Dastlabki faza - yugurib kelish. Yugurib kelishning uzun-qisqaligi, uning tezligi futbolchining individual xususiyatlari va taktik vazifalariga qarab belgilanadi. Biroq har vaqt yugurib kelayotganda, to`pni oldindan o`ylab qo`yilgan oyoq bilan tepadigan qilib mo`ljal olish kerak. Bunga eng so`nggidan bitta oldingi qadamni qisqartirib yoki uzaytirib erishsa bo`ladi. Yugurish qadamlarining o`rtacha uzunligi katta yoshli futbolchilarda 130-150 sm ga teng bo`ladi.
Yugurib kelish zarba beruvchi bo`g`inlar tezligini oldindan oshirib olishga yordam beradi.
Tayyorlanish fazasi – zarba beruvchi oyoqni orqaga silkish va tayanch oyoqni yerga qo`yish. Yugurishning so`nggi qadami vaqtida ortki depsinishdan keyin juda muhim kichik faza ijro etiladi. Sonni anchagina, ba`zan esa maksimal darajada orqaga tortib tizzani bukish pirovardida keraklicha kuch bilan tepish imkonini beradi, chunki bunda oyoqning to`pgacha yetib keladigan yo`li uzayadi va sonning oldingi yuzasi mushaklari tarang tortiladi. Bundan tashqari, son anchagina orqaga tortilganda, harakatlantiruvchi mushaklarning hammasi ham cho`ziladi va keyingi bukish harakatida ishtirok etadi. Bularning hammasi harakat oxirida katta tezlikka erishish imkonini beradi.
Zarba beruvchi oyoqni orqaga tortishni to`g`ri bajarish uchun yugurib kelishda so`nggi qadamni sal uzaytirish kerak. Bu qadam, odatda, boshqalaridan 35-45% uzun bo`lib, 200-250 sm ni tashkil etadi. Tayanch oyoq to`pdan o`ng yoki sal tomonga qo`yiladi.
Ishchi faza - zarba berish harakati va surib borish. Zarba berish harakati tayanch oyoqni yerga qo`yish paytida sonni olg`a tomon faol bukishdan boshlanadi. Bunda son bilan bukilgan boldir orasida hosil bo`lgan burchak saqlanib turadi. Boldir bilan oyoq kaftining son harakatidan orqaroqda qolishi butun oyoqning og`irlik markazini tos-son bo`g`imi tomon yaqinlashtiradi, bu esa oyoqning aylanish teziligini oshirishga olib keladi. Zarba berish oldidan son sal tormozlanadi. Bunga sabab oyoqning massasi kichikroq qismi tezligini oshirish uchun unga kattaroq massali bo`g`indagi harakat miqdorini asta-sekin o`tkazib berish kerakligidir. To`pga boldir bilan oyoq kaftini shiddatli qilichdek harakatlantirib zarba beriladi.
Zarba berish paytida oyoqning to`piq bilan tizza bo`g`imini qotirib tutish kerak. Zarba beruvchi oyoqning qattiq richagga» aylanishi zarba beruvchi bo`g`im massasini ko`paytirish imkonini beradi.
Zarba paytidagi o`zaro ta`sir boshlanishida oyoqning to`pga tekkan joyi to`pning shaklini o`zgartiradi – deformatsiyalaydi. Oyoq bilan to`pning birgalikda surilish tezligi nolga tenglashguncha to`p qisila boradi. Keyin elastik kuchlar to`p shaklini tiklaydi-da, to`pning tezligi muayyan miqdorga qadar keskin ortadi. Bu tezlik zarba berayotgan oyoqning zarba boshidagi tezligidan sal kamroq bo`ladi. Energiyaning bir qismi sarflangandan qolgan deformatsiyaga va qizdirishga ketadi.
Yakunlovchi faza - keyingi harakatni boshlash uchun dastlabki holatga o`tish. Zarba berilgandan keyin oyoq yuqorilab, olg`a tomon harakatda davom etadi. Zarba paytida tayanch sathi ustida bo`lgan gavdaning og`irlik markazi o`qi oyoq harakati tomonga ko`chadi.
Shu tariqa keyingi harakatlar uchun eng yaxshi sharoit vujudga keladi.
Oyoq bilan to`p tepishning ko`p usullariga bu singari harakat tuzilmasi xosdir. Yuqorida bayon etilgan talablarga qat`iy rioya qilish turli usullarda anchagina kuch bilan to`p tepish imkonini beradi. Biroq taktik mulohazalar ko`pincha harakat fazalarini bajarish vaqtini qisqartirish, amplituda va mushaklar kuchayishini kamaytirishni taqozo etadi. Bundan tashqari, to`p tepishning bir qancha usullari texnikasida ba`zi spetsifik xususiyatlar ham bor. To`pni to`xtatish
To`pni to`xtatish to`pni qabul qilish va egallash vositasi bo`lib xizmat qiladi. To`xtatishdan maqsad keyingi kerakli harakatlarni amalga oshirish uchun dumalab yoki uchib kelayotgan to`pning tezligini so`ndirishdan iborat. “To`pni to`xtatish” terminini ba`zida “to`pni moslash”, “to`pni qabul qilish” deb yuritiladigan ma`noda tushunish kerak bo`ladi. Shuning uchun to`pni to`xtatish usullarini ko`rib chiqayotganda, futbolchining to`pni butunlay to`xtatib olmay, balki uni keyingi harakatlarni bajarish uchun moslab olishini nazarda tutamiz.
To`p oyoq bilan, gavda va kalla bilan to`xtatiladi. To`xtatishlarning tasnifi 50-rasmda berilgan.