I.P.Pavlov (1849-1936) I.P.Pavlovning oliy asab faoliyati to’g’risidagi ta’limoti hozirgi psixologiya, pedagogika va falsafaning tabiiy-ilmiy asosidir.
Bu ta’limot jismoniy tarbiya nazariyasi uchun ham juda katta ahamiyatga egadir. Jismoniy tarbiya tadbirlari tizimi ta’siri bilan murakkab jarayonlar va funksiyalarning qayta ko’rilishini I.P.Pavlovning oliy asab faoliyati asosidagina to’g’ri tahlil qilish mumkin. I.P.Pavlov hayvonlar bilan odamning oliy asab faoliyatini tekshirib, organizm bilan tashqi muhit o’rtasidagi bog’lanishning yangi shaklini – shartli reflekslarni kashf etdi.
I.P.Pavlov hayvonlar fiziologiyasi fani bilan shug’ullandi. Bu fan hayvon organizmidagi a’zolar faoliyatining asosiy qonunlarini o’rganadi. Ovqatlanish, nafas olish, qon aylanishi va shunga o’xshashlar tiriklikning alomatlaridir. Ammo fiziologiya butun organizm hayotini, uning tashqi muhitga munosabatini ham tekshiradiki, Pavlovni bu ham g’oyat qiziqtirar edi. Shu sababli bo’lsa kerak, dastlabki vaqtlarda I.P.Pavlov qon aylanish a’zolari fiziologiyasi, jumladan yurak faoliyatini tekshirishga kirdi. Odamlar ustida qilib bo’lmaydigan jarrohliklarni hayvonlarda qilib ko’rdi, chunonchi: qon tomirlarini bo’g’ib bog’lash, asablarga elektr energiyasi bilan ta’sir etish, yangi dori moddalarining yurakka qanday ta’sir etishini tekshirish maqsadida qonga shu moddalarni yuborish va boshqalar bilan shug’ullandi. 1904 yilda maxsus qo’mita I.P.Pavlovga, uning tibbiyotga katta yordam ko’rsatgan ovqat hazm qilish sohasidagi kashfiyotlari uchun oliy halqaro ilmiy mukofotini –A.Nobel mukofotini berishga qaror qildi. Haqiqatda, Pavlov ovqat hazm qilish qonunlari ustida ishlab, faqat tibbiyotni emas, balki tirik tabiatning rivojlanishiga xos umumiy qonunlar haqidagi fanni ham ilgari surdi, boshqacha aytganda, u faqat fiziologgina emas, balki biolog ham edi.
aytdi.