Ideokratiya (yunon.) – g‘oyalar hukmronligi. Rus Evroosiyochilari (N.Trubetskoy, P.Savitskiy) atamasi bo‘lib, u «materiya hukmronligi», «bozor tizimi», «savdo tuzumi»ga qarshi qo‘yiladi. Ideokratiyada ijtimoiy ierarxiya va mehnatni raqbatlantirish noiqtisodiy tamoyillar asosida amalga oshiriladi.
Ikkinchi dunyo – «Sovuq urush» davrida sotsialistik lagerni ifodalagan tushuncha bo‘lib, bu urush tugagandan keyin «Evroosiyo»ni ifodalaydi.
Imperiya – diniy, axloqiy yoki mafkuraviy xarakterdagi universal g‘oya ostida bir necha davlat yoki xalqlarni birlashtiruvchi umumdavlat tuzilmasi.
Integratsiya – geosiyosatda bir nechta hududiy bo‘laklarni birlashishni ifoda etuvchi ko‘pqirrali shakl. Integratsiya harbiy bosqinchilik yo‘li bilan ham,tinch yo‘l bilan ham amalga oshirilishi mumkin. Geosiyosiy integratsiyaning bir qancha – iqtisodiy, siyosiy, madaniy, til, strategik, diniy va hakozo yo‘llari mavjud. Ularning barchasi yagona mazmundagi yakuniy natijaga – blokning strategik jihatdan yuksalishiga va hududiy jihatdan kengayishiga olib keladi.
Ichki o‘q – yagona strategik (yoki siyosiy) maydon ichida markazning chekka hududlar bilan ichki geosiyosiy aloqasini ifodalovchi xususiyati. Geosiyosiy nur va geosiyosiy parcha singari tushunchalar ham ana shu mazmunni ifodalaydi.
Ichki dengiz (mare internum – lot.) – tellurokratik quruqlik hududining ichki qismida joylashgan va shunday o‘rnashuv tufayli strategik yoki madaniy chegara bo‘lib hisoblanmaydigan suv hududlarini ifodalovchi atama.
Ichki okean – ichki dengiz singari, ammo sayyoraviy miqyosda ichki suv hududini anglatuvchi «Oraliq okean» kabi atama.
Ichki yarimoy (yoki qit’aviy yarimoy yoki rimland) – Makinder tomonidan ilgari surilgan atama bo‘lib, «tashqi yarimoy» va «o‘q hudud» orasida joylashgan Evroosiyoning qirqoq hududlarini ifodalaydi.