Bitiruv malakaviy ishini xulosalash Ilmiy tadqiqning farazi mavzuning o‘rganilish tarixidan kelib chiqadi, zeroki, har bir tadqiqotchi o‘z tadqiq manbayi xususiyatlarini o‘rganar ekan, uning yangi-yangi aloqa va munosabatlarini, tomon va qirralarini ochadi, yangi bog‘lanishlarni, muammolarini kashf etadi, lekin ularning barchasini o‘z ilmiy ishida mufassal ko‘rib o‘tolmaydi, ammo bu yangi qirra va aloqadorliklar haqida yo‘l-yo‘lakay fikrlar, farazlar va taxminlar bildirib o‘tadi. Mana shunday tadqiqotlar tadqiq manbaini yangi bosqichda o‘rganish uchun mayoq – ilmiy faraz bo‘lib xizmat qiladi. Har bir jiddiy va tom ma’noda ilmiy izlanish fan oldiga yangi-yangi muammolarni, maxsus o‘rganilishi zarur masalalarni qo‘yadi, tadqiq manbaini yangi bosqichda tahlil va tavsif etishga zamin hozirlaydi.
Ilmiy faraz tadqiqotchi tomonidan ehtiyotkorlik bilan asosli ravishda shakllantirilishi va bayon etilishi, atroflicha tekshirilib navbatdagi bosqich tadqiqotlari uchun mayoq qilib olinishi zarur.
Ilmiy tadqiqning muhim bosqich va qismlaridan yana biri faktik material yig‘ish va tajriba-sinov (eksperement) ishlari o‘tkazishdir.
Faktik material deganda tadqiqotchidan tashqarida (unga bog‘liq bo‘lmagan) mavjudlik sifatida berilgan borliq (voqelik) narsa-hodisa, aloqa-munosabat, qonuniyatlar tushuniladi. Har bir fan uchun faktik material o‘ziga xos. Chunonchi "Suv" kabi bir narsa (modda)ning tuproq, yer va o‘simlikka ta’siri biologiya va qishloq xo‘jaligi uchun faktik material bo‘lsa, uning qancha darajada qaynashi yoki qotishi fizik uchun, qanday moddalar bilan aralasha olishi, reaksiyaga kirishi va kirmasligi ximiya uchun faktik materialdir. "Suv” so‘zining xilma-xil ma’nolarni ifodalab kela olishi esa tilshunos uchun faktik materialdir.
Faktik material ilmiy tadqiq jarayonida kamida uch marta yig‘iladi:
Ilk bosqichda faktik material, odatda, mavzuning o‘rganilish tarixi bilan tanishish jarayonida ilmiy-tadqiqiy adabiyotlardan yig‘iladi va bo‘lajak ilmiy tadqiqning manbayi va predmetini, metodologik asoslarini belgilashda zamin vazifasini o‘taydi.
Ikkinchi marta jiddiy va katta miqdorda faktik material mavzu rasmiylashtirilgach, uning o‘rganilish tarixi bilan atroflicha tanishilgandan keyin bo‘lajak ilmiy tadqiqotning moddiy, ashyoviy asosi, qurilish materiali sifatida juda katta miqdorda yig‘iladi.
Tilshunoslik bo‘yicha ilmiy tadqiqotlarda bu bosqich o‘rganilayotgan til hodisasining qo‘llanilish holatlarini (shevashunos bo‘lsa, sheva xususiyatlarini, grammatikachi bo‘lsa grammatik shakllarning, leksikolog bo‘lsa, o‘z tadqiq manbaiga oid so‘zlarning, uslubshunos bo‘lsa u yoki bu til birliklarining ma’lum bir maqsadlarini ko‘zlab qo‘llanilishlarini, biror yozma yodgorlikning lisoniy xususiyatlari tadqiqotchisi bo‘lsa, shu yodgorlik yoki asarning til xususiyatlarini v.h.) qayd etib, kartochkalarga ko‘chirish, har bir kartochkada hodisa to‘g‘risida o‘z qaydlarini, hodisa olingan manbani aniq (kerak bo‘lganda osongina topa oladigan shaklda) ko‘rsatib berishdan iboratdir.Bunday izlanish - o‘rganilayotgan birlik voqelanishining qayd qilish va yig‘ib borish yangi voqelanishlar topish mumkin bo‘lmagan, topilgan hodisalar oldin qayd etilganlarning faqat takroridan iborat bo‘lguncha davom ettiriladi.Yig‘ilgan material yuzlab kartochkalarni tashkil etishi mumkin.Shundan keyingina tadqiqotchi yiqqan faktik materialini sistemalashtirish, tartibga solish ustida ishlaydi. Bunda u kartochkalarni ularda qayd etilgan hodisalarning o‘zaro o‘xshash va farqliligiga ko‘ra guruhlaydi, ularning sistematik katalogga o‘xshash kataloglarini tuzadi. Bunda tabiiyki, bir-biriga yaqin hodisalar birin-ketin keladi, bir-biriga yaqin joylashgan guruhlarda o‘zaro farq, asosan, miqdoriy, juz’iy bo‘lsa, bir-biridan ancha uzoq turgan guruhlar orasida farq sifatiy bo‘ladi. Sistemalashtirilgan material katalogi tadqiq manbaining tadqiqotchi topgan, qayd qilgan hodisalarining (voqelanishlarining) ilk tasnifidir. Bu amaliyotning mukammalligi ilmiy tadqiqotning muvaffaqiyatli yakunlanishi garovidir.
Sistemalashtirish yakunlangach, agar tadqiqot hodisalar (bilimlar) tavsifini o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan bo‘lsa, sistemalashtirilgan faktik material batafsil tavsiflanadi.
Tavsiflash jarayonida hodisaning ayrim voqelanish turlariga material yetarli emasligi, hodisalar voqelanish zanjirida uzilish sezilishi mumkin.Bunday hollarda uchinchi marta endi – maqsadli ravishda faktik material yig‘iladi.
Natijada tilning biror bo‘g‘ini birliklarning (tabiiy fanlarda ma’lum turdagi eksperementlarning va ularning natijalarining) mufassal tavsifini beruvchi tavsifiy tadqiqot yuzaga keladi. Ilmiy tadqiqotda manba tavsifi yakunlangach, ilmiy ish xulosalanishi zarur.