Hujum va himoya texnikasining tasniflanishi. Hujum o`yini texnikasi: To`pni egallagan hujumchi butun vujudi bilan raqiblar darvozasiga to`p kiritishga intiladi. Raqiblarning qarama-qarshiligini faqat maxsus usullar yordamida yengishi mumkin.
O`yin texnikasining bu qismiga to`pni ilish, ushlash, to`pni yerga urib olib yurish va egallab olish, chalg`itish (fint) va to`siq (zaslon) qo`yish usullari kiradi.
To`pni ilish. Bu to`pni egallashga imkon beruvchi usul. To`pni bir va ikki qo`llab ilish mumkin. To`pni ikki qo`llab ilishda qo`llarning panjalari bir-biriga yaqinlashtirilib, voronkasimon chuqurlik hosil qilinadi, barmoqlar to`pga tekkanidan so`ng, uchib kelgan to`p tezligini pasaytirish uchun qo`llar bukiladi.
To`pni bir qo`lda ilish juda murakkab. Ilish va keyingi qo`lni silkitish ko`pincha bunday holatda tutash harakatni tashkil etadi.
To`p bilan muvaffaqiyatli harakat qilish uchun uni to`g`ri ushlash lozim. Agar o`yinchi uni ikki qo`llab ushlasa, to`p yaxshi nazorat qilinadi. Lekin to`pni bir qo`llab yuqoridan yoki ochiq kaft bilan ham ushlash mumkin. Faqat bu holda to`pni qattiq siqib ushlamaslik lozim, chunki bu qo`lning panja bo`g`imlari qotishiga olib keladi.
To`pni uzatish asosiy texnik usul hisoblanadi. To`p uzatish ko`p usullar yordamida, ayniqsa, boshqalarga qaraganda ko`proq yuqoridan va qo`l panjalari yordamida bajariladi. Uzatish texnikasining bajarilishi to`p otish usulida ham farq qiladi.
Qo`llarni tirsak qismida bukgan holda yuqoridan to`pni uzatish – gandbolda to`p uzatishning asosiy usulidir.
Keyingi vaqtlarda yashirin holda - orqadan, bosh ortidan, oyoqlar orasidan to`p uzatish ko`proq ahamiyatga ega bo`lmoqda. To`p uzatish panjalarning faol ishlashi natijasida bajariladi. Qo`l panjalari yordamida uzatilgan to`p aniqlik va tezlikdan yutadi.
To`pni yerga urib olib yurish. Bu usul bir joyda turganda, ko`proq yurganda, yugurganda bajarilib, gandbol o`yinchisining harakat qilishda qo`llaniladigan asosiy usullaridan hisoblanadi. To`pni yerdan har-xil: yuqoriroq va pastroq sapchitib turib yurish mumkin. Bu usulda gandbol o`yinchisi maydondan sapchib ketayotgan to`pni pastga tushirib va keng yoyilgan barmoqlari bilan kutib oladi. U qo`lini bukib, to`pni bir oz yuqoriga uzatadi, so`ng uni yana maydonga malum burchak bo`yicha keskin itaradi. Bunda oyoqlar bukilgan, gavda bir oz egilgan, bosh to`g`ri tutilgan bo`lishi kerak.
To`pni yerga urib olib yurish to`g`ri chiziq, yoysimon chiziq va doira bo`ylab har xil yo`nalishlarda bajarilishi mumkin. Yo`nalishni, tezlikni, sapchish balandligini o`zgartirib hamda to`pga qaramasdan yerga urib olib yurishlar hozirgi zamon gandbol o`yinida katta ahamiyatga ega bo`lmoqda.
To`pni otish. Otish natijasi bir qator sharoitlarga bog`liq, shular orasida muhimi raqiblarga kutilmagan vaziyatda otish yo`nalishini va usulini o`zgartirishdir.
To`pni ko`zlagan joyga yo`naltirishda, ayniqsa, tezlik muhim rol o`ynaydi uning kuchi tezligiga bog`liq.
To`p otish texnikasini bajarishda uning inersiyasi va vaznini hisobga olish zarur, to`p otayotgan qo`lning keng amplitudadagi harakati mushaklar qisqarishiga va gavdadagi barcha mushaklarning qisqarishiga qulay sharoit yaratadi. Lekin o`yinda birnecha qadamdan so`ng, keng amplitudada qo`lni silkitib to`p otishni qo`llash anchagina mushkul. Shuning uchun o`yinchilar va murabbiylarning ijodiy izlanishdan maqsadi tez otish texnikasini (harakatni tezlashtirib, to`pilgandan so`ng darrov sakrab va hokazo) yaratishga qaratilgan.
Darvozaga to`p otish joydan, yurib kelib, sakrab va tayangan holatda bajariladi.
Eng ko`p tarqalgan usul-harakatda yuqoridan qo`lni bukib to`p otishdir. Qo`llarni silkitish natijasida to`pni otish holati o`zgaradi. To`p otish boshning orqa tomonidan, yelka ustidan yoki yon tomondan bo`lishi mumkin. Bu vujudga kelgan holat va texnikani bajarish xususiyatiga qarab aniqlanadi.
Harakatda qo`lni yuqorida bukib to`p otish uch xil vaziyatda bajariladi:
chalishtirma qadamlardan (krest qadamlar) so`ng otish, chalishtirma qadamlarsiz otish va to`xtab otish.
Chalishtirma qadamlardan so`ng o`yinchi yugurib kelib sakrab to`p otishi yoki ruxsat etilgan uchqadam qoidasidan foydalanishi mumkin. Agar o`yinchi to`pni o`ng qo`li bilan otmoqchi bo`lsa, birinchi qadamni chap oyoq bilan boshlaydi, bu holda ikkinchi qadamini qo`yishda shu oyoq kaftining ichki tomonini yugura boshlagan tarafiga qarab qo`yadi. Shu holda to`p ushlagan qo`l to`g`rilanib, boshning orqa tomoniga o`tkaziladi va gavdaning yon tomoni darvozaga qaratiladi. To`p bilan bo`lgan qo`lga qarama-qarshi oyoqga tayanilgandan so`ng to`p otish harakati boshlanadi; bu holda gavdaning og`irligi oldinga o`tkazilib, darvoza tomon buriladi va to`p ushlagan qo`l bukilib oldinga qarab tezlanish harakatini boshlaydi. Shuni hisobga olish kerakki, qo`l harakati davomida tirsak panjalardan oldinda bo`lmog`i kerak. To`pni qo`ldan chiqarishda vujudga keladigan kaft va bilak silkitilishi, keyinchalik gavdaning yuqori qismlariga nisbatan pastki qismlarini to`xtatishga olib keladi.
Yuqoridan qo`lni bukib to`p otish qo`lni tez siltash yordamida bajariladi. Birinchi oldinga qo`yilgan oyoqqa qarama-qarshi qo`l to`p bilan orqaga suriladi va keyingi qadamda gavdaning yuqori qismi bilan birga siltanadigan qo`l oxirgi chegarasigacha orqa tarafga burilishi kerak. Keyingi qadamni qo`yishda gavda darvoza tomon burilib, tezlik bilan oldinga egiladi va to`pni qo`ldan chiqaradi. Bu usulning farqi shundaki, to`p otish bir oyoq qatayangan holda bajariladi.
Yuqoridan qo`lni bukib to`xtab, to`p otish – bu eng tez otish usulidir. Bu yerda dastlabki zaruriyat to`pni sakrab ilish hisoblanadi, bunda to`p otayotgan o`yinchi qo`lini siltashni boshlashi mumkin. Bu holda o`yinchi avval o`ng oyog`ini, so`ng chap oyog`ini bosadi, tovon esa harakatning to`xtashini ta`min etish uchun xizmat qiladi.
To`p otayotgan o`yinchi qadam qo`yishda gavdaning og`irligini darhol oldingi oyoqqa o`tkazadi va gavdani darvoza tomon burib, qo`l tirsagini bukkan holda to`pni keskin oldinga yuboradi.
Qo`lni yuqorida bukib, sakrab (yuqoriga) to`p otish uzoq masofadan (10-12 m) darvozaga hujum qilishda qo`llaniladi. Qo`lni siltash va to`pni qo`ldan chiqarish havoda bajariladi. Depsinish keyinchalik oyoqda bajarilishi kerak. To`p otayotgan o`yinchi to`p ushlagan qo`lini orqa tomonga yuborib, to`psiz qo`lini oldinga chiqaradi, gavdaning yuqori qismini otayotgan tomonga burib, depsinishdan bo`sh oyog`ini bukishi lozim.
To`pni darvozaga otish o`yinchining sakragandan keyingi parvozining eng yuqori nuqtasida, ko`krak darvoza tomon burilib, oyoqlarning orasi keng ochilib bajariladi.
Ba`zan qo`lning aylanma harakatini (oldinga, pastga, orqaga) sekinlashtirgan va ularni ikki tomonga yozgan holatida himoyachilar tomonidan qo`yilgan to`siq yonidan to`p otishga ijozat beriladi.
O`yinda yiqilib otish zaruriyati tez-tez vujudga keladi. Bu to`p otayotgan o`yinchiga himoyachilardan qutulish, yo bo`lmasa o`zi bilan darvoza orasidagi masofani yaqinlashtirish imkonini beradi.
To`pni tayangan holda yiqilib darvozaga otish sakrab-yiqilib darvozaga to`p otishdan farq qiladi. Birinchisi bekik vaziyatdan hujum boshlashda qo`llanilib, ikkinchisi oltimetrlik chiziqdan hujum qilishda ishlatiladi.
Darvozaga bunday xilma-xil usulda to`p otish muvozanat saqlash munosabatida anchagina murakkabdir, chunki o`yinchi to`pni muvozanatini yo`qotgan holda darvozaga otadi. Boz ustiga, o`yinchi yiqilishining yo`nalishi har xil – oldinga va yontaraflarga bo`lishi mumkin.
Yuqorida qo`lni bukkan holda yon tarafga egilib va yiqilib to`p otish bekik vaziyatda hujum qilishga imkon beradi.
Yon tomonga egilib to`p otish bir yoki ikki oyoqqa tayangan holda bajariladi. Himoyachi qo`llari bilan yon tomonidan qo`ygan to`siqdan qutulish uchun hujumchi to`p otishni bajarishda gavdasini to`psiz qo`li tomonga egib, to`pni boshi ustidan va himoyachilar qo`llari yonidan darvozaga yo`naltiradi.
Yon tarafga yiqilib to`p otish. Bu usulni o`yinchi to`p otish vaqtida himoyachidan uzoqroq ketish imkoniyatini yaratish uchun qo`llaydi. Bunga “yolg`on” to`p otishda qo`llaniladigan fintlar yordam beradi. Hujumchi chalg`itishdan so`ng oldinga bir qadam qo`yib, tayanch oyoqlarini himoyachi oyog`ini darvozaga to`p otayotgan tomonga yaqinroq qo`yishi kerak. Shundan so`ng gavda og`irligi oldingi egilgan oyoqqa o`tkaziladi. Gavda yon tomoni bilan darvoza tarafiga buriladi, to`p bilan bo`lgan qo`l esa to`p otishning oxirgi holatiga ko`tariladi. O`yinchi tayanch bo`lmagan bo`sh oyog`ini oldinga ko`tarib, bo`sh qo`l tomon egiladi va himoyachi belidan sirpanganga o`xshab yiqiladi. U gorizontal holatga yaqinlashganda, darvoza tomonga ko`kragini qaratib, to`pni boshining orqasidan darvozaning ko`zlangan joyiga yuboradi, so`ng bo`sh qo`lini yerga tekkizib yiqiladi.
Bunday to`p otish usulini to`p otayotgan qo`l tomondan ham bajarish mumkin, lekin bunday holatda tayanch oyoq ish bajarayotgan qo`l tarafdagi oyoq bo`lishi kerak.
Yuqorida qo`lni bukib, sakrab, yon tomonga egilgan holda yiqilib to`p otish usulidan asosan chiziq bo`ylab va burchakdan hujum qiladigan o`yinchilar foydalanadilar. O`yinchi to`pni ikki qo`l bilan egallab, tez olti metrli chiziqqa yaqinlashadi, tayanch oyoq kaftlarini shu chiziqqa parallel qo`yib “zonaga” sakraydi va to`pni havoda to`p otadigan qo`lga o`tkazib, darvozaga otadi. To`p ushlagan qo`l tomondagi oyoq bilan depsinganda, yiqilish shu tarafga bajariladi va o`yinchi yerga depsingan oyoqda, keyin qo`llarga tushadi; boshqa oyoq bilan depsinganda esa oldin bo`sh qo`lga va keyin depsinishdan bo`sh oyoqqa tushadi. O`yinchi yelkalari orqali aylanib o`rnidan turadi.
Qo`lni yozib, yon tomondan to`p otish – bekik vaziyatda ko`p qo`llaniladigan usullardan biridir. Uni bel, son, tizza balandligida bajarish mumkin. Siltash yuqoridan to`p otishdagiday bajariladi. Chalishtirma harakat qilgandan so`ng o`yinchi to`p otishning dastlabki holatiga keladi: oyoqlar keng qo`yilgan, qo`l to`p bilan orqa tomonga o`tkazilgan, gavda darvozaga yon tomon bilan burilib, to`p otadigan qo`l tomon egilgan bo`lishi kerak. Shundan keyin gavdaning og`irligi oldinda turgan oyoqqa o`tkaziladi, ko`krak darvoza tomon buriladi, qo`l tirsak bo`g`inida bukilib, maydonga parallel oldinga cho`ziladi. Keyinchalik qo`l silkitish harakati tufayli to`g`rilanadi, unga yelka harakati qo`shilib, to`p darvozaga yuboriladi.
Himoyachidan to`pni uzoqroq olib ketish uchun, o`yinchining oldingi tayanch oyog`ini, himoyachi oyog`ini sirtqi tomoniga qo`yishi maqsadga muvofiqdir (odatda o`ng tarafga).
Gavdaning yuqori qismini burish yordamida qo`lni bukmasdan to`g`ri to`p otishni bajarish mumkin. To`p ushlagan qo`l tomonidagi oyoq bilan depsinish himoyachilardan to`pni yanada uzoqroq olib ketishga imkon beradi. Ko`pincha bunday to`p otishlar yuqoriga va yon tomonga sakragan holda bajariladi. Balandga sakrab, odatdagiday yuqoridan to`p otmoqchidan harakat qilgan hujumchi oxirida to`p otayotgan qo`li harakatini o`zgartirib, to`pni yuqoridan emas, balki himoyachilar gavdasi yoki qo`llari bilan qo`ygan to`siqlar yonidan darvozaga yuboradi.
Darvozadan qaytgan to`pni qayta urish. Darvoza ustunlariga urilib yoki darvozabondan qaytgan to`pni bir yoki ikki qo`llab darvozaga otish mumkin. Bu harakat sakrab, keyin esa yiqilgan holda bajariladi.
Keyingi vaqtlarda darvozabonning to`p otayotgan o`yinchiga peshvoz chiqishi amalda ko`p qo`llanilmoqda. Bunday holatda, depsinib, yuqoridan baland traektoriyada to`p otishlar (darvozabon ustidan oshirib) ma`lum bo`lishicha, juda sermahsul hisoblanadi. To`p otishning bajarilishi odatdagi usulda boshlanib, oxirida esa to`pning traektoriyasi o`zgartiriladi.
To`pni yerga urib sapchitib otish – darvozabonlar uchun eng murakkab to`p otishdir. Ayniqsa, otgandan so`ng sapchib aylanib, o`z traektoriyasini o`zgartiradigan to`pni olish darvozabonlar uchun juda katta qiyinchilik tug`diradi. Odatda, bu usul burchakdan hujum qilish paytida qo`llaniladi. To`pni otilish joyiga qarab o`ngga yoki chapga aylantirib otish mumkin. To`pni aylantirishga bilak va kaftning tezkor harakatlari va barmoqlarning faolligi tufayli erishiladi.
Chalg`itishlar (fint). Bu usulni to`psiz va to`p bilan bajarish mumkin. To`psiz chalg`itishlardan ko`proq uni qarshiliksiz qabul qilish uchun himoyachilarning yaqinida turganda ta`qibdan qutilish maqsadida foydalaniladi. To`p bilan chalg`itishlar uzatishni, otishni yoki yerga urib yurishni qarshiliksiz bajarish uchun qo`llaniladi.
Chalg`itishlar murakkab harakatlar yordamida bajariladi, hammasidan ko`proq bir-biriga bog`liq bo`lgan bosqich (faza): anchagina sekin chalg`itish harakati texnik usulining qulay paytida qo`llanilishi va tez asosiy usulni amalga oshirishga bog`liqdir.
Ikki va undan ortiq usullardan tashkil topgan chalg`itishlar ikki turga bo`linadi: oddiy va murakkab. Bir harakatdan ikkinchi harakatga o`tishda qancha kam vaqt sarflansa, raqibni aldab o`tishga shuncha imkoniyat yaratiladi.
To`pni uzatishda usullarni o`zgartirib to`p yo`nalishini va to`p uzatishda to`xtab qolish paytlarida chalg`itishlar qo`llaniladi. Eng ko`p tarqalgan chalg`itishbu to`pni otmoqchi bo`lib, so`ng to`pni uzatishdir (bosh orqasidan, orqa va yon tomondan).
To`p otishda to`pni uzatayotganday harakat qilish yoki bir usulda to`p otmoqchi bo`lib, ikkinchi usuldan foydalanish, sakrab to`p otmoqchi bo`lib, yerga tushib, himoyachini aldab o`tish juda foydalidir.
Chalg`itishlarni, ayniqsa, himoyachini aldab o`tishda qo`llash muhimdir. Bu bir va ikki qadamli harakat bo`lishi mumkin. Chalg`itish sifatida qadam qo`yish, hamla qilish va to`p uzatishlardan foydalaniladi.
To`siq-bu hujumchilarning himoyachilar panohidan qutulishi uchun qo`llaniladigan foydali vosita. Gandbol o`yinida to`siqlar yakka holda va o`yinchilar guruhi tomonidan qo`yilishi mumkin.
Guruh bo`lib to`siq qo`yish 9 metrli erkin to`p tashlash chizig`idan to`p otishda qo`llaniladi, bu bir necha hujumchining bir-biriga yaqinturib, to`p egallamoqchi bo`lgan hujumchiga peshvoz chiqayotgan himoyachilar yo`lini to`sishdan iboratdir.
Maydonda harakat qilish texnikasini o`rgatishda avval har bir usul alohida o`rgatilib (yugurish, sakrash, to`xtashlar), keyinchalik ular qo`shib o`rgatiladi. Ma`lum bir usulni uzoq vaqt o`rgatish mumkin emas. Bir usulning tuzilmasi o`rgatilgandan so`ng, darhol boshqa usulni o`rgatishga kirishiladi va o`rganilgan usullar bir-biriga bog`lanib, har xil “kombinatsiya”larda qo`llaniladi.
Yugurish quyidagi ko`rsatilgan tartibda: oddiy, tezlikni o`zgartirib, yo`nalishni o`zgartirib, qadamlarni chalishtirib, har xil sapchishlar yordamida o`rgatiladi.
To`xtashlar. Tez yurib, sekin yugurib, tezlanishda avvalo bir oyoqda, so`ng ikki oyoqda to`xtashlar o`rgatiladi. Shug`ullanuvchining ikki oyoqda yurib, to`xtagandan so`ng muvozanat saqlash uchun tana vaznini to`g`ri taqsimlashi o`rgatuvchi tomonidan nazorat qilinadi. To`xtagandan so`ng yana har xil yo`nalishda harakat qilishga kirishiladi.
Sakrash. Joydan va yugurib kelib avval ikki oyoqda, keyin bir oyoqda sakrash o`rgatiladi. Shu holda oyoqlarni to`g`ri qo`yish, balandga yoki uzunlikka sakraganda oyoqlarni bukish va yerga tushish to`g`ri bajarilishiga diqqatni jalb etish zarur.
Gandbolchi barcha harakat usullarini o`yinda qo`llaydi. Maydonda harakat qilish texnikasini takomillashtirish uchun quyidagi mashqlardan foydalanish tavsiya etiladi:
Belgilangan aniq mo`ljalga tezlanib yugurish va dastlabki holatga qaytish.
O`tirib, yotib va boshqa har xil dastlabki holatdan tez yugurish.
Bir va ikki oyoqlab to`siqlardan sakrab, yugurish.
Yugurish bilan sakrashlarni galma-gal bajarish.
Bir necha mo`ljallangan belgilarda birin-ketin to`xtab yugurish.
To`siqlarni aylanib o`tib yugurish.
Har xil jismlarni bir joydan ikkinchi joyga ko`chirib yugurish.
Ushbu mashqlarni estafeta tariqasida o`tkazish mumkin.