AQSH ichki mintaqalarining iqlimi – kontinental, Kordilera ichki hududlarida keskin kontinetal. Tinch okeani sohilining janubida O’rtaer dengiziga o’xshash, Kordilera janubiy qismining ichki rayonlarida juda issiq va quruq iqlim bor. Mamlakat hududidan dunyoning eng yirik daryo tizimlaridan biri – Missuri bilan Missisipi daryosi oqib o’tadi. Mamlakat shimolida, Kanada chegarasida Buyuk ko’llar (YUqori ko’l, Guron, Michigan, Ontario) bor. Katta Havza tog’ida Katta SHo’r ko’l, Floridada ko’pdan-ko’p sayoz ko’l va qo’ltiqlar, Alyaskada muzliklardan hosil bo’lgan tektonik ko’llar, jumladan, Iliamna ko’li bor.
Markaziy Osiyo mamlakatlari va Qo‘shma SHtatlar o‘rtasidagi aloqalarning dastlabki davrida munosabatlar sporadik xususiyatga ega bo‘ldi. AQSH mintaqa mamlakatlarining suverenitet va mustaqillikni qo‘llab-quvvatlashi, islohotlarni ma’qullashini vaqti-vaqti bilan qayd etib tursa-da, amalda Markaziy Osiyo ishlariga amaliy ravishda sezilarli aralashmadi desa bo‘ladi. Qozog‘istonning yadro quroli hamda Kaspiy havzasi energiya resurslaridan foydalanish to‘g‘risidagi masalalar bundan mustasnodir. O‘sha davrda Davlat departamentida mintaqaga nisbatan siyosatni Stroub Telbot komandasi belgilar edi va u hatto Vashingtonning o‘zida «rusotsentrizm» (sobiq SSRI hududidagi barcha masalalarga Moskva bilan munosabatlar nuqtai nazaridan qarashga moyillik) va «demokratik radikalizm» (ikki taraflama munosabatlarda asosiy urg‘uni inson huquqlari masalalariga berish) uchun tanqid qilingan edi.
1994 yil o‘rtalarida mintaqaga AQSHning o‘sha davrdagi mudofaa vaziri Uilyam Perri tashrif buyurganidan so‘ng vaziyat ancha o‘zgardi. U Markaziy Osiyoga tashrif natijalari to‘g‘risidagi o‘z dokladida kuchli mustaqil siyosat olib borayotgan, barqaror dunyoviy davlat hisoblangan va ancha katta harbiy salohiyatga ega bo‘lgan O‘zbekistonga alohida e’tiborni qaratdi.
90-yillarning o‘rtalariga kelib AQSHda Markaziy Osiyo geografik chegaralarining kengaytirilgan, ya’ni Afg‘oniston, G‘arbiy Xitoy, butun Qozog‘iston va Ozarbayjon kiritilgan talqini muomaladan mustahkam o‘rin oldi. SHuning o‘ziyoq AQSHning mintaqadagi manfaatlari Amerika tashqi siyosatining Hindiston subkontinenti, O‘rta SHarq, Xitoy va Rossiyadagi strategik maqsadlariga taalluqliligini anglatadi. Ayni vaqtda, o‘tgan asr davomida shakllangan ma’lum omillarga ko‘ra, Markaziy Osiyoga «sobiq SSRI hududi» sifatida yondashiladi. SHu bilan birga, mintaqani janubiy Kavkaz va Kaspiy mintaqasi bilan yagona geostrategik va iqtisodiy makonda ko‘zdan kechirishga intilish ham kuchayib borayotir. Nihoyat, yana bir muhim yo‘nalish bu Evrosiyo yo‘nalishi bo‘lib, u Markaziy Osiyo Evropadagi jarayonlar, EXHT faoliyati doirasiga kirishini nazarda tutadi.
SHuning uchun bo‘lsa kerak, AQSHning Markaziy Osiyoga nisbatan siyosatida muayyan ko‘p qatlamlilik va buning natijasi o‘laroq yondashuvlarning har xilligi, bir-biriga zid tendensiyalarning mavjudligi kuzatiladi. AQSHning mintaqadagi jarayonlarda ishtiroki shubhasiz murakkab xususiyatga ega. Ayrim tadqiqotchilarning fikricha, u ko‘proq «reaktiv» xususiyatga ega bo‘lgan, uchinchi mamlakatlar, avvalo Rossiya, Xitoy va Eron manfaatlari bilan belgilangan. Lekin bu yondashuv AQSHning mintaqadagi jarayonlarda ishtirokini jo‘nlashtirishdan boshqa narsa emas va AQSHning hozirgi bosqichdagi umumiy tashqi siyosiy konsepsiyasiga mos kelmaydi, chunki u boshqa davlatlar diplomatiyasiga qaram va etaklovchi bo‘lishi global liderlik konsepsiyasiga to‘g‘ri kelmaydi.
Xalqaro xavflarga qarshi dunyo miqyosida kurash nuqtai nazaridan Markaziy Osiyo hozirgi dunyoda muhim rol o‘ynashi Vashingtonda tobora keng e’tirof etilmoqda. Bu eng avvalo mintaqadan tarqalayotgan va Qo‘shma SHtatlarning milliy manfaatlariga daxl etayotgan xavflar – xalqaro terrorizm, narkobiznes va diniy ekstremizm miqyosi yanada aniqroq tasavvur qilinishida namoyon bo‘lmoqda. So‘nggi yillarda mintaqa mamlakatlari bilan ikki taraflama munosabatlarda xavfsizlik va mintaqada harbiy-siyosiy kuchlarning bo‘lib turishi masalalariga ko‘proq urg‘u berila boshlandi.
AQSH Rossiya va Xitoyning mintaqadagi faolligini hozir ham tashvish bilan kuzatib bormoqda. Davlat departamenti Markaziy Osiyo mamlakatlari terrorizmga qarshi kurash masalalarida Rossiya bilan hamkorlik qilishi zarurligini tan olgan bo‘lsa-da, Rossiyadagi muayyan doiralar yuzaga kelgan vaziyatdan mintaqada Rossiya ta’sirini kuchaytirish uchun foydalanishi mumkinligi Qo‘shma SHtatlarni qattiq tashvishga solmoqda. SHunday qilib, Markaziy Osiyodagi «katta geosiyosiy o‘yin»da o‘z ishtirokini tan olmagan holda, AQSH bu erda aksariyat hollarda geosiyosiy vaziyatning rivojlanishiga va Rossiya, Xitoy, Eron, Evropa Ittifoqi, Hindiston, Turkiya kabi kuch markazlarining xulq-atvoriga qarab ish ko‘rmoqda.
SHuni ta’kidlash lozimki, AQSHning Markaziy Osiyoga nisbatan siyosatidagi nomuayyanlik ma’lum darajada Qo‘shma SHtatlar ma’muriyatida mazkur siyosatning yo‘nalishiga nisbatan yakdil fikr va yondashuvlar yo‘qligining natijasidir.
Resurslarga boy, barqaror, hamkorlikka tayyor, mustaqil xalqaro siyosat olib borishga qodir mamlakatlarning mintaqaviy hamkorligi rivojlanishidan Vashingtonning manfaatdorligi AQSHning Markaziy Osiyoga nisbatan siyosatining muhim yo‘nalishi bo‘lib qolayotir. Mintaqaning barqarorligi, unda xavfsizlik va hamkorlikning mustahkamlanishi iqtisodiy va siyosiy islohotlarni amalga oshirish bo‘yicha tashlangan qadamlarga bog‘liq ekanligiga AQSH ma’muriyatining ishonchi komil. Bunda jahon xo‘jalik aloqalari tizimiga mintaqaning qo‘shilishi muhim ahamiyat kasb etadi. «Ipak yo‘li strategiyasi: XXI asr» qonun loyihasi shu yo‘nalishda tashlangan muhim qadamlardan biri bo‘ldi. U Markaziy Osiyoga nisbatan tashqi siyosiy qarorlar qabul qilish jarayonida AQSH Kongressining ishtiroki faollashganidan dalolat beradi. Qonun loyihasi Markaziy Osiyo va Kavkazorti davlatlari Evropaning rivojlangan mamlakatlari bilan yanada yaqinroq hamkorlik qilishiga imkoniyat yaratuvchi ko‘p darajali infratuzilma – «Evrosiyo koridori»ni barpo etish bo‘yicha ko‘p taraflama muzokaralar olib borishni taklif qildi. Kongressda muhokama qilinayotgan ushbu qonun loyihasi mintaqa mamlakatlarining mustaqilligi va suverenitetini qo‘llab-quvvatlash, mintaqaviy hamkorlikni rag‘batlantirish, mintaqa mamlakatlari jahon hamjamiyatiga qo‘shilishiga, ijtimoiy-iqtisodiy va demokratik o‘zgarishlarga imkoniyat yaratish, mintaqaviy mojarolarni tartibga solish, xalqaro terrorizmga qarshi kurashda hamkorlik qilishni nazarda tutadi.
AQSHning mintaqadagi iqtisodiy manfaatlariga kelsak, Kaspiybo‘yi energiya resurslarining rivojlanishiga Qo‘shma SHtatlarning qiziqishi AQSHning Markaziy Osiyodagi siyosatiga ta’sir ko‘rsatayotgan muhim omil bo‘lib qolayotir. AQSHning energetik loyihalari ta’sirida shakllanayotgan yondashuvlar nafaqat Kaspiy neftida o‘z ulushiga ega bo‘lgan mintaqa davlatlari bilan AQSHning ikki taraflama hamkorlik istiqbollarini, balki Rossiya va Eron bilan siyosiy va iqtisodiy raqobatni ham hisobga oladi.
Dunyoda muhim ahamiyatga ega bo‘lgan AQSH va Evropa davlatlari bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatish ko‘pgina davlatlarda bo‘lgani kabi O‘zbekiston uchun ham alohida ahamiyatga ega.
O‘zbekiston - AQSH munosabatlari bosqichma-bosqich rivojlanib kelmoqsa. O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimovning 1996 yil yozida AQSHga qilgan birinchi va muhim safari davomida iqtisodiy hamkorlikdan tortib xavfsizlikkacha bo‘lgan turli sohalarni qamrab olgan muzokaralar, O‘zbekiston va AQSH rahbarlarining keyingi uchrashuvlari, Amerika parlameni yuqori martabali vakillarining tashriflari O‘zbekiston – AQSH munosabatlarini yangi bosqichga olib chiqsi.
Ikki davlat hukumatlari o‘rtasida 2001 yil oktyabrda xalqaro terrorchilikka qarshi kurashish masalalari bo‘yicha qo‘shma bayonot imzolanishi, hukumatlar o‘rtasida ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish va O‘zbekistondagi iqtisodiy islohotlarni qo‘llab-quvvatlash borasida o‘zaro anglashuv haqida memorandum qabul qilindi. O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimovning 2002 yil mart oyida AQSHga ikkinchi rasmiy tashrifi O‘zbekiston va AQSH o‘rtasida Strategik sheriklik va hamkorlik asoslari to‘g‘risida deklaratsiya, shuningdek, ilmiy-texnikaviy tadqiqotlar, yadro tarqatilishiga yo‘l qo‘ymaslik borasida hamkorlik qilish to‘g‘risida hamda O‘zbekiston Tashqi iqtisodiy faoliyat banki bilan AQSH Eksport-import banki o‘rtasidagi hamkorlik to‘g‘risida bitimlar imzolanishi O‘zbekiston - AQSH munosabatlarida qo‘yilgan muhim qadamlardan biri bo‘ldi.
O‘zbekiston va AQSH o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni to‘rt bosqichga bo‘lish mumkin.
Birinchi bosqich mustaqillikka erishgunimizgacha bo‘lgan davr va mustaqillikning dastlabki uch yilini o‘z ichiga oladi. Bu davr O‘zbekiston va AQSH o‘rtasidagi aloqalarning hali rivojlanmaganligi va hamkorlikning dastlabki kurtaklari paydo bo‘la boshlaganligi bilan xarakterlanadi. Ushbu bosqich Amerika Qo‘shma SHtatlari O‘zbekiston Respublikasini mustaqilligini tan olganligi va ikki davlat o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganligi bilan muhimdir.
Ikkinchi bosqich 1993 yilga to‘g‘ri keladi va 2001 yil sentyabrida AQSHda terroristik akt sodir etilgan davrga qadar davom etadi.
Bu davr mobaynida O‘zbekiston bilan AQSH munosabatlari eng muhim yo‘nalishlar bo‘yicha faol rivojlanganligi, umumbashariy va mintaqaviy xavfsizlikning eng dolzarb muammolarini hal etishga bo‘lgan yondashuvlarning o‘xshash jihatlarini namoyon qilganligining guvoxi bo‘lish mumkin. Boshqacha aytganda, bu davrda AQSH O‘zbekistonni qaytadan kashf etgan bo‘lsa, O‘zbekiston ham AQSHni kashf etdi.
hamkorlikning yangi sifatdagi strategik sheriklikka asoslangan uchinchi bosqichi 11 sentyabr voqealaridan keyin boshlandi. Bu bosqich O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning AQSHga qilgan safari chog‘ida O‘zbekiston va AQSH o‘rtasida Strategik sheriklik va hamkorlik asoslari to‘g‘risidagi deklaratsiyaning imzolanganligi bilan ahamiyatlidir. Bu bosqichning eng rivojlangan davri Afg‘onistonda xalqaro terrorizmga qarshi kurashning dastlabki bosqichida xalqaro koalitsiyaga qo‘shilgan O‘zbekiston AQSH mudofaa vazirligiga Qarshi-Xonobod harbiy bazasini berganligida namoyon bo‘ldi.
Ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarning to‘rtinchi bosqichi 2005 yil 13 may Andijon voqealaridan keyin boshlandi va buni sovuqlashish davri deb atash mumkin. Sovuqlashishga sabab AQSHning Andijon voqealariga nisbatan bildirgan munosabati va O‘zbekistonning bu voqealar ortida g‘arbiy kuchlar borligini tez orada payqaganligi va isbotlaganligiga borib taqaladi. Bu bosqichning eng yuqori nuqtasi Amerika harbiylarining Qarshi-Xonobod bazasidan chiqishi davriga to‘g‘ri keladi. Bu jarayon ko‘pchilik tomonidan O‘zbekistonning Andijon voqeasi uchun AQSHga bildirgan javobi tarzida baholangan bo‘lsa-da, bu unchalik to‘g‘ri emas. Afg‘onistondagi harbiy harakatlarning eng jadal pallasi yakunlangan 2002 yildan boshlab O‘zbekiston AQSHdan Xonobod bazasini bo‘shatishni talab etayotgan edi. 2006 yil har ikki davlat uchun munosabatlarning yangi bosqichini boshlash oldidan sokinlik yoki tanaffus davri bo‘lganligini ta’kidlash mumkin. 2007 yil O‘zbekiston AQSH munosabatlarida yangi davr boshlanishi ehtimoli mavjud.