Sakrashlar. To`xtash va burilish usullarining ba`zilarini ijro etishda sakrashdan foydalaniladi. Sakrash zarba berishning ayrim usullari, to`pni oyoqda, ko`krakda, bosh bilan to`xtatib qolish va ba`zi fintlar texnikasining qismiga kiradi. O`yindan oldin, yon tomonlarga, yuqoriga hamda shularga yaqin yo`nalishlarda sakraladi. O`yindagi vaziyat ko`pincha maksimal baland yoki maksimal uzun sakrashni talab qilmaydi. Bunda sakrashning samaradorligi futbolchining koordinatsion qobiliyati bilan belgilanib, futbolchi turli dastlabki holatlardan fazo, vaqt va kuch xarakteristikalari optimal bo`lgan harakatlar qilishi kerak bo`ladi.
Barcha xil sakrashlarda depsinish, havoda uchish va yerga tushish fazalari bo`ladi.
Sakrashning ikki xil usuli bor: bir oyoqda depsinib sakrash va ikki oyoqda depsinib sakrash.
Bir oyoqda depsinib sakrash oldinga, yon tomonlarga, yuqoriga bajariladi. Bunday sakrashda faol depsinib, ikkinchi oyoqni silkitib, gavda og`irlik markazining o`qi sakrash tomonga o`tkaziladi. Sakrashning traektoriyasi va kuchi o`yindagi vaziyatga bog`liq. Bir oyoqda yoki ikki oyoqda yerga tushiladi. Qisqa masofali, qattiq amortizatsiya keyingi harakatlarga tezroq va samaraliroq o`tish imkonini beradi. Og`irlik markazi o`qining proektsiyasi tayanch yuzasining chegarasida yoki undan tashqarida bo`lishi ham shunga yordam beradi.
Sakrab to`pga bosh bilan urganda urayotganda, ko`pincha maksimal baland ko`tarilish kerak bo`ladi. Bunda yugurib kelib depsinadigan oyoqni taqqa to`xtaydigan qilib (tayanchga nisbatan burchak hosil qilib) qo`yish yordam beradi. Sal cho`nqaygandan keyin yuqoriga yoki yuqorilab-oldinga tomon faol depsinish kerak bo`ladi, bunda qo`llarni ko`krak baravar silkitib ko`tarish depsinishning samarasini oshiradi.
Ikki oyoqda depsinib sakrash. Bunday usul bilan oldinga, oldinlab yon tomonga va oraliq yo`nalishlarda sakraladi.
Turgan joydan sakraganda o`yinchi depsinish oldidan tezda salgina cho`nqayadi. Oyoqlarni faol to`g`rilash bilan birga gavda og`irlik markazining o`q sakrash tomoniga o`tkaziladi va qo`llar silkitiladi. Yugurib kelib sakrayotganda so`nggi qadamda bir oyoqni taqqa to`xtaydigan qilib qo`yiladi. Cho`nqayish paytida ikkinchi oyoq birinchisi bilan tezgina juftlanadi. Depsinishda havoda uchish va yerga tushish fazalari turgan joydan sakragandagi kabi bo`ladi.