Oilaviy korxona to‘liq firma nomiga ega bo‘lishi lozim va qisqartirilgan firma nomiga ega bo‘lishga haqli. Oilaviy korxonaning to‘liq firma nomi uning to‘liq nomini va “oilaviy korxona” degan so‘zlarni o‘z ichiga olishi kerak.
Oilaviy korxonaning qisqartirilgan firma nomi uning qisqartirilgan nomini va “oilaviy korxona” degan so‘zlarni yoki “OK” abbreviaturasini o‘z ichiga olishi kerak.
Oila boshlig‘i, uning xotini (eri), bolalari va nabiralari, ota-onasi, mehnatga qobiliyatli yoshga to‘lgan boshqa qarindoshlari (bolalari va nabiralarining erlari (xotinlari), tug‘ishgan hamda o‘gay aka-uka va opa-singillari, ularning erlari (xotinlari) hamda bolalari, tog‘a va amaki hamda amma va xolalari) oilaviy korxona ishtirokchilari bo‘lishi mumkin. Faqat muomalaga layoqatli shaxslar oilaviy korxona ishtirokchilari bo‘lishi mumkin.
Dehqon xo‘jaliklari
Dehqon xo‘jaligidagi faoliyat tadbirkorlik faoliyati jumlasiga kiradi, hamda dehqon xo‘jaligi a'zolarining istagiga ko‘ra, yuridik shaxs tashkil etgan holda va yuridik shaxs tashkil etmasdan amalga oshirilishi mumkin. Dehqon xo‘jaligi o‘z faoliyatida yollanma mehnatdan doimiy asosda foydalanishi mumkin emas.
Dehqon xo‘jaligi - oilaviy mayda tovar xo‘jaligi bo‘lib, oila a'zolarining shaxsiy mehnati asosida, meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish uchun oila boshlig‘iga beriladigan tomorqa yer uchastkasida qishloq xo‘jaligi mahsuloti yetishtiradi va realizatsiya qiladi. (“Dehqon xo‘jaligi to‘g‘risida”gi qonun 1-modda (1998 yil 30 aprel))
Xususiy korxona
Xususiy korxonaning to‘liq firma nomi uning to‘liq nomini va «xususiy korxona» degan co‘zlarni o‘z ichiga olgan bo‘lishi kerak. Xususiy korxonaning qisqartirilgan firma nomi uning qisqartirilgan nomini va “xususiy korxona” degan so‘zlarni yoki “XK” abbreviaturasini o‘z ichiga olishi kerak.
Xususiy korxona mulkdori korxonani rahbar sifatida yakka boshqaradi, korxona nomidan ishonchnomasiz ish ko‘radi, uning manfaatlarini ifodalaydi, xususiy korxonaning pul mablag‘larini hamda boshqa mol-mulkini tasarruf etadi, shartnomalar, shu jumladan mehnat shartnomalari tuzadi, ishonchnomalar beradi, banklarda hisobvaraqlar ochadi, shtatlarni tasdiqlaydi, korxonaning barcha xodimlari uchun majburiy bo‘lgan buyruqlar chiqaradi va ko‘rsatmalar beradi.