Shuning uchun 2019 yildan boshlab tarmoqda davlat-xususiy sheriklik boʻyicha
investorlar bilan hamkorlikda ishlashni boshlaymiz.
Uy-joy mulkdorlari shirkatlarida maʼmuriy xarajatlarni
kamaytirish uchun
professional boshqaruv kompaniyalari faoliyatini qoʻllab-quvvatlash kerak.
Kelgusi yilda aholini markazlashgan tarmoqlar orqali toza ichimlik suvi bilan
taʼminlash darajasini hozirgi 65 foizdan 75 foizga yetkazishimiz lozim.
Vazirlar Mahkamasi ikki oy muddatda ichimlik suvi taʼminoti
va kanalizatsiya
tizimini rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar ishlab chiqishi zarur.
Yettinchidan, jamiyatda sogʻlom turmush tarzini qaror toptirish, jismoniy
tarbiya va sportni yanada ommalashtirish yana bir dolzarb vazifadir.
Sportni jadal rivojlantirish, xalqaro musobaqalarda
yuksak natijalarga erishgan
sportchilarni ragʻbatlantirish va qoʻllab-quvvatlashga bundan buyon ham katta
ahamiyat beramiz.
Yosh avlodimiz oʻrtasida sportni ommalashtirish
maqsadida eng chekka
tumanlarda ham bolalar va oʻsmirlar sport maktablarini tashkil etamiz.
2020 yilda Tokioda oʻtkaziladigan yozgi Olimpiadaga puxta tayyorgarlikni
hozirdan boshlashimiz lozim.
Yana bir muhim masala – mamlakatimizda qishki sport turlari boʻyicha
xalqaro
talablar darajasida sportchilar tayyorlash samarali tizimini yaratish kerak.
Poytaxtimizda barpo etilayotgan “Humo” muz sporti saroyi, shuningdek, yaqinda
Toshkent viloyatining Amirsoy dam olish maskanida ishga tushiriladigan
zamonaviy majmua ham ayni shu maqsadlarga xizmat qiladi.
Afsuski, hozirga qadar yurtimizda Olimpiya yoki Osiyo oʻyinlari kabi nufuzli sport
musobaqalari oʻtkazilmagan.
Shu bois yaxshi niyat bilan kelgusida yozgi Osiyo oʻyinlaridan
biriga mezbonlik
qilish boʻyicha istiqbolli reja ishlab chiqishni boshlashimiz kerak.
Vazirlar Mahkamasiga uch oy muddatda bu masala boʻyicha tegishli dastur
loyihasini tayyorlash topshiriladi.