Futbol texnikasining raqib bilan bevosita yakkama-yakka kurashda bajariladigan usullar guruhi aldash harakatlarini tashkil etadi. Fintlar raqib qarshiligini yengish va o`yinni davom ettirish uchun qulay sharoit yaratish maqsadida ishlatiladi.
Fintlardan foydalanish hujumda ham, himoyada ham ko`p taktik masalalarni muvaffaqiyatli hal qilish imkonini beradi.
Futbol texnikasida aldash harakatlarining quyidagi asosiy usullari ko`zga tashlanadi: “qocha turib” aldash, “zarba berib” aldash, “to`pni to`xtatib” aldash. Bu fintlarni va ularning turlarini bajarishning xilma-xil usullari bor. Fintlarning tasnifi 63-rasmda berilgan.
Aldash harakatlari texnikasini tahlil qilganda, ikkita umumiy bosqich ajratib ko`rsatiladi. Bulardan biri tayyorlov bosqichi bo`lsa, ikkinchisi asl niyatni amalga oshirish bosqichidir. Aldash harakatlari birinchi bosqichda raqibda qarshilik ko`rsatish uchun javob reaksiyasi uyg`otishga qaratilgan bo`ladi. Shu bosqichdagi harakatning tabiiyligi raqibning javob reaksiyasi qanday bo`lishini belgilab beradi.
52-rasm. Fintlarning tasniflanishi5 Ikkinchi bosqichda aldash harakatiga javoban raqib reaksiyasidan keyin futbolchining asl niyati amalga oshiriladi. O`yindagi vaziyat va taktik mulohazalarga qarab variantlarning ko`p bo`lishi asl niyatni amalga oshirish bosqichiga xos xususiyatdir. Fintlarni bajarishda to`p bilan (olg`a, o`ngga, chapga, orqaga) qochib qolish, to`pni olib qochish, kelayotgan to`pga tegmay sherigiga o`tkazib yuborish hamda shularning birgalikdagi turli variantlari qo`llaniladi.
Aldash harakati birinchi bosqichining tezligi qo`llanilayotgan texnik usulning tayyorlov bosqichini tabiiy qilib bajarish uchun zarur bo`lgan vaqt bilan belgilanadi. Ikkinchi bosqichni bajarish tezligi esa taktik sharoitga bog`liq bo`lib, odatda, maksimumga yaqin bo`ladi.
DARVOZABON O`YIN TEXNIKASI
Davrvozabonning o`yin texnikasi maydon o`yinchisining o`yin texnikasidan tubdan farq qiladi. Bu darvozabonga qoidaga binoan jarima maydoni ichida qo`l bilan to`p o`ynashga ruxsat etilgani bilan bog`liqdir.
Quyidagi usullar guruhi darvozabonning o`yin texnikasiga kiradi: to`pni ilib olish, qaytarish, o`tkazib yuborish va tashlash. O`yinda sheriklar va raqib jamoasi o`yinchilarning qayerda turganiga, shuningdek, to`p harakatining yo`nalishi, trayektoriyasi va tezligiga qarab darvozabon harakatining xilma-xil usullari, usul va turlari qo`llaniladi. Ularning tasnifi 53-rasmda berilgan.