Ahmadjonov umidjonning falsafa fani mantiq bilish nazariyasining tarkibiy qismi mavzusidan


Aqliy (mantiqiy bilish yoki abstrakt tafakkur)



Yüklə 80,5 Kb.
səhifə2/4
tarix20.05.2023
ölçüsü80,5 Kb.
#118338
növüReferat
1   2   3   4
9-mavzu

Aqliy (mantiqiy bilish yoki abstrakt tafakkur) buyum va hodisalarning ichki sabab va qonuniyatlarini, mohiyati va mazmunini aql, tafakkur yordamida bilib olishdir. U bilishning oliy bosqichidir.
Predmet va hodisalarning mohiyatini tushunishga tafakkur yordamida erishiladi. Tafakkur bilishning yuqori - ratsional (lotincha ratio – aql) bilish bosqichi bo’lib, unda predmet va hodisalarning umumiy, muhim xususiyatlari aniqlanadi, ular o’rtasidagi ichki, zaruriy aloqalar, ya’ni qonuniy bog’lanishlar aks ettiriladi.
Tafakkur quyidagi asosiy xususiyatlarga ega:
1. Tafakkurda voqelik mavhumlashgan va umumlashgan holda in’ikos qilinadi. Hissiy bilishdan farqli o‘laroq, tafakkur bizga predmetning nomuhim, ikkinchi darajali (bu odatda bilish oldida turgan vazifa bilan belgilanadi) belgilaridan fikran chetlashgan, mavhumlashgan holda, e’tiborimizni uning umumiy, muhim, takrorlanib turuvchi xususiyatlariga va munosabatlariga qaratishimizga imkon beradi. Xususan, turli kishilarga xos individual belgilarni (xulq-atvor, temperament, qiziqish va shu kabilar) e’tibordan chetda qoldirgan holda, ular uchun umumiy, muhim belgilarni, masalan, ongga ega bo‘lish, maqsadga muvofiq holda mehnat qilish, ijtimoiy munosabatlarga kirishish kabi xislatlarni ajratib olib, «inson» tushunchasini hosil qilish mumkin. Umumiy belgilarni aniqlash predmetlar o‘rtasidagi munosabatlarni, bog‘lanish usullarini o‘rnatishni taqozo etadi. Turli xil predmetlar fikrlash jarayonida o‘xshash va muhim belgilariga ko‘ra sinflarga birlashtiriladi va shu tariqa ularning mohiyatini tushunish, ularni xarakterlaydigan qonuniyatlarni bilish imkoniyati tug‘iladi. Masalan, yuqorida keltirilgan «inson» tushunchasida barcha kishilar bitta mantiqiy sinfga birlashtirilib, ular o‘rtasidagi muhim bog‘lanishlar (masalan, ijtimoiy munosabatlar) bilib olinadi.
2. Tafakkur borliqni nafaqat bevosita, balki bilvosita tarzda ham aks ettira oladi. Unda yangi bilimlar tajribaga har safar bevosita murojaat etmasdan, mavjud bilimlarga tayangan holda hosil qilishi mumkin. Fikrlash bunda predmet va hodisalar o‘rtasidagi aloqadorlikka asoslanadi. Masalan, bolaning xulq-atvoriga qarab uning qanday muhitda tarbiya olganligi haqida fikr yuritish mumkin. Tafakkurning mazkur xususiyati, ayniqsa, xulosaviy fikr hosil qilishda aniq namoyon bo‘ladi.
3. Tafakkur insonning ijodiy faoliyatidan iborat. Unda bilish jarayoni borliqda real analogiga ega bo‘lmagan narsalar – yuqori darajada ideallashgan ob’ektlar (masalan, absolyut qattiq jism, ideal gaz kabi tushunchalar)ni yaratish, turli xil formal sistemalarni qurish bilan kechadi. Ular yordamida predmet va hodisalarning eng murakkab xususiyatlarini o‘rganish, hodisalarni oldindan ko‘rish, bashoratlar qilish imkoniyati vujudga keladi.
4. Tafakkur til bilan uzviy aloqada mavjud. Fikr ideal hodisadir. U faqat tilda – moddiy hodisada (tovush to‘lqinlarida, grafik chiziqlarda) reallashadi, boshqa kishilar bevosita qabul qila oladigan, his etadigan shaklga kiradi va odamlarning o‘zaro fikr almashish vositasiga aylanadi. Boshqacha aytganda, til fikrning bevosita voqe bo‘lish shaklidir.
Biz quyida tafakkurning shakllari va qonunlari haqida batafsil to’xtalib o’tamiz. Hozir esa talabalarga mantiq fanining vazifalari va ahamiyatli tomonlarini ko’rib o’tsak.
Tafakkur shakllari va qonunlarini o‘rganish, ulardan ongli ravishda foydalanish fikrlash madaniyatini o‘stiradi, xususan, fikrni to‘g‘ri qurish malakasini rivojlantiradi, bahs yuritishda o‘zining va boshqalarning fikriga tankidiy munosabatda bo‘lishga, suhbatdoshining mulohazalaridagi xatolarni aniqlashga, argumentlashdagi zaif bo‘g‘inlarni ochib tashlashga yordam beradi.
Muhokamani to‘g‘ri qurish, formal ziddiyatlar, xatolarga yo‘l qo‘ymaslikka erishish, aytish mumkinki, o‘ziga xos san’at-mantiq san’ati hisoblanadi. Bu san’atning nazariy asoslarini chuqur egallagan kishigina uning imkoniyatlarini amaliy muhokama yuritishda namoyish qila oladi. Shu o‘rinda buyuk mutafakkir farobiyning mantiq ilmining ahamiyati haqida bildirgan quyidagi fikrlarining alohida e’tiborga loyiq ekanligini ta’kidlash zarur. U shunday yozadi: “bizning maqsadimiz aqlni, xatoga yo‘l qo‘yish mumkin bo‘lgan barcha xollarda, to‘g‘ri tafakkurga etaklaydigan, uning yordamida har safar hulosa chiqarayotganda adashishga qarshi ehtiyot choralarni ko‘radigan san’atni-mantiq san’atini o‘rganishdir. Uning asosiy qonun-qoidalarining aqlga bo‘lgan munosabati grammatika san’ati qoidalarining tilga bo‘lgan munosabatiga o‘xshash; xuddi grammatika kishilarning tilini to‘g‘rilash ehtiyoji sababli yaratilgani, unga xizmat qilishi zarur bo‘lgani singari, mantiq ham tafakkur jarayonini yaxshi amalga oshirish maqsadida xatoga yo‘l qo‘yish mumkin bo‘lgan barcha hollarda aklni to‘g‘rilab turadi”.
Mantiq ilmining ta’lim sohasidagi vazifalari ham jiddiydir. O‘quv jarayonining samaradorligi ma’lum bir darajada ishlatiladigan tushunchalarning, terminlarning aniq bo‘lishiga, muammolarning mantiqan to‘g‘ri qo‘yilishi va hal qilinishiga, mavjud gipotezalar strukturasini to‘g‘ri tahlil qila olishga, argumentlash qoidalaridan to‘g‘ri foydalanishga bog‘liq.
Mantiqiy kategoriyalarning universal harakterga ega bo‘lishi ularni bilishda, ishlab chiqarish jarayonlarida, texnika tarmoqlarida ixtisoslashtirilgan holda tadbiq etish imkoniyatini tug‘diradi. Bu esa, mantiqdan turli fanlarning konkret masalalarini hal qilishda foydalanishning keng imkoniyatlarini vujudga keltiradi.
Fanning tobora rivojlanib borishi, borliqning murakkab qonunlarining kashf etilishi ilmiy bilish metodi va mantiq apparatini shunga moslashtirishni, tafakkurning har bir konkret masala xaqida aniq, xatosiz, tez hulosalar bera olishini talab qiladi.
Ilmiy va texnik jarayonning bunday talabi natijasida turli fanlarga ixtisoslashgan mantiq tarmoqlari vujudga keldi.
Fan qadriyatlar tizimida o‘ziga xos o‘ringa ega. U katta ilmiy saloxiyatni, ijodiy kuch – quvvatni birlashtiradi, millat dunyoqarashini shakllantiradi, ta’lim – tarbiya, axloq me’yorlarini vujudga keltiradi, ma’naviy barkamol insonni tarbiyalaydi, mamlakatda qudratli ilmiy potensialni yaratishga xizmat qiladi.
Mantiqni bilish, ayniqsa, ilm fan bilan shug‘ullanish, ilmiy - tadqiqot ishlarini olib borish, borgan sari ko‘payib borayotgan ilmiy axborotlarni tartibli ravishda o‘zlashtirish, ilmiy masalalarning tuzilishini tez bilib olish uchun ham muhim rol o‘ynaydi. Mantiqning ilmiy – nazariy ishlar hamda insonning amaliy faoliyati uchun bo‘lgan ahamiyatini alohida uqtirish bilan birga, chin hulosa chiqarishning hal qiluvchi sharti – hayotni chuqur o‘rganish, har bir voqelikdagi hollarni mantiq talablari asosida bilish zarur.
Mantiq inson tafakkuri madaniyatini ko‘tarish va insoniyatning uzoq tajribasi natijasida takomillashgan tafakkur shakllari, qonunlari va qoidalarini bilish uchun xizmat qiladi. U inson fikrining ketma – ket, ziddiyatsiz va asosli bo‘lishini ta’minlaydi. Mantiq fani mazmunini chuqurroq o‘rganish kishilarning o‘z tafakkuri va o‘zgalar tafakkuri natijalariga tanqidiy qarash xislatlarini rivojlantiradi. Tafakkurning bu sifatlari esa insonning turli ilmiy va amaliy faoliyatlari sohasidagi ishi uchun katta ahamiyatga ega. Mantiqiy usullardan to‘g‘ri foydalana olish, ta’lim tarbiya jarayonida isbot va raddiyaning mantiqiy tomonlarini bilish talabalarda o‘z nutqining asosli bo‘lishini ta’minlaydi, fikrdagi ziddiyatlarni ochishga yordam beradi. Mantiqni yaxshi bilish turli ilmiy uchrashuvlar, munozaralar, muhokamalarda muhim ahamiyatga ega bo‘ladi. Xususan, bunday hollarda fikrlash sub’ekti haqiqatni aniqlash yoki uning sofligini saqlab qolish, asoslash uchun mantiqiy qonun – qoidalarni to‘g‘ri tadbiq eta bilishi, suxbatdoshining fikridagi xatolarni tez topa olishi, o‘z fikrini dalilli qilib bayon etishi zarur. Bu esa uning mantiq fanini yaxshi bilishiga ko‘p jihatdan bog‘liqdir.
Tafakkur shakli fikrning mazmunini tashkil etuvchi elementlarning bog’lanish usuli, uning strukturasi (tuzilishi)dir. Fikrlash elementlari deganda, predmetning fikrda ifoda qilingan belgilari haqidagi axborotlar tushuniladi.
Hissiy va aqliy bilish o’zaro uzviy birlikni tashkil etadi. Shuning uchun ularni doimo o’zaro aloqada, bog’liqlikda olib qarash va o’rganish zarur. Ularni bir-biridan ajratib tashlash, bir-biriga qarama-qarshi qilib qo’yish holatlari ham bo’lganki, bunday holatlar sensualizm va ratsionalizm kabi noto’g’ri, biryoqlama oqimlarni vujudga keltirgan.
Tafakkurning mantiqiy tarkibini ikki tomon tashkil etadi: 1) mazmuni va 2) mantiqiy shakli
Tafakkurning mazmuni deb unda aks etgan buyum va hodisalar to’g’risidagi bilimlarga aytiladi.
Tafakkurning mantiqiy shakli deb fikrlarimizning ichki muntazamligi, muayyan bog’lanishi va izchilligiga aytiladi.
Fikrning tuzilishi deb uning ichki ko’rinishi, uni tashkil etadigan qismlarning o’zaro aloqasi usuliga aytiladi.
Fikrlarimiz tuzilishi, qurilishini aniqlash jarayoni formallashtirishdir. Formallashtirish jarayoni tafakkur shakllari va qoidalarini turli ramziy, shartli formulalar, sxemalar va belgilar orqali ifodalashdir. U tafakkurning shakli bilan birgalikda uning mazmunini ham hisobga olishni taqozo qiladi.
Tafakkurning mantiqiy shakli va mazmuni uzviy birlikni tashkil qiladi. Fikrning to’g’riligi, haqqoniyligi uning mantiqiy shaklining to’g’riligiga va aksincha bog’liqdir.
Masalan: har qanday metall elementdir.
Temir metalldir.
Demak, temir elementdir.
Bunda fikrning mazmuni chin, uning mantiqiy shakli esa to’g’ri qurilgan, bir-biriga o’zaro mosdir. Ammo ba’zan fikrning mantiqiy shakli izchil, to’g’ri qurilgan bo’lsa ham, uning mazmuni yolg’on, xato bo’ladi. Masalan:
Barcha odamlar yaxshi odamlardir.
Bezori odamdir.
Demak, bezori yaxshi odamdir.
Bunda fikrning mantiqiy shakli to’g’ri, izchil, muntazam qurilgan bo’lsa ham, ammo uning mazmuni xatodir. Chunki unda “barcha odamlar yaxshi odamlardir”, degan umumiy asos xato bo’lganligi sababli “bezori yaxshi odamdir”, degan yolg’on xulosa chiqadi.
Demak, tafakkurning mantiqiy shakli va mazmuni har doim ham bir-biriga mos kelavermaydi. Ular o’rtasida ziddiyat, nomuvofiqlik ham mavjuddir.
Mantiq tafakkurning mantiqiy shakllari, yo’llari, usullarini o’rganish bilan birgalikda to’g’ri aytilgan fikrlarning barchasi uchun bir xil umumiy qonunlarni ishlab chiqadi.

Yüklə 80,5 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin