To`xtashlar. Harakatlanish texnikasida to`xtashga harakat yo`nalishini o`zgartirishning samarali vositasi deb qaraladi. To`satdan to`xtab qolganda, raqiblarning qayerda, qanday joylashishiga qarab turib to`p bilan ham, to`psiz ham o`sha ketayotgan tomonning o`ziga yoki qarshi tomonga otilib ketiladi, o`ngga yoki chapga qochib qolinadi.
To`xtashda ikki xil usul qo`llaniladi: sakrab to`xtash va tashlanib to`xtash.
Sakrab to`xtashuchun yuqoriga qisqaroq sakrab, siltangan oyoqda yerga tushiladi – bunda turg`unlik bo`lishi uchun shu oyoq sal egiladi. Ammo ko`pincha yerga ikki oyoqlab tushiladi.
Tashlanib to`xtash so`nggi yugurish qadami hisobiga bajariladi. Bunda siltangan oyoqni oldinga uzatib, tovonga tayaniladi-da, keyin oyoqni rostmana yerga qo`yiladi. Tashlanib to`xtash oyoqlarni anchagina bukib, ikki oyoqqa tayanib qolish bilan ifodalanadi.
Barcha xil to`xtashlardan keyin, odatda, turli yo`nalishlarda harakat davom ettiriladi. Shuning uchun to`xtashdagi so`nggi holat keyingi harakatning start holati bo`lishi kerak.
Burilishlar. Burilish yordamida futbolchilar tezlikni minimal kamaytirib, yugurish yo`nalishini o`zgartiradilar. Odatda, turgan joyda burilgandan keyin start harakatlari boshlanadi. Burilish, shuningdek, zarba berish, to`pni to`xtatish, to`pni olib yurish va fintlarning ayrim usullarini bajarish texnikasi tarkibiga ham kiradi.
Burilishning quyidagi usullaridan foydalaniladi: hatlab o`tib burilish, sakrab burilish, tayanch oyoqda burilish. O`yin sharoitiga qarab yon tomonlarga va orqaga burilish mumkin. Burilish turgan joyda ham, harakat paytida ham ijro etilaveradi.
Hatlab o`tib burilganda, qisqa-qisqa 2-3 qadam tashlash hisobiga kerakli yo`nalishga qarab olinadi.
Harakat yo`nalishini to`satdan va tez o`zgartirishda sakrab burilish samaraliroqdir. Bu ish burilish tomonga faol depsinib bajariladi. Silkinadigan oyoqning kafti ham shu tomonga aylantiriladi. Sakrash unchalik baland bo`lmasa ham, to`la-to`kis bajariladi.
Tayanch oyo q da burilishning ikki turi bor. Birinchisini bajarishda burilish yo`nalishidan uzoqdagi oyoqqa tayaniladi. Bunda futbolchi gavda og`irlik markazi o`qining proeksiyasini tayanch sath chegarasidan chiqarib, tayanch oyoq uchida burilish tomonga aylanadi. Ikkinchisida harakat yo`nalishiga yaqin oyoqqa tayaniladi, gavda og`irlik markazining o`qi burilish tomonga ko`chadi. O`tkaziladigan oyoqni ham shu yo`nalishda tayanch oyoqning old tomoniga chalishtirib qo`yiladi. Burilish sal bukilgan tayanch oyoq uchida bajariladi. Maydon o`yinchisining texnikasi Maydon o`yinchisining texnikasi ikkita kichik bo`limdan iborat. Bulardan biri harakatlanish texnikasi bo`lsa, ikkinchisi to`pni boshqarish texnikasidir.
Maydon o`yinchilari harakatlanish texnikasining yuqorida tahlil qilingan xilma-xil usullari, usul va turlarining barchasidan foydalanadilar.
To`pni boshqarish texnikasiga quyidagi usullar guruhi kiradi: zarba berish, to`pni to`xtatish, to`pni olib yurish, aldash harakatlari (fintlar), to`pni olib qo`yish.
Bundan tashqari, qo`lda bajariladigan spetsifik usul – yon chiziqning narigi tomonidan to`pni tashlab berish ham to`pni boshqarish texnikasiga kiradi.
O`yin vaqtida qaysi usulning qancha miqdorda ijro etilishi futbolchilarning o`yindagi funksiyalariga bog`liq. Usullarni ijro etish sifati esa maydon o`yinchilarining hammasida yuksak darajada bo`lishi kerak. To`pga zarba berish To`pga zarba berish futbol o`ynashning asosiy vositasi hisoblanadi. To`pga oyoq bilan va bosh bilan turli usullarda zarba beriladi.
Zarba berishning barcha usullari muayyan maqsadga qaratilgan bo`lib, bu to`pning kerakli trayektoriya bo`ylab harakatlanishi va optimal tezligi bilan xarakterlanadi. To`pning uchish tezligi zarba beruvchi bo`g`in bilan to`pning o`zaro to`qnashgan paytdagi boshlang`ich tezligiga, shuningdek, ular massasining bir-biriga nisbatiga bog`liq. O`zaro ta`sir etuvchi bo`g`inlarning massasi nisbatan muhim bo`lgani sababli to`pning uchish tezligini oshirish uchun zarba beruvchi bo`g`in tezligini oshirishi kerak bo`ladi.
To`pga oyoq bilan zarba berish oyoq kaftining ichki tomoni bilan, oyoq yuzining ichki, o`rta va tashqi qismlari bilan, oyoq uchi bilan, tovon bilan bajariladi. Zarbalar harakatsiz turgan to`pga, shuningdek turli yo`nalishlarda dumalab va uchib kelayotgan to`pga turgan joydan, harakat vaqtida, sakrab turib, burilib, yiqila turib beriladi. Oyoq bilan to`p tepish yo`llari juda xilma-xil bo`lishiga qaramay, ular texnikasini tizimli tuzilishi jihatidan tahlil qilish ko`p usullar uchun umumiy bo`lgan asosiy harakat fazalarini ajratib ko`rsatish imkonini beradi.