirish xususiyatiga ega ekanligini aniqladi. F.V. Chirikov bug’doy hosilini hatto 2—3 martaga ko’paytirishga erishdi.