Islomdagi yo‘nalish va oqimlarning mohiyati va xususiyatlari
Din kishilarning ma’naviyati, qadriyatlari, yashash mazmuni, ruhiyati bilan bog‘liq masalalar va ijtimoiy-siyosiy hayotni ifodalaydi. Ijtimoiy hayot maqsad va manfaatlari xilma-xil guruhlardan tashkil topadi. Din
mazkur jarayonlarga tortilar ekan, undan ushbu guruhlarning manfaatlarini muayyan darajada aks ettirish talab qilinadi. Bundan tashqari, ijtimoiy hayot doimo o‘zgarib turadi. Uning tarkibiy qismi bo‘lmish din ham unda yuz berayotgan jarayonlarni hisobga olishi lozim. Aks holda u ijtimoiy taraqqiyotga to‘sqinlik qiluvchi voqelikka aylanib qoladi.
Islom vujudga kelgan ilk davrlarda yo‘nalish, oqim va mazhablarga bo‘linmagan. Undagi dastlabki bo‘linish VII asrning o‘rtalarida turli guruhlarning siyosiy hokimiyat uchun o‘zaro kurashlari natijasida paydo bo‘lgan. Siyosatdagi ixtiloflar keyinchalik diniy ta’limot sohasiga ham ko‘chirilgan.
Islomda, umuman, har qanday dinda bo‘linish sabablari o‘zaro bog‘liq bo‘lgan turli jarayonlar ta’siridan paydo bo‘ladi. Bunday jarayonlar sabablari quyidagilardan iborat:
diniy aqidalarning barqarorligi yoki kam o‘zgaruvchanligi sababli ijtimoiy taraqqiyotdan ortda qolish natijasida yuzaga keluvchi ziddiyatlar ta’siri;
din va ruhoniylarning ijtimoiy-siyosiy hayotda ishtirok etishlari zarurati;
diniy ta’limotning turli millatlar va elatlarning madaniyati, urf- odatlari va an’analariga moslashishi;
diniy ta’limotga munosabat va uning talqinidagi tafovutlar.
Yuqoridagi kabi ta’sirlar oqibatida har qanday dinda bo‘linish (yo‘nalish, oqim va mazhablar) vujudga keladi. Lekin dinlarning ijtimoiy hayotdagi o‘rni va ahamiyatini undagi bo‘linishning qanchalik xilma-xil ekanligidan kelib chiqib baholash xatodir. Dindagi qarashlar xilma-xilligi uning jamiyatdagi ildizini mustahkamlaydi, mavjud muammolarning hal etilishida to‘g‘ri yo‘lni tanlash imkoniyatini kuchaytiradi.
Islomda dastlab xorijiylar (arabchada – chiqish, qarshi turish degan ma’nolarni anglatadi) yo‘nalishi vujudga kelgan. Uning a’zolari xalifa Alining Suriya noibi Muoviyaning hokimiyat uchun ochiq kurashiga qarshi murosachiligi va qat’iyatsizligidan norozi guruhlardan iborat bo‘lgan. Ular Alining siyosatiga norozilik bildirib Kufa shahridan Xarura qishlog‘iga ketib qolgan. Shuning uchun ba’zi ilk manbalarda yo‘nalishni xaruriylar deb ham yuritiladi.
Xorijiylar dastlab siyosiy talablar bilan chiqqanlar. Ayniqsa, musulmonlarning irqi va ijtimoiy kelib chiqishidan qat’iy nazar tengligini e’tirof etilgan. Xalifa lavozimiga ijtimoiy mavqeidan qat’i nazar, mas’uliyatni anglagan va davlatni boshqarish iqtidoriga ega nomzod
saylangan. Agar xalifa jamoa manfaatini himoya qilmasa, egallab turgan lavozimidan bo‘shatilgan yoki qatl qilingan.
Vaqt o‘tishi bilan ilohiyotga e’tiqod va amal aqidalarini kiritish taklif etilgan. Unga binoan, xudoga e’tiqod amaliy faoliyat bilan mustahkamlanishi, musulmon kishi vijdon amri bilan ish tutishi, diniy tartibga nafaqat so‘zda, balki amalda ham rioya etishi lozim. Diniy tartibni bajarmagan kishilar shafqatsiz jazolanganlar. Islom musulmonlarni kamtarona yashashga da’vat etadi va unda o‘yin-kulgu, musiqa, mayxo‘rlik va boylikka hirs qo‘yish kabilar qoralanadi.
Xorijiylar yo‘nalishida quyidagi asosiy guruhlar mavjud: