Futbol o`yini texnikasining tasnifi. Futbol texnikasining tasnifi texnik usullarni umumiy (yoki o`xshash) o`ziga xos belgilariga qarab guruhlarga bo`lishdan iborat.
O`yin faoliyati ifodalanishiga qarab futbol texnikasi ikkita yirik bo`limga ajratiladi: maydon o`yinchisi texnikasi va darvozabon texnikasi. Har qaysi bo`lim esa harakatlanish texnikasi va to`pni boshqarish texnikasi bo`limchalariga taqsimlanadi. Kichik bo`limlar turli usullarda ijro etiladigan muayyan texnik usullardan: harakatlanish texnikasi usullari va usullaridan iborat. Ulardan maydon o`yinchilari va darvozabon foydalanadi. Ammo ayrim usul va usullar o`zining muayyan turlariga ega. Usul va turlarda harakatning asosiy mexanizmi umumiy bo`lib, detallardagina farq bo`ladi. Har xil usul va turlarni ijro etish shartlari futbol texnikasini yanada jozibadorligini oshiradi.
Futbol texnikasining tasnifi 47-rasmda ko`rsatilgan. O`rganilayotgan materialni tizimlashtirish usul, usul turlarini tuzukroq tushunishga, ularni to`g`ri tahlil qilishga, olingan bilimlarni takomillashtirish vazifalarini muvafaqqiyatli hal qilishga yordam beradi.
Futbol texnikasining ifodalanishi maydon o`yinchisi va darvozabon uchun umumiy kichik bo`lim bo`lgan harakatlanish texnikasidan boshlanadi.
Harakatlanish texnikasi quyidagi usullar guruhini o`z ichiga oladi:
yugurish, sakrash, to`xtash, burilish. Harakatlanish texnikasining tasnifi 36-rasmda ko`rsatilgan.
O`yin vaqtida harakatlanish texnikasi usullaridan xilma-xil tarzda qo`shib foydalaniladi. Masalan, futbolchining harakatlanish tezligi nihoyatda xilma-xil: sekin yurishdan boshlab, startdagi tezlanishni maksimal tezlikka qadar ko`tarish mumkin, yugurish maromi va yo`nalishi qo`qqisdan o`zgarib turadi. Yugurishning xilma-xil usullarini sakrash, to`xtash, burilish bilan birga qo`shib olib borish futbolchining harakatlanishiga xos xususiyat hisoblanadi.
Harakatlanish texnikasining usullari maydon o`yinchilari va darvozabonning to`pni boshqarish san`ati bilan chambarchas bog`liq. Harakatlanish texnikasi usullarini keragicha hamda kompleks tarzda qo`llash ko`p taktik vazifalarni (to`p olish uchun ochilish va raqibni chalg`itish, pozitsiya tanlash, o`yinchini to`sib olish va h.k.) samarali hal qilish imkonini beradi.
Yugurish. Futboldagi asosiy harakatlanish vositasi yugurishdir. To`pni boshqarmayotgan futbolchilar yugurish yordamida maydonda turlicha joylashib oladilar. Bundan tashqari, yugurish tarkibiy qism sifatida to`pni boshqarish texnikasiga ham kiradi.
Futbolda yugurishning quyidagi usullari qo`llaniladi: oddiy yugurish, tisarilib yugurish, chalishtirma qadam tashlab yugurish, juftlama qadam tashlab yugurish.
Oddiy yugurishdan asosan to`g`riga borayotgan o`yinchilar bo`sh joyga chiqish raqibni quvish va hokazolarda foydalanadi. Harakat tizimi ham (bir oyoqqa tayanish va havoda uchish fazalariga bo`linishi) tuzilishi ham yengil atletika yugurishidan farq qilmagani uchun uni oddiy yugurish deyiladi. Qadam uzunligi, chastotasi va ritmida farq bor, xolos. Yugurishda qadam uzunligi sprinterlarda 22,2 m ga teng bo`lsa, katta yoshli futbolchilarda o`rtacha 1,3-1,5 m ga teng.
Qadamlar chastotasi sprinterlarda sekundiga 4-4,5 qadamga teng.