(sulcus arteriae subclaviae), oldida esa o’mrov osti venasi egati (sulcus venae subclaviae) bor.
Umurtqalarning ventral ravoqlari yon tomonga yo’l hosil qilib o’sib, miotomlarning ventral qismi orasiga kiradi va qovurg’alarni hosil qiladi. Qovurg’alar umurtqa va to’sh suyagiga nisbatan erta suyaklanadi. Homila hayotining 6-8 haftasida VI-VIII qovurg’alar burchagida, keyin boshqa qovurg’alarda suyak nuqtalari paydo bo’ladi. Bu suyak nuqtasi ikki tomonga qarab tarqalib tez orada qovurg’a tanasini egallaydi.
Yangi tug’ilgan bolada 7 juft chin, 2 juft yolg’on va 3 juft yetim qovurg’a bor. Uning qovurg’asi ikki: suyak va tog’ay qismlardan iborat. Bu qismlarning bir-biriga nisbati kattalarnikiga o’xshaydi. Qovurg’a boshchasi va bo’rtig’i tog’aydan, bo’yni tog’ay va suyak qismlardan iborat. Qovurg’a tanasi yumaloq, burchagi va egati yaxshi bilinmaydi. Erta bolalik davrida qovurg’alarning o’sishi tezlashadi. Uning orqa qismi bo’yni hisobiga uzayadi. Oldingi qismi tez o’sib, tanasi yassilanadi va ichkariga qarab buriladi.
Bolalikni birinchi davrida qovurg’a o’sishda davom etadi va uning burchagi aniq bilinadi. Bolalikning ikkinchi davrida qovurg’a boshi va bo’rtig’i uchun qo’shimcha suyak nuqtalari paydo bo’lib, tana bilan 18-25 yoshda birikadi. Balog’at davrida X qovurg’a tog’ayi qovurg’a ravog’i bilan qo’shiladi va 7 juft chin, 3 juft yolg’on va 2 juft yetim qovurg’a hosil bo’ladi.