O‘NINCHI MAQOLAT (Nasriy bayoni)
Har kim o‘ziga to‘g‘rilikni odat qilgandan keyin charxning teskari aylangani bilan uning nima ishi bor?! O‘qning uchishi to‘g‘ri bo‘lgandan so‘ng yerning egriligining unga nima ziyoni bor?!
Yo‘l qancha to‘g‘ri bo‘lsa, maqsad shuncha yaqin, yo‘l egri bo‘lsa maqsad uzoqlashganiga ajablanish o‘rinsiz. Nay to‘g‘ri bo‘lgani uchun so‘fiylar uni yaxshi ko‘rishadi; to‘g‘ri bo‘lmasdan egri bo‘lsa, tanbeh uchun qulog‘i buraladi. Nayza to‘g‘ri bo‘lganidan doim boshi yuqori; arqon esa chirmash bo‘lgani uchun bog‘lashga ishlatiladi.
Ayvonda yonayotgan shamning bo‘yi to‘g‘ri bo‘lgani sababli u kechasi qorong‘ida bazmning shohidiga aylandi. Egri uchish qilib parvona ko‘p aylangani uchun oxiri sham o‘tiga urilib yonib ketdi. Sarvning qomati to‘g‘ri bo‘lgani uchun xazon kulfatidan ofat ko‘rmay, doim ko‘m-ko‘k. Bog‘dagi toza sunbul har narsaga chirmashib o‘sgani uchun egrilik uning yuzini qora qildi. Sozlangan torning qili to‘g‘ri bo‘ladi; egri bo‘ldimi, sozlanmagani.
Mistarning chizig‘iga yozuv to‘g‘ri kela bergach, qalam boshini ko‘tarmasdan yozgani-yozgan. Uning bitta chizig‘i egri bo‘lsa, xatga bitta dog‘ tushadi; ko‘chirilayotgan nusxada esa har sahifada qiyshiq xat bo‘ladi.
Xatni to‘g‘ri yozadigan kishilar haqiqiy sog‘lom kishilardir; xat agar egri yozilgan bo‘lsa, demak, yozgan odam ham to‘g‘ri emas. Kimning qarashi to‘g‘ri bo‘lsa, o‘sha haq. Kimning qo‘li egri bo‘lsa, o‘zi ham o‘g‘ri bo‘ladi. Kimki qo‘li egrilik bilan foyda topgan bo‘lsa, xalq uning qo‘lini kesib to‘g‘ri qiladi.
Ko‘z tug‘ilishidan egri bo‘lsa, uning odati bittani ikkita qilib ko‘rsatishdir.
Kimki to‘g‘rilik yo‘lini bilmoqchi bo‘lsa, bilsinki, bu ikki xil bo‘ladi. Biri shuki, kishining so‘zi to‘g‘ri bo‘lsa, uning so‘zi bilan birga o‘zi ham to‘g‘ri bo‘lishi kerak. Yana biri shuki, yolg‘on gapni ba’zilar taassuf bilan, uyalganidan «To‘g‘ri!» deydi. Oldingisi, hech shubhasiz, yaxshi, lekin ikkinchisi ham yomon emas. Kishi yolg‘onni gapirsa ham kam gapirsa! Qani endi shunday odam bizning zamonda ham topilsa.
Lekin odamlarga Xudoning o‘zi ato qilgan bu to‘g‘rilik, qara, ulaming oldida xato bo‘lib ko‘rinadi. So‘zlashda xato gapirishga o‘rgangan odam noto‘g‘ri fikrni to‘g‘ri deb gumon qiladi. Kimki bu davrda to‘g‘ri gapirishga odatlangan bo‘lsa, u kambag‘allik, yetishmovchilikdan boshqa narsani bilmaydi. Bu davr istagi egrilik bo‘lgani uchun sen haqiqatni talab qilsang, unga yoqmaysan.
Egrilikning ham, to‘g‘rilikning ham o‘z haqiqiy ta’rifi bor: yolg‘on egrilikdan, to‘g‘rilik haqiqatdan iboratdir. Sham o‘z to‘g‘riligi bilan xursand; boshdan oyoq kuysa ham, u nurga aylanadi. Yashin egrilikni odat qilgan bo‘lib, hamma yoqni yoritsa-da, yerning ostiga kiradi. Bog‘bon o‘z yeriga reja tortmas ekan, bog‘ning ko‘rinishi changalzorning ko‘rinishiga o‘xshab qoladi. Dehqon agar mola bosmasdan urug‘ sochsa, qancha bir xil sochmasin, ekini, bari bir (baribir) , suvni tekis ichmaydi. Oynaning yuzi qancha tekis bo‘lsa, oy yuzlining yuzi ham shuncha to‘g‘ri ko‘rinadi. Temir qalpoqning yuzi qancha sayqallangan bo‘lmasin, yuzning tasviri unda cho‘zilgan holda aks etadi. Sokin turgan suvda quyosh to‘g‘ri aks etadi: chayqalgan suvda esa egri ko‘rinadi. Xato bilan yolg‘on gapirish hisobga kirmaydi; chunki uning yolg‘onligi bilingach, undan qochiladi.
Kimki yolg‘on gaprishni odat qilgan bo‘lsa, uni er kishi-yu musulmon deb bo‘lmaydi. Yolg‘onchi o‘z gapini o‘tkazish uchun qancha urinmasin, u o‘z gapini bir-ikki marta o‘tkaza oladi, xolos. Uning bu ishidan xalq g‘ofil bo‘lsa ham, lekin tangri o‘zi bu holdan voqif. Bu xususiyat elga qancha maxfiy bo‘lmasin, yolg‘on bari bir (baribir) o‘zini oxirida ma’lum qiladi. Yolg‘on tong o‘zini qancha oshkor qilsa ham, uning nurlari, kuzat, baribir uzoq turmaydi... Kimki qizishib turib ont ichgan bo‘lsa, onti yolg‘on bo‘lsa, aybi yuvilib ketadi. Kimki o‘zini yolg‘onchi sifatida tanitgan bo‘lsa, rost gapirsa ham, xalq uning hamma gapini yolg‘on hisoblaydi. Bu xususiyat uni doim qiynoqda saqlaydi. Hech narsa bilan u bu qiynoqdan qutula olmaydi. Kimki yolg‘onchi deb nom chiqargan bo‘lsa, o‘zinikilar ham, begonalar ham uni shu ot bilan chaqirar ekanlar, to‘g‘rilik nomi unga hech qaytib kelmaydi. Rost gapirsa ham xalq unga inonmaydi. Kimning chin gapi el orasida yolg‘on deb topilar ekan, yolg‘onni chinga aylantirish imkoni bormi?!
Qanday bir majburiy sharoitda qolganingda ham, chinni (chin so’zni) gapirishning iloji bo‘lmasa, yolg‘onni ham gapirma.
Dostları ilə paylaş: |