Abu Nasr Farobiy (873-950) Al-Farobiy o’zining tibbiyot asarlarida, inson organizmi, uning funksiyasi haqida yozar ekan, organizm bir butun yaxlit tizimdan iboratligini, turli o’zgarishlar va kasalliklar esa ovqatlanishning o’zgarishi bilan bog’liqligini ko’rsatib o’tadi. Farobiy, odam organizmi markaziy asab tizimi orqali boshqariladi, bosh miya organizmda o’zaro munosabatni yuzaga keltirib turadi deydi. Uning ta’kidlashicha, organizmda ikki xil boshqarish kuchi mavjud: bulardan biri hayvoniy boshqarilish, bu hayvonlarga xos xislat yoki noaql (al-hayvon g’ayri notiq) va fikrlovchi, aqlli (al-hayvon an notiq) nutqiy xususiyat deb ta’riflaydi. Shunday qilib, u hayvonlarda nutq o’smagan-birlamchi signal tizimiga bo’ysunuvchilar deb ko’rsatgan bo’lsa, odamlarni nutqiy fazilati bo’lgan-ikkinchi signal tizimiga xos fazilatli deb ta’riflaydi. Bundan ko’rinib turibdiki, Farobiy hali Ovrupa olimlaricha qadar xususan rus fiziologiyasining otasi-I.M Sechenovgacha ming yil avval fiziologiya fanining poydevori bo’lgan eng murakkab sohasi-oliy asab faoliyatining birlamchi va ikkilamchi signal tizimining rivojlanishiga ilmiy asos solgan.
Abu Saxl Masihiy Jurjoniy (970-1010) Gurgonda tug’ilgan, Xorazmda yashab, ijod etgan. O’sha vaqtda Xorazmda Aburayhon Beruniy, Ibn Sino, Abul Xayr, Ibn Iroq va boshqalar ham yashar edi. Masihiy zamonasining yirik tabiatshunosi, tabibi, astronomi va faylasufi bo’lgan va shu sohalarga oid asarlar yozgan. Biroq, fan tarixida Masihiy tabib sifatida mashhurdir. U Ibn Sinoning yaqin do’sti va tabobat sohasida uning ustozlaridan biri bo’lgan. Masihiy Ibn Sino bilan birgalikda Xorazmdan Xurosonga o’tib ketayotganda 40 yoshda 1010 yili vafot etgan. Masixiy yozgan 8 tibbiy asar bizgacha yetib kelgan, ulardan biri qomusiy ahamiyatga ega, qolganlari tabobatning ayrim masalalari: umumiy terapiyaga, odam a’zolarining fiziologiyasiga, chechakka, o’lat (chuma) ga, mijozga, tomir urushiga va badantarbiyaga bag’ishlangan Masihiyning asosiy va eng katta asari «Qutub al-mi’a fi-s-san’at at tibiya» («Tabobat san’ati bo’yicha yuz kitob») deb nomlangan. Bu asar bizgacha ko’pgina nusxalarda yetib kelgan.